Breaking News

Xavfsizlik va erkinlik: Respublikachilar partiyasidan va'dalar


Oq uy, Vashington, 27-avgust, 2020
Oq uy, Vashington, 27-avgust, 2020

Prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlangan Donald Trampga ko'ra, Amerika o'tgan to'rt yilda har doimgidan ham tinch, erkin va farovon yashadi. Kelasi to'rt yil ham shunday bo'ladi, deya va'da qilmoqda u.

Respublikachilar qurultoyida Trampni maqtagan amerikaliklar nazarida xavfsizlikni ta'minlash birlamchi masala, chunki bu yilgi to'polonlarda xususiy mulkka hujum qilindi, buzg'unchilik avj oldi.

“Xonadonimizni vayron qilgan jinoyatchilardan birortasi javobgarlikka tutilmadi. Biz o'zimiz himoya qildik. Lekin buning uchun bizga ayblar qo'yishdi", - deya nolidi Missuri shtatidan Makkloskilar oilasi.

Er-xotin ruxsatnomasiz qurol ishlatganlikda ayblandi.

Tramp va uning tarafdorlari fikricha irqchilikka qarshi norozilik degan bahona bilan jamoatchilik hayotiga tahdid solinmoqda.

Lekin mamlakat bo'ylab irqchilik hollari kuzatilar ekan, politsiyani zulmda ayblayotganlar ham ko'p.

G'azabga to'lgan fuqarolar bizneslarga hujum qilayotgani ham haqiqat. Viskonsin shtatida ikki kishi o'lgan.

Demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden deydiki, politsiya tizimi isloh qilinishi kerak, sistematik irqchilikka barham berilishi lozim. U ham zo'ravonlikni qoralaydi, tinch namoyishlar tarafdori.

Respublikachilar nazarida esa Bayden singari liberallar radikal ruhdagi odamlarni oq tanlilarga qarshi jinoyatlarga undamoqda.

"Ular politsiyani mablag'dan ayirib, butun tizimni barbod qilmoqchi. Politsiyani chaqirish kerak bo'lganida demokratlardan madad kutmang", - deydi Tramp saylov kampaniyasidan Kimberli Guilfoyl.

Qonun va tartib va'da qilib, prezidentlikka saylanganlardan biri respublikachi Richard Nikson bo'lgan. 1960-yillar oxiri, 1970-yillar boshida ham AQShda norozilik namoyishlari keng edi.

Demokratlar nazarida bugungi norozilik va adolatsizliklarda avvalo Prezident Tramp aybdor. Uning siyosati jamiyatni shu holga keltirdi, deydi ular.

"Asos yetarli. Lekin Tramp vaziyatni tuzata olmaydi", - deydi Leyn Erikson, liberal tahlilchi.

Tramp esa zarur bo'lganida kuch ishlatishga tayyor ekanini eslatib turibdi.

Iyun oyida Oq uy oldida namoyishlar avjida chiqar ekan, xavfsizlik xodimlari odamlarni tarqatish uchun turli vositalarni ishga soldi. Oq uy bu vositalar zaharli emas deya qayd etsa-da, norozilik yanada kuchaydi.

Prezident boshqa shaharlarga ham federal kuchlarni safarbar etdi.

Tahlilchi Mett Grossmann deydiki, Tramp xavfsizlikka urg'u berib, irqchilikdan noliydigan qatlamni o'zidan yanada uzoqlashtiradi, qancha va'da bermasin.

Tramp qora tanlilar uchun imkoniyatlar kengaydi deb maqtana olmaydi, chunki prezident qarshi tarafda, deydi ekspert.

Demokratlar nazarida esa Tramp xavfsizlik va adolat haqida bong urib, e'tiborni boshqa muhim masaladan olib qochmoqda, masalan, koronavirus pandemiyasidan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG