Breaking News

Afg’oniston: koronavirus kuchayishi ortidan sulhga da'vatlar oshmoqda


BMT kotibiyatida Afg’onistonda tinchlik ta’minlashga qaratilgan mintaqaviy sa’y-harakatlar muhokamasi bo’lib o’tdi. Virtual majlisda Xitoy, Eron, Pokiston, Rossiya, AQSh, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston qatnashgan.

Hozirda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash ustuvor masala bo’lishi kerak. Davlatlar shu maqsadda Afg’onistonda keng qamrovli sulh o’rnatishga chaqirmoqda. 17-aprel holatiga ko’ra, mamlakatda virusni yuqtirlanlar 900 dan oshdi, o’lganlar 30 nafar.

Prezident Ashraf G’ani fikricha ham Tolibon sulhga ko’nishi lozim, toki gumanitar tashkilotlar xodimlari epidemiyani jilovlash bo’yicha ishini bajara olsin. G’ani xalqqa murojaatida jangarilarni AQSh, mintaqadagi davlatlar va afg’on xalqiga quloq tutishga undadi.

Uning ta’kidlashicha, mamlakatda epidemiologik ahvol yomonlashib bormoqda. Mahalliy kuzatuvchilar fikriga ko’ra, agar koronavirus Tolibon nazoratidagi hududlarga tarqalsa, guruh sulhga ko’nishi mumkin. Parlament a’zosi Nilufar Ibrohimiyning aytishicha, sulhsiz tinchlik muzokaralari ham oldinga siljimaydi.

Yevropa Ittifoqi ham Afg’onistondagi barcha guruhlarni zudlik bilan kelishuvga erishishga da’vat etmoqda.

“Xavfsizlik va sog’liqni saqlash bobida tahdidlar oshib borayotgan bir paytda aholi farovonligi va millat manfaatlari birinchi o’ringa qo’yilishi lozim”, deyiladi Byusselda e’lon qilingan bayonotda.

Yaxlit hukumat guruhi tuzilmasa, afg’onlar yanada kattaroq xavfga duchor bo’ladi, demokratik institutlarga ishonch pasayadi, deydi Yevropa rasmiylari. Ittifoqning Kobuldagi elchisi Piyer Mayadun Tolibon va hukumat o’rtasidagi asirlar almashinuvidan ijobiy natija kutmoqda.

Bu orada BMTning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili muovini Tobi Lanzer koronavirusga qarshi kurashish uchun ajratilgan mablag’lar aynan shu maqsadda ishlatilishi kerakligini eslatmoqda.

“Ko’mak joyida ishlatilishi, korrupsiyaga boy berilmasligi, har bir dollar samarali ishlatilishi darkor”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG