Breaking News

AQSh pochta xizmati "risoladagidek" ishlashga so'z bermoqda


AQSh davlat pochta xizmatidan norozi omma namoyishda, Vashington, 15-avgust, 2020
AQSh davlat pochta xizmatidan norozi omma namoyishda, Vashington, 15-avgust, 2020

Prezident saylovi oldidan Amerika bo'ylab pochta vaqtida yetib kelmasligi mumkin va ovozlar sanog'ida muammolar bo'ladi, degan xavotir kuchli. Davlat pochta xizmati rahbari Luis DeJoyga ko'ra, tizim a'lo darajada ishlaydi va amerikaliklar unga tayanishi lozim.

"Pochta orqali yuborilgan ovoz varaqalari o'z vaqtida manzilga yetkaziladi va xizmatimiz risoladagidek ishlaydi", - deya so'z bermoqda DeVoy.

Tizimda boshlanayotgan islohotlar, ko'plab demokratlar nazarida, Oq uyning saylovoldi nayrangi. Lekin DeJoy deydiki, saylov oldidan hech qanday o'zgarish rejalanmagan.

Shu yilning iyun oyida ish boshlagan DeVoy Donald Tramp prezidentlikka saylanishi uchun moliyaviy yordam ko'rsatgan badavlat amerikaliklardan biri. Tramp kampaniyasiga u 1,2 million dollar hissa qo'shgan, Respublikachilar partiyasi fondiga esa 1,3 million dollar tashlagan.

"Davlat pochta xizmati saylov bilan bog'liq har qanday hajmdagi yukni tashishga hozir", - deydi u.

"Hozirdan saylov kunigacha, Amerika ommasi bilsinki, saylov pochtasi bizning ishonchli xizmatimiz orqali yetkaziladi va bu bizning asosiy ishimiz".

Davlat pochta xizmati rahbari Luis DeJoy (chapdan) Prezident Trampning moliyaviy donori bo'lgan
Davlat pochta xizmati rahbari Luis DeJoy (chapdan) Prezident Trampning moliyaviy donori bo'lgan

Pandemiya sabab aksariyat saylovchilar ovozni pochta orqali berishi kutilmoqda. Ayrim shtatlarda jarayon sentabrda boshlanadi, ayrimlarida esa oktabrda.

Prezident Tramp va rafiqasi Melaniya Tramp ham ovozni Florida shtatidagi uyidan pochta orqali bermoqchi. Biroq Trampning fikricha, bu tarzda keng ko'lamda ovoz berish ishni murakkablashtiradi va natijaga salbiy ta'sir qiladi.

DeJoy yaqin kunlarda Kongressda hisobot berishi kutilmoqda. Pochta xizmati xodimlari saylov oldidan ko'proq ishlashiga to'g'ri keladi.

Vakillar palatasi unga 25 million dollar qo'shimcha mablag' ajratishni taklif qilmoqda. Palatada hukmron demokratlar tizimda saylov oldidan o'zgarishlar qilmaslikka chaqirmoqda.

Senatda respublikachilar ko'pchilik ekan, ular ham davlat pochtasini quvvatlash harakatida lekin demokratlar bilan hozircha murosa qilinmagan.

Amerikaliklar davlat pochtasiga ishonsin, deydi tizim rahbari
Amerikaliklar davlat pochtasiga ishonsin, deydi tizim rahbari

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG