Turkmaniston Afg’onistonga koronavirusni aniqlovchi tibbiy uskunalar jo’natdi. Laboratoriya jihozlari chegaradagi Hirot va Faryob viloyatlari rasmiylariga topshirilgan.
Turkmanistonning Mozori Sharifdagi bosh konsuli Bazarbay Kabayevga ko’ra, ushbu yordam Afg’oniston xalqiga Prezident Qurbonguli Berdimuhammedovning farmoni asosida yuborilgan.
“Dunyoda koronavirusga qarshi hamma yerda kurash olib borilmoqda. Shu sababli Andhuy tumanida bir laboratoriya qurildi. Shu laboratoriya jihozlarini berish borasida Turkmaniston prezidenti qarori chiqdi. Jihozlar yuqori sifatli, Yevropa va Amerikada ishlab chiqarilgan”, - deydi konsul.
Rasmiylarga ko’ra, 22 turdagi tibbiy jihozlar qiymati 1,5 million dollarga teng.
“Turkmaniston og’ir sharoitlarda Afg’oniston xalqiga yordam berib kelgan”, - deydi Faryob viloyatining Andhuy tumani hokimi Sulton Muhammad Sanjar.
Tumanda yangi laboratoriya ish boshlashi natijasida Faryob, Juzjon, Sari-Pul viloyatlarida aholi koronavirus testidan o’tishi mumkin.
“Bir kunda 100 ta koronavirus namunasini tekshirishga tayyormiz”, - deydi Andhuy tumani sog’liqni saqlash idorasi boshlig’i Muhammas Sanjar Umar.
Turkmaniston, shuningdek, Oqina bandargohida yuk tashish mashinalarini dezinfeksiya qilish bo’limini qurib bergan. Chegarada qatnayotgan mashinalar zararsizlantirilmoqda.
Afg’oniston-Turkmaniston chegarasi koronavirus pandemiyasi bois sayyohlar uchun yopiq.
Facebook Forum