Breaking News

Tramp BMTga: AQShdan o'rnak olib, avvalo o'z xalqingizga g'amxo'rlik qiling


Prezident Tramp 22-sentabr kuni Oq uydan turib, BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qildi
Prezident Tramp 22-sentabr kuni Oq uydan turib, BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qildi

Oq uyga qayta saylanishga bel bog'lagan Donald Tramp BMTga a'zo davlatlarni "puch va'dalar beravermay", o'z ravnaqi uchun qayg'urishga undadi. Koronavirus pandemiyasi uchun Xitoyni jazolash kerak, deydi Amerika rahbari.

AQShda koronavirus yuqtirganlar yetti millionga yaqinlashib qoldi, undan o'lganlar soni esa 200 mingdan oshdi. Yuqtirganlarning aksariyati tuzalmoqda, lekin mamlakat pandemiya changalidan chiqa olmayapti.

Asosan video orqali muloqot qilayotgan xalqaro hamjamiyat BMTning 75-sessiyasida ham shu tarzda aloqada. Prezident Tramp Bosh Assambleyaga Oq uydan turib murojaat qildi.

22-sentabr kuni mahallliy vaqt bilan tongda uzatilgan nutqda Amerika rahbari BMTni va'dabozlik va qog'ozbozlikda aybladi.

So'zini "Xudo Amerika va BMTni quvvatlasin," deya tugatgan Tramp tashkilotni zamon talablariga javob beradigan organga aylanishga undadi.

AQSh prezidenti fikricha, "Xitoy virusi" pandemiyasi BMTning 75 yillik tarixida insoniyat kurashgan eng yirik xavflardan biri. 188 mamlakatga tarqalgan.

BMT, Nyu-York, 22-sentabr, 2020
BMT, Nyu-York, 22-sentabr, 2020

"Qo'shma Shtatlar bu baloga qarshi misli ko'rilmagan kurash olib bormoqda, o'z hududida va dunyo bo'ylab. Tibbiy vositalarimizni do'st va hamkorlarimizga ulashdik. O'lim darajasini aprel oyidan beri 85 foizga qisqartirdik", - deydi prezident.

"Ayni damda uch vaksina sinovlarning oxirgi bosqichida. Ularni katta miqdorda ishlab chiqaramiz va tayyor bo'lishi bilan darhol tarqata boshlaymiz", - deydi Tramp.

"Biz bu virusni yengamiz. Pandemiyaga barham beramiz va yangi davrga kiramiz. Farovonlik, hamjihatlik va tinchlik sari qadam tashlaymiz".

Biroq, deydi Amerika rahbari, Xitoy dunyoni bu vaboga yo'liqtirgani uchun javob berishi kerak.

Kasallik tarqalar ekan, Xitoy o'zini himoya qildi, biroq xorijga reyslarni to'xtatmadi, natijada, virus keng tarqaldi, deydi Tramp. Unga ko'ra, Pekin xavfni bila turib chora ko'rmadi; o'zidan chiqqan kasallikka to'siq qo'yish o'rniga, uning yer yuzi bo'ylab tarqalishiga yo'l ochdi.

"Xitoy hukumati va uning nazoratida bo'lgan Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti virus odamdan odamga yuqmaydi, deb chiqdi. Keyinroq esa virus alomati yo'q odamlar uni tarqatmaydi, dedi".

"Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xitoyni bu qilmishlari uchun javobgarlikka tortishi lozim".

Rasmiy Pekinga ko'ra, Oq uydan bunday tinimsiz qoralovlar asossizdir va Tramp ma'muriyati pandemiyaga qarshi o'z vaqtida chora ko'rmay, kelgan balolarda Xitoyni ayblamoqda xolos. Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti ham Trampning da'volarini inkor etib, "xolis tashkilot" ekanini bildiradi.

Tramp Xitoyni insoniyat va iqlimga misli ko'rilmagan darajada zarar keltirayotganlikda, har yili millionlab tonna plastmassa va axtlat tashlab, okeanlarga va butun borliqqa doimiy raxna solayotganlikda ham aybladi.

Xitoy sanoatlari chiqaradigan zaharli gazlar miqdori AQShnikidan ikki baravar ko'p. Amerikani bu borada ayblash asossiz, deydi Tramp, o'tgan yillarda zaharli gazlar chiqarish ko'lami eng ko'p kamaygan yurt - AQSh.

Tabiatparvar bo'lsangiz, Xitoyni savolga tuting, deydi Tramp.

"Faqat Amerikani qoralash o'rinsiz va men bunga toqat qilmayman".

Prezident Trampga ko'ra, AQSh bilan hech bir davlat tenglasha olmaydi. Surat 18-sentabr kuni Minnesota shtatida olingan.
Prezident Trampga ko'ra, AQSh bilan hech bir davlat tenglasha olmaydi. Surat 18-sentabr kuni Minnesota shtatida olingan.

"Agar BMT samarali tashkilot bo'lishni istasa, dunyoning real muammolari bilan shug'ullansin", - deya undadi Tramp.

Xususan, deydi u, terrorizm, xotin-qizlarga nisbatan zulm va diskriminatsiya, majburiy mehnat, qoradori savdosi, inson savdosi, jinsiy savdo, diniy erkinlikka tahdidlar, ozchilikdagi etnik va diniy guruhlarning ezilishi.

"Amerika inson huquqlari himoyasida hamisha lider bo'lib qoladi. Mening ma'muriyatim e'tiqod erkinligi, ayollarga imkoniyatlarni kengaytirish, gomoseksual insonlarni kamsitmaslik, inson savdosiga qarshi kurash hamda tug'ilmagan bolani asrash yo'lida tinmay ter to'kmoqda va yutuqlarga erishmoqda".

"Amerika qanchalik farovon bo'lsa, dunyo shunchalik erkin va xavfsizdir. O'tgan uch yil ichida biz tarixdagi eng qudratli iqtisodiy tizimga ega bo'ldik. Biz shu yo'lda to'xtamaymiz. Harbiy salohiyatimiz bugun har qachongidan baland. O'tgan to'rt yilda biz qurolli kuchlarimiz uchun 2,5 trillion dollar sarfladik. Harbiy jihatdan dunyoda hech kim biz bilan tenglasha olmaydi, yaqin ham kela olmaydi".

"Biz Xitoyning savdo borasidagi o'yin va nayranglariga nisbatan chora ko'ra boshladik. NATOning yangicha ishlashini ta'minladik. Meksika, Gvatemala, Gonduras va Salvadordan odamlarni noqonuniy olib kelish yo'llarini yopdik. Kuba, Nikaragua va Venesuelani erkinlik uchun kurashda quvvatlayapmiz."

"Biz dunyoda terrorizmning eng yirik homiysi [Eron] bilan imzolangan betayin yadroviy kelishuvni bekor qildik. Biz "Islomiy davlat"ni 100 foiz tor-mor qildik. Yetakchisi al-Bag'dodiyni va jahonning yetakchi terroristi Qosim Sulaymoniyni yo'q qildik".

Tramp deydiki, Oq uy Serbiya va Kosovo orasidagi tinchlikni saqlash uchun vositachilik qildi; Isroil va arab davlatlarini yaqinlashtirdi va Yaqin Sharqda barqarorlikni ta'minlash uchun behisob hissa qo'shmoqda.

Amerika rahbari bularning hammasiga bir tomchi qon to'kmay erishganini qayd etib, bugungi Oq uy dunyo bilan dangal va samarali muloqotda, dedi.

Uning so'zariga ko'ra, Amerika Afg'onistonda ham tinchlikka erishish uchun qo'ldan kelganini qiladi. AQSh bu mamlakatdan chiqadi, afg'on zamini taqdiri afg'onlar qo'lida bo'ladi, ammo u yerdan turib biror davlatga, jumladan, AQShga tahdid qilinishiga aslo yo'l qo'ymaydi.

"Biz har qachongidan ham kuchlimiz. Bizning qurollarimiz bu qadar ilg'or bo'lmagan. Umid qilamanki va Xudodan so'raymanki, ularni hech qachon ishlatishga majbur bo'lmaymiz", - dedi Amerika rahbari.

"O'nlab yillar davomida eskirgan va charchagan ovozlar muammolarga samarasiz yo'llar taklif qilib, global maqsadlar deya o'z xalqlarining haqqini havoga sovurdi."

"Ammo o'z fuqarolaringiz manfaatini ko'zlamas ekansiz, hech qanday hamkorlikdan naf yo'q. Prezident sifatida men samarasiz yondashuvlarni chetga surib, Amerika xalqi manfaatini birinchi o'ringa qo'ydim. Siz ham o'z xalqingizni o'ylang".

Tramp BMT Bosh Assambleyasiga murojaatini kelasi yil bu paytda dunyo pandemiyadan qutulib, ancha o'ziga kelib olgan bo'ladi, degan umid bilan yakunladi.

Oq uy uchun kurashayotgan Jo Bayden, prezidentlik uchun demokrat nomzod, Prezident Trampni o'zboshimcha yondashuv va tor maqsadlarda tanqid qilib, Amerikani dunyodan uzoqlashtirganlikda, ittifoqdoshlarni qadrlamayotganlikda, Rossiya va Shimoliy Koreya singari diktaturalarning rahbarlari bilan yaqin munosabat o'rnatganlikda ayblaydi. Bayden, prezidentlikka saylansa, avvalo xalqaro hamjamiyat bilan yaqindan ishlamoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG