Breaking News

Turkmanistonda odamlar koronavirusdan emas, "zotiljamdan" o'lmoqda, nahotki?


Qo'shni davlatlarda koronavirus avj olar ekan, Turkmaniston telekanallari va boshqa davlat axborot manbalari mamlakatda hammasi a'lo darajada deb bong urishda davom etmoqda
Qo'shni davlatlarda koronavirus avj olar ekan, Turkmaniston telekanallari va boshqa davlat axborot manbalari mamlakatda hammasi a'lo darajada deb bong urishda davom etmoqda

Turkmanistonni 2007-yildan beri boshqarib kelayotgan Qurbonguli Berdimuhammedov bu lavozimga kelishidan oldin sog'liqni saqlash vaziri bo'lgan. "Xalq salomatligini ta'minlayotgan sistemani men yaratganman", deya maqtanib keladi.

Biroq mintaqada hozirgacha o'n minglab odamlar koronavirusga chalinib, yuzlab insonlar vafot etar ekan, Turkmaniston dunyoni "bizda virus yo'q" deya aldashda davom etmoqda, deydi "Human Rights Watch" huquq tashkiloti yetakchi eksperti Reychel Denber, Jorj Vashington universiteti Markaziy Osiyo bo'limi o'tkazgan virtual anjumanda.

Qozog'istonda virusni yuqtirganlar 50 mingga, undan o'lganlar esa 200 nafarga yaqinlashgan. O'zbekistonda infeksiya hollari 10 mingdan oshgan, o'lganlar 6-iyul kuni 36 nafarga yetdi. Qirg'izistonda o'lganlar qariyb 100 nafar, yuqtirganlar 7700. 1-mayga qadar virus yo'q deb kelgan Tojikistonda hozirda unga chalinganlar 6200 dan ziyod, 53 kishi vafot etgan.

Rechel Denber, inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" eksperti
Rechel Denber, inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" eksperti

6-iyul kuni Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti (JSTT) missiyasi Ashgabatga yetib borgan. Bu BMT qoshidagi organning pandemiya davridagi ilk tashrifi.

"Ozodlik" radiosining Turkman xizmati rahbari Farrux Yusupovning qayd etishicha, poytaxtda kuniga o'rtacha 140 kishi koronavirusga qarshi test topshirmoqda. Turkman xizmati aniqlashicha, viloyatma-viloyat zotiljamdan o'lim hollari ko'paymoqda. Hukumat birortasiga izoh bermaydi. Rasmiy OAV mamlakatda hammasi joyida degan mazmunda "axborot" berishda davom etmoqda.

"Ozodlik" o'z manbalariga asoslanib, koronavirusdan o'layotganlar bor, deya xabar beryapti, biroq birortasi rasman tasdiqlanmagan. Lekin hukumat ataylab rasman tasdiqlamayotgani ham haqiqat bo'lsa-chi? Ichkarida mustaqil axborot manbalari yo'q ekan, jurnalistlar hukumatni savolga tuta olmas ekan, mamlakatdagi chigalliklar qorong'iligicha qolaveradimi?

Shunday holatda xalqaro hamjamiyat qo'l qovushtirib o'tirmasligi lozim. Axir global organlarning asosiy maqsadi inson xavfsizligi va ravnaqi uchun xizmat qilish emasmi? Shunday ekan, nima uchun BMT Turkmanistonda bunchalik zaiflik qilmoqda? Tashkilot lom-mim demaydi.

JSST Turkmanistonda zotiljam avj olgan hududlarda bo'ladimi? Vaziyat bilan qanchalik yaqindan tanisha oladi?

Saglyk.org turkman tilida salomatlik haqida mustaqil axborot beruvchi platforma sifatida ishonch qozongan. Uning asoschisi Aynabat Yaylimova BMT va JSSTdan olamshumul o'zgarishlar kutmayapti. Ular o'zgarish xohlaganida shuncha yildan beri aholi siyosiy-ijtimoiy jihatdan ezilib yashayotganiga ko'z yummagan bo'lardi, deydi mutaxassis.

JSST ayni damda qilishi mumkin bo'lgan eng katta ish - Turkmanistondagi vaziyat haqida vijdonan, haqqoniy axborot berish, deydi Yaylimova va "Human Rights Watch" vakili Reychel Denber.

Turkmaniston bilan hamkor har bir davlat va tashkilot vaziyatga befarq bo'la olmaydi, deydi Denber. Nega jim o'tirishibdi? Nega qo'llarida biror ma'lumot bo'lsa, ommaga bermayapti?

Saglyk.org-ning maqsadi - odamlarga haqqoniy ma'lumot berish. Birinchidan hozir e'tibor COVID-19 dan saqlanish yo'llarida. Ilmiy, tibbiy va informatsion manbalarga tayangan holda koronavirus bilan bog'liq global vaziyat haqida axborot taqdim etilmoqda. Turkman xalqining o'z ona tilida bunday informatsiya olish imkoniyati bag'oyat cheklangan.

"Koronavirusga siyosiy emas, inson salomatligi bilan bog'liq masala sifatida yondashayapmiz. Chunki asosiy vazifa - odamlarga o'zlarini xavfli virusdan saqlash borasida foydali informatsiya berish", - deydi Yaylimova.

"Biz tibbiy xodimlarga ham zarur ma'lumotlar yetkazayapmiz. Chunki bu borada Turkmaniston kasalxona va klinikalarida umuman olganda virusdan himoya qilinishi borasida tayyorgarlik va chora-tadbirlar ko'rilmagan. Buni biz aniq bilamiz".

Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limi virtual anjuman o'tkazib, Turkmanistonni kuzatib, yoritib boradigan doiralar bilan muloqot qildi
Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limi virtual anjuman o'tkazib, Turkmanistonni kuzatib, yoritib boradigan doiralar bilan muloqot qildi

BMT Turkmaniston hukumati bilan koronavirusga qarshi kurash dasturini ishlab chiqqanini bildirmoqda, lekin bu borada hech qanday tafsilot yo'q, deydi Yaylimova. Uning tashkiloti detallar nimadan iborat degan savolni bermoqda va BMTni Turkmanistondagi ishlari haqida hisobot berishga undamoqda.

Saglyk.org muxolifat emas, tibbiy manba sifatida faoliyat yuritayotganiga urg'u beradi.

"Turkman xalqiga hozirgi murakkab paytda qanday informatsion yordam bera olsak, shunga harakat qilayapmiz", - deydi Yaylimova.

Mutaxassis fikricha, aslida Turkmaniston bu virusdan ochiqchasiga va effektiv ravishda saqlanishi mumkin edi, chunki mamlakat izolyatsiyada. Odamlar kam kirib-chiqar ekan, pandemiyadan haqiqatdan ham uzoqda turish mumkin edi.

"Afsuski, bunday bo'lmadi. Turkmaniston rahbariyat na xalqni o'yladi va na davlat ravnaqini".

Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov o'z xalqini va dunyoni qachongacha aldashda davom etadi? Oxirini ko'rish qiyin, deydi ekspert Luka Ancheski.
Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov o'z xalqini va dunyoni qachongacha aldashda davom etadi? Oxirini ko'rish qiyin, deydi ekspert Luka Ancheski.

Yevropadan ekspert Luka Ancheski avtoritar tuzumlarni o'zganib keladi. Turkmaniston va Shimoliy Koreya Osiyoda koronavirus "chiqmagan" davlatlar ekani rahbariyat tabiati va vijdoni qanday ekanidan dalolat beradi, deydi u.

"Qizig'i, hukumat bir tomondan odamlar qo'lini yuvsin deya telekanallarda ko'rsatib turibdi, ikkinchi tomondan bizda bu kasallik yo'q deydi".

Ancheskining tahlilicha, Turkmanistonda o'tgan yillarda iqtisodiy ahvol og'irlashgan, qashshoqlik ko'lami kengaygan.

Xitoyga tabiiy gaz sotib o'zimizni boqamiz deya ishongan hukumat bugunga kelib, rejadan juda past miqdorda eksport qilmoqda. Kamida uch yo'nalishda Xitoyga yiliga kamida 55 milliard kubometr gaz yuboramiz, deya ko'zlagan Ashgabat aslida 5 milliard kubometr ham sota olmayotgan bo'lishi mumkin. Quvurlar umidlarni oqlamadi, deydi ekspertlar. Mintaqadagi boshqa davlatlar ham ulardan foydalanadi deya mo'ljallangan edi, bu ham ro'yobga chiqmadi.

Gazdan daromad pasaygan, iqtisodning boshqa jabhalari talabni qondirmaydi. Pandemiya sabab global iqtisod sustlashgan davrda oldindan yakkalangan davlat yanada qiynalishi tayin, lekin rahbariyat buni ochiq tan olmaydi.

Ancheski fikricha, JSSTda hozir o'ziga xos tarixiy imkoniyat bor. Bu tashkilot hozir Turkmanistonga kirib, vaziyatni o'rganar ekan, haqiqatni ochiqlashi zarur. Aks holda BMT Berdimuhammedov ma'muriyati bilan til biriktirgan, unga bosh egib ishlaydi degan xulosa yanada kuchayadi, deydi ekspert.

Berdimuhammedov o'z xalqini va dunyoni qachongacha aldashda davom etadi? Oxirini ko'rish qiyin, deydi ekspert Luka Ancheski. Har tomonlama nazorat va boshqaruv uning iznida.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG