Breaking News

32 yillik harakatdan so'ng Jo Bayden nihoyat prezidentlikka nomzod


Oq uy uchun uchinchi bor kurashayotgan Jo Bayden professional siyosatchi. Senatga saylanganida 30 yoshda bo'lgan. Kongressda 35 yillik xizmatdan keyin vitse-prezident bo'ldi. Mana endi, 77 yoshida prezidentlikka rasman nomzod. Bayden davlat rahbari bo'lish uchun ilk marta 1988-yilda harakat qilgan. Uzoqqa bora olmagan. 2008-yilda ham kampaniya olib borgan. Saralash bosqichidan o'ta olmagan. Bu safar prezidentlikka juda yaqin.

"Prezidentlikka tayyorman va bu sharafli lavozimga nomzod sifatida ko'rsatganingiz uchun minnatdorman. Sodiq demokratman, lekin men butun Amerikaning prezidenti bo'lishni xohlayman. Har bir amerikalik manfaati uchun birdek kurashaman", - dedi Bayden.

U Amerikani zulmatdan yorug'lik tomon yetaklashga, to'qimalarga emas, haqiqatga asoslanib, siyosat yuritishga va'da bermoqda.

Demokratlar saylovoldi qurultoyida Baydenni obdon maqtashdi. Davlatni boshqarish uchun hozir eng munosib odam Delaver shtatining sodiq o'g'loni, Amerikaning jafokash farzandi, talablarga har tomonlama javob beradi, deya ko'klarga ko'tarishdi. Saylovoldi tadbirlaridagi tabiiy holat.

Lekin Bayden bu maqtovlar ortida aslida buyuk mas'uliyat turganini tan oladi.

"Amerika o'z muammolarni hal qila oladi va bunga hamisha qodir, lekin biz hozir qiyin ahvoldamiz. G'azabga berilib, umidsizlanish oson. Biroq boshqa yo'lni tanlashimiz kerak. Umidni boy bermay, mehr-muhabbat, ahloq, demokratiya, qadriyatlarimiz va orzu-havaslarimiz sari harakat qilish."

Demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden rafiqasi Jill Bayden bilan
Demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden rafiqasi Jill Bayden bilan

Bayden sakkiz yil Prezident Barak Obama bilan yonma-yon ishlagan. Prezident eng og'ir yuk, deydi u. Amerika xalqi xizmatidasiz, lekin dunyo ham sizdan ulkan vazifalarni uddalashni kutadi.

"Hozirgi prezident qayta saylansa, amerikaliklar o'laveradi, bizneslar zarar ko'raveradi, farovonligimiz va tirikchilimiz pasayaveradi, ahvolimiz og'irlashaveradi", - deydi Bayden.

"Tramp hech birimizga va hech birimizning farzandlarimizga namuna bo'la olmaydi", - deydi Bayden, Obamaga "a'lo prezidentlik" uchun minnatdorchilik bildirar ekan.

Nomzod fikricha, Obamaga qarab amerikaliklar ilhomga to'lgan, undan ma'naviy oziqa olgan va unga vijdonli va o'rnak olishga arzigulik inson sifatida qaragan.

"Hozirgi prezidentning kelajak uchun rejasi yo'q, menda bor", - deydi Bayden.

Tramp buning aksini aytadi. Uning nazarida Bayden allaqachon Vashingtonda yetarlicha vaqt o'tkazgan va Amerika uning nimaga qodir ekanini biladi. Xalq undan hech qanday ijobiy o'zgarish kuta olmaydi, deydi prezident.

Amerika xalqi Jo Baydenning va'dalariga uchmasligi kerak, deydi Prezident Tramp
Amerika xalqi Jo Baydenning va'dalariga uchmasligi kerak, deydi Prezident Tramp

Saylansa, Bayden Amerikani pandemiya changalidan chiqarib, davlatni ochishni, iqtisodiyotini tiklab, bu diyorda hamma uchun imkoniyatlarni kengaytirishni va AQShning yopilib qolgan darvozalarni jahoh ahli uchun ochib, Prezident Tramp joriy etgan cheklov va tor manfaatlarni ko'zlovchi choralarni bekor qilishni va'da qilmoqda.

Bayden xavfsizlik va mudofaa uchun kamroq sarflamoqchi. Lekin bu tizimlar kuchini yo'qotmaydi, aksincha, yanada mustahkamlanadi, deydi u.

Xitoy va Rossiya bilan jiddiy muloqot qilishni, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni oshirishni, Afg'onistonda tinchlikka erishishni, Yaqin Sharqdagi mojarolar va Lotin Amerikasidagi chigalliklar yechimi yo'lida salmoqli qadamlar tashlashga so'z bermoqda. Vashington, deydi u, jahon hamjamiyat bilan bir yoqadan bosh chiqaradi, xalqaro tashkilotlarga qarshi Tramp boshlagan urushni to'xtatadi.

Bayden inson huquqlari va erkinligini olg'a surib, demokratik tizimlarni himoya qilmoqchi va hech bir tarafga Amerika saylov sistemasini buzishga yo'l bermasligini aytmoqda. Demokratlar Rossiyani bunga uringanlikda ayblab keladi.

Prezident Tramp esa yurtdoshlariga qarata "Baydenga aldanmang", deydi.

Demokratlar bu kabi va'dalarni oldin ham ko'p bergan va Obama prezidentligi qanday kechganini hech kim unutgani yo'q, deydi Tramp, shu bois ham "2016-yilda meni saylashgan".

Demokratlar Trampni "milliy tahdid" deya tasvirlamoqda.

"Amerika demokratiyasi xavf ostida. Sizning ovozingizsiz jar yoqasida bo'lamiz", - deya bong urdi Obama kechagi murojaatida.

Prezidentlikka sobiq nomzodlar Hillari Klinton va Jon Kerri, Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi va Kongresssdagi boshqa demokratlar va hatto qator respublikchilar ham Bayden saylanmasa, AQSh kelajagi qorong'i degan mazmunda nutqlar qilib, amerikaliklarni sergak va ogoh bo'lishga chaqirmoqda.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG