Breaking News

Markaziy Osiyoda namoyishlar tizimli tahlil qilina boshladi

Qozog'istonda yer islohotlariga qarshi namoyishlar, 2016
Qozog'istonda yer islohotlariga qarshi namoyishlar, 2016

AQShdagi yangi tadqiqot markazi - Markaziy Osiyo bo'yicha Oksus jamiyati 28-sentabr kuni e'lon qilgan hisobot mintaqadagi ommaviy protestlarni tahlil qiladi.

Jamiyat hisobicha, joriy yilning fevral oyidan beri, ya'ni koronavirus pandemiyasi davrida, mintaqa bo'ylab kamida 103 namoyish kuzatilgan. Aksariyat hollarda bu norozilik chiqishlari mamlakatlardagi siyosatga nisbatan bo'lgan. Fuqarolar erkinlik yetishmasligi hamda yer va mulk, mehnat sharoiti va ijtimoiy himoya bilan bog'liq muammolardan noligan.

Markaziy Osiyo namoyishlar xatlovi (Central Asia Protest Tracker/CAPT) qayd etishicha, 2018-yilning 1-yanvaridan 2020-yilning 31-avgustiga qadar besh respublikada 981 protest bo'lib o'tgan. 520 tasi Qozog'istonda, 351 tasi Qirg'izistonda, 74 tasi O'zbekistonda, 27 tasi Tojikiston va 9 tasi Turkmanistonda.

Qozog'iston va Qirg'izistonda o'tgan ikki yilda Xitoyga qarshi chiqishlar ham salmoqli sonda kuzatilgan
Qozog'iston va Qirg'izistonda o'tgan ikki yilda Xitoyga qarshi chiqishlar ham salmoqli sonda kuzatilgan

Qozog'istondagi norozilik namoyishlarining yarmidan ko'pi Nursulton Nazarboyev prezidentlikdan ketib, o'rniga Qosim-Jo'mart Tokayev kelgan paytlarga to'g'ri keladi va mana shu o'tish davridagi o'zgarishlarga borib taqaladi.

Qirg'izistonda esa fuqaro asosan adolatsizlikdan shikoyat qilgan. Sobiq prezident Almazbek Atambayevning korrupsiyada ayblanib qamalishi, masalan, ko'plab protestlarga turtki bergan.

O'zbekistonda 2016-yilning kuzida uzoq yillik rahbar Islom Karimov vafotidan keyin namoyishlar ko'proq kuzatila boshlagan. Aksariyat hollarda sabab - mulkning noqonuniy tortib olinishi, yer tortishuvlari, odamlarning yashash joyidan majburan ko'chirilishi va yirik qurilish loyihalariga qarshilik.

Qizig'i, konstruktiv hal etilgan namoyishlar soni va shu bilan birga, zo'ravonlik bilan yakunlangan mitinglar soni bo'yicha O'zbekiston mintaqada birinchi o'rinda.

Tojikiston bozorlarida
Tojikiston bozorlarida

Norozi fuqaroning namoyishga chiqishi eng qiyin muhit Turkmaniston va Tojikistonda. Odamlarning uyushishi, faollarning birgalikda biror tashabbus ustida ishlashiga deyarli yo'l qo'yilmaydi va jamoat joylarida to'planish man etilgan.

Tojikistonda 2018-2019-yillarda namoyishlarning yarmi Pomir tog'li hududida bo'lgan. Markaziy hukumatga qarshilik eng kuchli mintaqa shu, deya ta'kidlaydi mutaxassislar.

Turkmanistonda esa o'tgan ikki yil mobaynida qattiq cheklovlarga qaramasdan namoyish qilgan odamlar oziq-ovqat taqchilligi, nochorlik va qimmatchilikdan noligan.

Qozog'iston va Qirg'izistonda bu davrda Xitoy sarmoya qilgan loyihalar va mintaqaga bu mamlakatdan kelib ishlayotganlarga qarshilik kuchaygan.

Ommaviy so'rovlarda salmoqli sondagi respondentlar Rossiyaga boshqa yirik davlatlarga qaraganda ijobiyroq qarashi, Xitoydan esa ko'proq shubhalanishini aytgan. Qozog'istonda so'ralganlarning 30 foizi, Qirg'izistonda esa 35 foizi Xitoyni yoqtirmasligini bildirgan. Pekinning mintaqadagi roli va unga nisbatan siyosatini qoralab o'tkazilgan namoyishlarning deyarli hammasi shu ikki davlatda kechgan.

Oksus jamiyati protestlar xatlovini internetda chop etilgan xabarlar, xususan, OAV materiallari, ijtimoiy tarmoqlardagi tasvirlar hamda izlanishlarga ko'ra tuzgan.

Bu jadvalda Qozog'istondagi norozilik chiqishlarining eng ko'p inson huquqlari toptalishi bilan bog'liq ekanini ko'rasiz. Keyingi o'rinlarda adolatsizlik, davlat xizmatlari, tirikchilik, koronavirus, yer va mulk, Xitoy, moliyaviy yetishmovchilik, ekologiya va tabiiy boyliklar va boshqa masalalar.

Bu tasvirda esa Qozog'istondagi namoyishlarning aksariyati konstruktiv yakunlangani, 26 foizi esa zo'ravonlik bilan, 26 foizi hech qanday natijasiz tugagani ko'rsatiladi
Bu tasvirda esa Qozog'istondagi namoyishlarning aksariyati konstruktiv yakunlangani, 26 foizi esa zo'ravonlik bilan, 26 foizi hech qanday natijasiz tugagani ko'rsatiladi
Markaziy Osiyoda siyosiy jihatdan boshqa davlatlarga qaraganda nisbatan erkinroq sanaladigan Qirg'izistonda, mana bu tasvirga ko'ra, 31 foiz hollarda norozilik namoyishlari tinch va hamjihatlikda yakun topgan. 41 foizi esa biror konkret natijasiz, 7 foizda zo'ravonlik bilan, 21 foizda esa ehtiyotkorlik bilan, ya'ni qaltis holatda yakunlangan.

Qirg'izistonda, ushbu jadvalga ko'ra, fuqaro asosan adolatsizliklardan nolib ko'chaga chiqqan. Shuningdek, ekologiya va tabiiy boyliklar, mulk va yer, inson huquqlari, tirikchilik, Xitoy va davlat xizmatlari yuzasidan ko'plab demonstratsiyalar kuzatilgan.

Bu jadvalga ko'ra, O'zbekistonda o'tgan ikki yilda norozilik namoyishlari asosan mulk va yer hamda tirikchilik bilan bog'liq masalalar yuzasidan kechganini ko'rasiz.
Bu jadvalga ko'ra, O'zbekistonda o'tgan ikki yilda norozilik namoyishlari asosan mulk va yer hamda tirikchilik bilan bog'liq masalalar yuzasidan kechganini ko'rasiz.

Oksus tadqiqotlari shuni ko'rsatadiki, namoyishlar soni oshgani mamlakatda erkinlik darajasi oshgani bilan bog'liq. Majburan ko'chirilayotgan aholi va mutasaddilar orasidagi janjallarda qon to'kilgan holatlar ham bo'lgan. 2018-yildan beri norozilik chiqishlarida kamida besh kishi o'ziga o't qo'ygan. Qoraqalpog'iston muxtoriyatida ham kechgan protestlarda qatnashganlar elektr va gaz yo'qligi hamda ularga to'lash uchun qurbi yetmay qolganidan shikoyat qilgan.

Bu tasvirga ko'ra, O'zbekistonda norozilik chiqishlari o'tgan ikki yilda 38 foiz hollarda konstruktiv yakunlangan, 28 foiz hollarda biror zararsiz va foydasiz, 20 foiz hollarda ehtiyotkorlik sabab, 14 foiz hollarda esa zo'ravonlik bilan tugagan.

Oksus jamiyati ekspertlari qayd etishicha, namoyishlarni tarqatishda eng ko'p kuch o'tgan ikki yilda Qozog'istonda ishlatilgan. Qolgan mamlakatlarda ham xavfsizlik organlari nazorat mexanizmlarini kengaytirgan, fuqaro xatti-harakati muttasil kontrol ostida, ommaviy chiqishlar yuzasidan yangi chora-tadbirlar tatbiq etilmoqda, masalan, O'zbekistonda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG