Breaking News

O'zbekiston: Xorijdagi mehnat muhojirlari davlatdan umidini uzmagan


Xorijdagi fuqarolarni vatanga qaytarish jarayoni to'xtamaydi, deydi Prezident Mirziyoyev
Xorijdagi fuqarolarni vatanga qaytarish jarayoni to'xtamaydi, deydi Prezident Mirziyoyev

Pandemiya O’zbekiston iqtisodiyotining jiddiy tirgagi bo’lib kelgan mehnat muhojirlari va hukumat orasidagi munosabatlarni ham jiddiy sinovdan o’tkazdi.

Davlatlararo qatnovlar to’xtatilishi ortidan charter reyslardan chetda qolgan minglab muhojirlar chegara hududlaridagi dashtlarda qolib ketishdi. Ularning ko'pi qiyinchiliklar bilan uyga qaytishga muvaffaq bo’ldi, ayrimlari esa hamon hukumatdan yordam kutmoqda.

O’zbekistonga qaytayotgan muhojirlarning vatanda aniq bir ish o’rni yo'q, ular tirikchilikka dalda bo’luvchi ijtimoiy yordam ham kutayotgani yo’q.

O’zbekistonga qaytish istagidagi mehnat muhojirlari ko’p, ular to’qnash kelayotgan muammolar cheksiz, lekin xorijga chiqish istagidagilar oqimi pasaymagan.

O’zbekiston Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligiga ko'ra, pandemiya cheklovlari bois 500 mingga yaqin o’zbekistonlik xorijiy davlatlardagi ish joylariga bora olishmagan.

Rasmiy statistikaga tayanilsa, shu yil boshidan 200 mingga yaqin fuqaro xorijdan O’zbekistonga qaytgan. Ularning aksariyati Rossiya, Qozog’iston va boshqa davlatlardagi mehnat muhojirlari.

Pandemiya davrigacha mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag’ O’zbekiston iqtisodi uchun muhim orin tutib kelayotgan edi. Bu mablag’ o’rta hisobda yiliga 4 milliard dollarni tashkil etadi.

Pandemiya boshida Jahon banki Markaziy Osiyo davlatlarini muhojirlar yuborayotgan pul tushumlari keskin qisqarishi haqida ogohlantirdi.

Shunday bo’ldi ham. Rossiyada karantin choralari joriy etilar ekan, aksariyat mehnat muhojirlari ishsiz qolib, O’zbekistonga yuborilayotgan mablag’ ham keskin kamaydi.

Rossiya Markaziy bankiga ko’ra, 2019-yilda Rossiyadan O’zbekistonga jo’natilgan mablag’ miqdori 4,7 milliard dollarni tashkil etgan. 2020-yilga kelib, mehnat muhojirlari pul o’tkazmalari jo‘natayotgan asosiy operatorlar mablag’ jo‘natish 30, ayrim hollarda 50 foizgacha qisqargani haqida ma’lum qildi.

O’zbekiston markaziy banki 2020-yilning birinchi yarmida xorijdan O’zbekistonga yuborilgan mablag’ miqdorini 2,4 milliard dollar sifatida qayd etgan. Ko’rsatkich o’tgan yilning shu davriga nisbatan 150 million dollarga kamaygan.

Markaziy bank O’zbekistonga pul o’tkazmalari iyun oyidan o’sa boshlaganini qayd etmoqda. Iyun oyidagi o’tkazmalar may oyiga nisbatan 136 million dollar (28 foiz) ga ko’paygan.

2020-yilning yarim yilligida xorijdan O’zbekistonga pul o’tkazmalari 2,4 milliardni tashkil etgan. 2019-yilda esa faqat Rossiyaning o’zidan 4,7 milliard mablag’ yuborilgani inobatga olinsa, farq ancha yirik ko’rinadi.

Mehnat muhojirligidan kelayotgan daromad avval ham, hozir ham O’zbekiston ahlining salmoqli qismi uchun asosiy daromad manbai bo'lib qolmoqda. Jahon banki nazarida bu o’tkazmalar - hayotiy zaruriyat.

Biroq uni topish pandemiya sharoitida yanada murakkablashdi. Koronavirusga chalingan yoki bu virusdan vafot etgan o’zbekistonlik migrantlarga doir aniq ma’lumotlar mavjud emas.

Rossiyada mehnat muhojirlari ko’milayotgan norasmiy qabristonlar xususida ma'lumotlar bor. Ular aynan pandemiya davrida paydo bo’lgan va koronavirusdan vafot etgan "kelgindilar" dafn etilgani aytiladi.

Toshkentda Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligi ishtirokida o’tgan matbuot anjumanida chetda nobud bo'lgan fuqarolar masalasi ko'tarilgan.

Vazirlik vakiliga ko'ra, xorijda mehnat faoliyati davomida vafot etgan O’zbekiston fuqarolarining jasadini bepul olib kelish qonunchilikda belgilangan va fuqaro koronavirusdan vafot etgan taqdirda bu masala tegishli idoralar bilan hal etilishi kerak.

Pandemiya bois yuzaga kelgan inqiroz mehnat muhojirligidagi o’zbekistonliklar va hukumat o’rtasidagi munosabatlarni yanada taranglashtirdi.

Yuzlab mehnat muhojirlari ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi. Ularda davlat bu migrantlar topgan puldan manfaatdorligi, ammo muhojirlar boshiga qiyinchilik tushganida tizim ularga befarq ekani haqida arz qilindi.

Mirziyoyev va boshqa rasmiylar xorijdagi fuqarolar vatanga qaytarilishi yuzasidan bir necha bor bayonot qilgan. Rossiya-Qozog’iston chegara hududlaridan to’plangan o'zbekistonliklar avtobuslar va poyezdda vatanga olib kelindi.

Ammo bu choralar kamida 2 milliondan oshiq aholisi mehnat muhojirligida bo’lgan O’zbekiston uchun yetarli emas. Rossiya-Qozog’iston chegarasida yana yuzlab o’zbekistonliklar vatanga qaytish istagida najot kutmoqda. Ish, yashash joyidan ayrilgan, mablag’siz qolgan bu fuqarolar O’zbekiston hukumati madad ko'rsatadi degan umidda.

Rossiya-O’zbekiston orasida tijoriy reyslar tiklanishi kutilmoqda, ammo chipta narxi 900 dollar atrofida. Bu aviqatnovlar pandemiya cheklovlaridan tinkasi qurigan mehnat muhojirlari uchun imkonsiz.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG