Breaking News

Tojikiston BMTga suv va iqlim bilan bog'liq muammolarni eslatdi


Tojikiston rahbari Emomali Rahmon BMTNING 75-sessiyasida so'zladi, 22-sentabr, 2020.
Tojikiston rahbari Emomali Rahmon BMTNING 75-sessiyasida so'zladi, 22-sentabr, 2020.

Tojikiston rahbari Emomali Rahmon BMT Bosh Assambleyasiga bu safar ham o'z ona tilida murojaat qildi. Rahmon 2015 va 2017-yillarda Nyu-Yorkka tashrif buyurib, bu dargohda so'zlaganida ham tojikcha gapirgan. Boshqa ko'plab prezidentlar va bosh vazirlar kabi u ham pandemiya oqibatlari, mamlakati ko'rgan zarar va davlatning xalqaro maydondagi maqsadlari xususida to'xtaldi.

Rasman Tojikistonda hozirgacha 10 mingga yaqin odam virusni yuqtirgan. Kasallikdan o'lganlar soni 73 nafar, tuzalganlar esa 8000 dan oshiq. Real raqamlar bundan bir necha karra yuqori bo'lishi mumkin, deydi hukumatga ishonmaydigan tojikistonliklar.

"Biz koronavirusga qarshi qo'ldan kelgancha chora ko'rayapmiz. Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Dori-darmon va tibbiy vositalar bilan ta'minlash - asosiy vazifa", - deydi Rahmon.

Uning qayd etishicha, pandemiya Tojikistonga ulkan zarar keltirdi, jumladan, sarmoya oqimi kamaydi va iqtisod sustlashdi.

'Biz tog'li, dengizlardan uzoq mamlakatmiz. Rivojlanish sur'ati koronavirus ta'sirida sekinlashdi", - deydi Tojikiston rahbari.

"Barqarorlik va har jihatdan xavfsizlik bo'lmagan joyda biror sohada oldinga siljish qiyin. Pandemiya shunday xavfki, u har yo'nalishga to'siqlar qo'yadi".

Terrorizm va ekstremizm, deydi Rahmon, respublika uchun hamon eng yirik tahdid manbalaridir. Tojikiston ularga qarshi yolg'iz kurasha olmaydi va xalqaro hamkorlikka intiladi.

"Terrorizmga qarshi kurashda BMT asosiy koordinator bo'lishi, barcha say-harakatlarga aynan u boshchilik qilishi kerak", - deydi Rahmon.

AQSh rahbari Donald Tramp ham Bosh Assambleyaga bugungi murojaatida aynan terrorizmni BMT e'tibor markazida bo'lishi kerak bo'lgan masalalar qatorida tilga olgan edi.

Rahmon ham Tramp singari qoradori savdosiga qarshi kurash zarurartini eslatdi. BMT tegishli idoralari va dasturlari, hujjatlari va konvensiyalari doirasida ildamroq harakat qilishi zarur, deydi Tojikiston prezidenti.

Uning fikricha, BMT Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi hamda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti singari organlar bilan ham yaqindan ishlashi lozim.

BMT muammolarning oldini oladigan tashkilot bo'lishi kerak, deydi Rahmon. Bu borada uning aytganlari BMTga nisbatan azaldan yangrab keladigan tanqidga yaqin, ya'ni jahonda tinchlik, farovonlik, erkinlik va adolatni ta'minlash uchun BMT har qanday masalaga nisbatan u muammoga aylanmasidan oldin chora ko'rishni odat qilishi lozim. Biroq BMT agentliklari va mutasaddilari faoliyat avvalo a'zo davlatlarga bog'liq ekani, har qanday chora samara berishi uchun hukumatlar kuchli iroda bilan yondashishi kerakligini aytadi.

Afg'oniston borasida ham Rahmon uzoq yillardan beri aytib keladigan so'zlarini takrorladi: bu mamlakat taqdirini afg'onlarning o'zlari kelishgan holda hal etishi kerak. Muzokara orqali murosa qilinishi va kelajakni ular belgilashi lozim, deydi u. Tojikiston qo'shni davlatga imkon qadar madad ko'rsatmoqda, xususan, elektr ta'minoti uchun sharoit yaratish va chegara hududlarida aholiga g'amxo'rlik qilishda.

BMT 2030-yilgacha ulkan maqsadlarga erishishni ko'zlagan, har sohada, deydi Rahmon. Uning xavotir bildirishicha, pandemiya bu jarayonga zarba bergan va maqsadlar sari harakatlar sustlashgan.

Tojikiston hududining 93 foizi tog'lardan iborat. O'tgan yillarda mamlakatda umumiy harorat 1 darajaga oshdi. Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar mamlakat hayotiga va barcha jabhalarga xavf solmoqda, deydi Rahmon BMTga murojaatida. Doimiy muzliklar erimoqda. Tabiiy ofatlar, jumladan, toshqinlar ko'paygan.

"Iqlimdagi o'zgarishlarga nisbatan global choralarni kuchaytirishimiz zarur".

Tojikiston bu borada xalqaro quvvatlovsiz harakat qila olmaydi, deya qo'shadi u.

Rahmon deydiki, muzliklarni asrash uchun xalqaro fond tashkil etish kerak. Dushanbe boshqa tashabbuslarni ham olg'a surmoqda.

Respublika suv bilan bog'liq masalalarda ham qator takliflar bilan chiqqan. Ayrimlari amalga oshirilmoqda, deydi prezident, lekin bu choralarning o'zi yetmayapti. Loyihalar kengayishi, ko'proq sarmoya qilinishi va kengroq miqyosda tajriba va g'oyalar almashinishi kerak, deydi Rahmon.

Pandemiya sabab ko'plab ishlar chetga surilgan. Diqqat koronavirusda.

"Umid qilamizki, uni yenggach, e'tibor va g'ayratni boshqa dolzarb masalalarga qaratamiz", - deydi Tojikiston rahbari.

Respublika hech qachon suv tanqisligidan qiynalmagan. Mutaxassislarga ko'ra, muammo suv manbalarining boshqaruvi, ichimlik suvi sifati va ta'minoti hamda suvdan quvvat manbai sifatida foydalanish bilan bog'liq masalalarda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG