Breaking News

Tahlil: AQSh shaharlaridagi tartibsizliklarga anarxistlar aloqador


Amerikada “Bugalu Boyz” (Boogaloo Boys) singari hukumatga qarshi guruhlar zo’ravonlikni rag’batlantirish uchun ko’pdan buyon turli taktika va platformalarni qo’llab keladi, jumladan onlayn forumlar va uyushgan to’dalarni.

Rutgers univetsiteti tadqiqotchilari o’tkazgan izlanishga ko’ra, endilikda so’lchi guruhlar ham politsiya va boshqa mo’ljallarga qarshi ayni usullarni qo’llamoqda.

“Anarxo-sotsialistik ekstremizmning ko’pgina xususiyatlari libertarian-anarxist va jihodchi ekstremizmda hujjatlashtirilgan asosiy taktik tuzilmalarga o’xshash”, deyiladi “Tarmoqqa asoslangan anarxiya” nomli 24 betli tahlilnomada.

Antifa singari so’lchi harakatlar, garchi markazlashmagan va zo’ravonlikka kamroq berilgan bo’lsa-da, tinch namoyishlarni huquq-tartibot xodimlari bilan to’qnashuvga aylantirishga qodir, deya xulosa qilinadi.

Prezident Donald Tramp va Adliya vaziri Vilyam Barr irqchilikka qarshi namoyishlar paytida ro’y bergan zo’ravonliklarda Antifa va anarxistlarni ayblashda davom etmoqda. Ammo shu kungacha biror so’lchi guruhga nisbatan ayblov e’lon qilinmadi. Ekspertlarga ko’ra, Antifa tomonidan zo’ravonlik tahdidi real, biroq uyushgan o’ng qanot guruhlar jiddiyroq xavf kasb etadi.

Tahlilnomani ijtimoiy tarmoqlarda nafrat darajasini kuzatuvchi NCRI tadqiqot instituti tayyorlagan. Veb saytida BMT, Bo’htonlarga qarshi liga va Ochiq Jamiyat Instituti uning hamkorlari sifatida qayd etilgan.

“Bugalu Boyz” haqida alohida hisobot tayyorlash uchun NCRI tadqiqotchilari ijtimoiy tarmoqlardagi 100 million postni o’rganib chiqqan. Xulosa shuki, Bugalu postlarini ayrimlar hazil sifatida qabul qiladi, “boshqalar uchun esa ular qo’zg’olonga da’vat etuvchi ko’rsatmadir”.

Yana bir xulosa - Twitter va Reddit singari platformalarda “anarxo-sotsialistik ekstremizmning onlayn ekotizimi tezlikda rivojlanib bormoqda va bu tizim AQShning bir qator shaharlaridagi g’alayonchilar aloqada”.

Namoyishlar paytida ijtimoiy tarmoqlar ACAB (“barcha politsiyachilar yaramas”) singari qisqartma so’zlar va memlarga to’lib ketdi. Twitter da postlar 1000 foiz, Reddit da 300 foizga ko’paygan.

Reddit dagi anarxo-sotsialistik forumlarda politsiyachilarni o’ldirishga, inqilob qilish uchun o’q-dori g’amlashga qaratilgan memlardan foydalanishyapti”, deyiladi tahlilnomada.

Politsiyani haqoratlovchi yozuvlar namoyishlar kechgan shaharlardagi imoratlar, sud binolari va qulatilgan haykallar ustida qoldirilgan edi. Reddit kompaniyasi “Amerika Ovozi”ga izoh bermadi.

Twitter quyidagicha bayonot berdi:

Twitter muloqotni manipulyatsiya qilishga urinishlarni aniqlash va chora ko’rish bo’yicha uchinchi guruhlar bilan hamkorlik imkoniyatini oqlishlaydi”.

NCRI tadqiqotchilari, shuningdek, bir necha so’l guruhlarni va qator shaharlardagi g’alayonchilar bilan rejalarni muvofiqlashtirish belgilarini aniqlashgan. Masalan, 25-iyulda #J25 xeshtegi ostida anarxist guruhlar bir vaqtning o’zida 20 shaharda namoyishlar uyushtirmoqchi bo’lgan. Natijada Oregonning Portlend va Yujin, Virjiniyaning Richmond va Vashingtonning Sietl shaharlarida tartibsizlik kelib chiqqan.

Ularni rejalagan va amalga oshirgan guruhlar:

  • “Anonim” (Anonymous) xakerlar jamoasi
  • “Yoshlar Ozodlik Fronti”, o’zini “mutlaq ozodlikka erishish yo’lida harakatlarga bag’ishlagan, markazlashmagan avtonom yoshlar tarmog’i” deya ta’riflaydi
  • Anarxistlarning “Qulatamiz” nomli yangiliklar sayti

Tahlilnomada yozilishicha, “Yoshlar Ozodlik Fronti” Twitter orqali Portlendda olomonga ko’rsatmalar va taktik ma’lumotlar uzatib turgan.

Sietlda esa anarxist guruhlar Twitter sahifasida mahalliy politsiya boshlig’ini ishdan olishga chaqirgan. Natijada olomon politsiya uchastkasini o’rab olib, politsiyachilarga qarata tosh va portlovchi moddalar uloqtirgan.

“Har ikki holatda sud binolari va politsiya uchastkalari agitatorlar tomonidan nishonga olingan”, - deyiladi hisobotda.

Ekstremizmga qarshi kurash loyihasi tadqiqotchisi Josh Lipovskiy fikricha, markazlashmagan Antifa harakati yaxshiroq tashkillashtirilgan o’ng guruhlarga qaraganda kamroq xavf tug’diradi.

“O’ng qanot guruhlar orasida sinagogalar va boshqa diniy dargohlarga, shuningdek, ushbu mafkura dushmani deb hisoblangan shaxslarga qarshi hujumlarga chaqiruvchi faol tarmoqlar ko’proq”, - deydi u.

O’tgan yil dekabrda AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi terrorizm va zo’ravonlikka qarshi kurash rejasini e’lon qilgan. Unda mahalliy terrorizm o’sib borayotgan xavf sifatida tilga olinadi.​

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG