Osiyo Taraqqiyot banki taxminicha, 2020-yilda dunyo bo'ylab migrant ishchilar vataniga yuboradigan mablag' 109 milliard dollarga kamayadi. Koronavirus pandemiyasi qancha uzoq davom etsa, zarar ham shunga yarasha bo'ladi, deydi ekspertlar.
Osiyo davlatlariga migrantlardan tushum qariyb 55 milliard dollarga ozayishi kutilmoqda. O'tgan yili ular vatanga jami 315 milliard dollar yuborgan.
Rossiya va Yevropada katta sondagi fuqarolari ishlaydigan Gruziya, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekiston kabi mamlakatlar uchun zarar ko'lami kattalashib bormoqda. Chetdagi ishidan ayrilib, qaytib ketgan fuqarolar bu respublikalarda yuzlab ming sonda. Pandemiya davom etar ekan, ularni vatanda ish bilan ta'minlash masalasi og'ir.
Bank taxminicha, kelasi bir yilda vaziyat o'nglanmaydi. Chetdan qaytayotganlarni vaqtincha bo'lsa-da, ish bilan ta'minlash ustida bosh qotirish lozim, deya undamoqda mutaxassislar.
Jahon banki hisobicha ham migrant mehnatkashlardan tushum bu yil keskin kamayadi, taqriban 20 foizga. O'tgan yili bu mablag' jami 554 milliard dollarni tashkil etgan. Yevropa va Markaziy Osiyoda zarar deyarli 28 foizda bo'lishi mumkin.
Bank ekspertlari deydiki, agar pandemiya bu yil chekinib, 2021-yilda dunyo kengroq ochila boshlasa, migrantlardan keladigan daromad ko'pi bilan 6 foizga oshish ehtimoli bor.
2019-yilda Yevropa va Markaziy Osiyoda chetdagi mehnatkashlardan daromad 6 foizga oshib, umumiy miqdorda 65 milliard dollarga yetgan edi.
Lotin Amerikasi va Karib davlatlarida xorijdagi fuqarolardan tushum o'tgan yili 96 milliard dollar, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada 47 milliard dollar, Afrikaning boshqa qismlarida esa 48 milliard dollar, Janubiy Osiyoda 109 milliard dollarga yetgan edi.
Facebook Forum