Oq uy uchun uchinchi bor kurashayotgan Jo Bayden Demokratik partiya tomonidan rasman nomzod sifatida tasdiqlandi. 17-20 avgust kunlari o'tayotgan saylovoldi qurultoyida bu borada e'lon qilindi. Tadbir pandemiya bois virtual. Respublikachilar qurultoyi kelasi hafta o'tadi.
Ilk bor prezidentlikka 1988-yilda harakat qilgan Bayden 35 yil davomida senatorlik qilgan, sakkiz yil mobaynida esa vitse-prezident.
Bayden bilan 43 yil oldin turmush qurgan Jill Bayden Delaver shtatidagi maktabdan turib yurtdoshlariga murojaat qilar ekan, uni prezidentlkka eng munosib odam deya tasvirladi.
Saylov 3-noyabrda. Aksariyat amerikaliklar pochta orqali ovoz berishi kutilmoqda. Saylov kampaniyasi asosan onlayn o'tmoqda.
Demokratik partiyaning keksayu yosh yulduzlar ekran orqali navbatma-navbat saylovchilarga yuzlanib, Donald Trampni Oq uyga qayta saylamaslikka undamoqda.
Ular Baydenni ham tashqi ham ichki siyosatda chiniqqan lider, AQShni pandemiyadan olib chiqishga qodir arbob deya ta'riflamoqda.
Baydenni quvvatlayotgan arboblar orasida respublikachilar ham talaygina.
Prezident Tramp bir kunda ikki muhim shtatda, Arizona va Ayovada bo'lib, saylovchilarni Baydenga aslo ergashmaslikka undadi.
"Baydenning rejasi eng radikal, xavfli va ayniqsa immigratsiya bobida misli ko'rilmagan darajada tahdidli dastur", - deydi Tramp.
"Uni rad etish kerak va 3-noyabrda rad etiladi ham".
Baydenga ko'ra, Tramp uning takliflarini tushunmaydi. Prezident qayta saylanish uchun demokrat nomzod haqida uydirma gaplar tarqatish bilan band, deydi raqibi.
Bayden ham Tramp singari noqonuniy immigratsiyaga qarshi ekanini aytadi, ammo yechimlar farqli.
Demokrat nomzod deydiki, Amerikada noqonuniy yashab yurgan bo'lsa-da, jinoyatga qo'l urmagan, iqtisodga hissa qo'shayotgan insonlarga va ularning bu zaminda katta bo'layotgan avlodlariga imkoniyat berish kerak. Bayden, shuningdek, immigratsiya tizimida siyosiy boshpana berish masalasiga insonparvarlik bilan yondashuv, huquq tartibotda xalqaro normalarga rioya qilish, Amerika eshiklarini butkul yopib qo'ymaslik tarafdori.
Tramp esa demokratlarni aynan shunday siyosat bilan tizimni buzganlikda, AQShda noqonuniy immigrantlar ko'payishi uchun sharoit yaratganlikda ayblaydi.
Tramp immigratsiyani cheklagani tarafdorlari nazarida eng katta yutuqlaridan biri. Amerika darvozalari va chegaralarini mahkamlash bilan prezident avvalo o'z xalqi manfaati va xavfsizligi uchun kurashmoqda, deydi ular.
Tarafdorlar Trampga Vashington tartib o'rnatayotgan, federal tizimni isloh qilayotgan rahbar sifatida qaraydi.
Demokratlarga ko'ra esa Tramp prezidentligi mashmasha va nizolar davri bo'lib, iqtisod va barcha jabhalarda mamlakat orqaga ketgan.
Ishsizlik uch karra kengaydi, AQShning nufuzi pasaydi, hamkorlar unga ishonmaydi qo'ydi, deya so'zlamoqda demokrat yetakchilar.
Oq uy bu tanqidlarni inkor etib, Tramp prezidentligi ulkan o'zgarishlar olib keldi, deya qayd etib turibdi.
"Noqonuniy immigratsiyaba barham bermoqdamiz", - dedi Tramp Arizona va Ayovadagi chiqishlarida.
Meksika bilan chegarada baland devor qurish rejasidan qaytmagan prezident bu to'siq uchun qo'shni davlat to'laydi deya ta'kidlashda davom etmoqda. Meksika bunga aslo ko'nmasligini bir necha bor bildirgan.
Facebook Forum