Breaking News

Turkmaniston rahbari pandemiya yuzasidan dunyo ahliga hamdardlik bildirdi


Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov BMT yillik sessiyasida virtual tarzda so'zladi, 22-sentabr, 2020
Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov BMT yillik sessiyasida virtual tarzda so'zladi, 22-sentabr, 2020

Koronavirus pandemiyasining yettinchi oyida ham mamlakatida birorta odam bu kasallikka yo'liqqanini tan olmay kelayotgan Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov BMT Bosh Assambleyasiga virtual murojaatida dunyo ahliga hamdardlik bildirdi.

Shifokorlar, tibbiy xodimlar, ko'ngillilar, umuman, pandemiya bilan har kuni yuzma-yuz kurashayotgan insonlarga tasanno, deydi Berdimuhammedov.

"Tilagimiz, global harakatlar samara berib, insonlar hayoti saqlab qolinadi va insoniyat bu pandemiyadan xalos bo'ladi", - deydi u.

Berdimuhammedov deydiki, uning mamlakati muammoga qarshi vaqtida kompleks chora-tadbirlar ko'rdi va xalqaro hamjamiyat bilan bu borada yaqindan ishladi, jumladan, BMT organlari bilan.

Uning aytishicha, BMTga quloq tutgan holda davlat yuqumli kasalliklarga qarshi dastur ishlab chiqdi. Joriy yilning mart oyidayoq berilgan tavsiyalarga amal qilindi, deydi Berdimuhammedov.

"Biz Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti bilan hamkormiz va ular bergan maslahatlarni inobatga olamiz".

Ko'plab xalqaro tashkilorlar va ekspertlar Turkmanistonni haqiqatni yashirayotganlikda, mamlakatda minglab insonlar shu kungacha koronavirusga uchragani, undan yuzlab odamlar nobud bo'lgan bo'lishi mumkinligi, pandemiya davrida respublikada iqtisodiy ahvol yanada og'irlashgani yuzasidan kuchli xavotir bildirib keladi. Xorijdagi turkmanlar nazarida, vatanda vaziyat kun sayin tahlikali. Turkmaniston ko'plab xalqaro hisobotlar va reytinglarga ko'ra, dunyodagi eng yopiq tuzumlardan biri.

Berdimuhammedov esa BMTdagi nutqida bunday noroziliklarga umuman to'xtalmadi. Pandemiyadan chiqish uchun, dedi u, dunyo to'rt yo'nalishga e'tiborni oshirishi kerak: energiya, transport, ishlab chiqarish va savdo.

Turkmaniston bu sohalarda BMT a'zolari bilan ishlashga tayyor, deydi davlat rahbari.

Berdimuhammedov Orolbo'yi hududida vaziyatni ham diqqatdan qochirmaslikka chaqirdi. Mintaqa aholisi uzoq yillardan beri dengiz qurishi natijasida vujudga kelgan ekologik muammolardan aziyat chekib kelmoqda. Bu masalalalarni xalqaro yordamsiz hal qilish qiyin, deydi prezident.

Turkmaniston singari O'zbekiston va Qozog'iston ham Orol dengizi taqdiri va aholiga madad zarurligini BMTga har yili eslatib keladi.

Berdimuhammedov uning davlati har qanday mojaroga qarshi ekanini qayd etib, BMT nimaiki ziddiyat bo'lsa, o'z vaqtida tinch yo'l bilan hal etishi lozim ekaniga urg'u berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG