Joriy yilning 1-yanvaridan e’tiboran Turkiyadagi noqonuniy mehnat muhojirlarining holatiga daxldor o‘zgarish ro‘y berdi: Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya bosh boshqarmasi turizm yo‘nalishidagi yashash ruxsatnomasining muddati bundan buyon cho‘zilmasligini ma’lum qildi. Ushbu o‘zgarish markaziy osiyolik mehnat muhojirlari orasida biroz vahimaga sabab bo‘ldi, “endi yashash ruxsatnomasi berilmas ekan” degan mish-mishlar tarqaldi.
Til bilmaganlar aldanib qolishi mumkin
Turkiya Oila, mehnat va ijtimoiy xizmatlar vazirligining oxirgi statistik ma’lumotiga qaraganda, 2018-yilda mazkur mamlakatda ishlash ruxsatnomasiga ega O‘zbekiston fuqarolari soni 3969 nafar edi.
Albatta, Turkiyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bundan ancha ko‘p, lekin ularning aniq soni haqida biror nima deyish mushkul. Ba’zilar hech qanday hujjatsiz ishlayotgan bo‘lsa, ayrimlar aynan turizm yo‘nalishidagi yashash ruxsatnomasini olgan holda mehnat qilyapti. Har ikki holat ham qonunga xilof, ammo soliq to‘lamaslik imkonini bergani uchun eng avvalo nohalol ish beruvchilarga ma’qul.
Turk rasmiylari joriy yil boshida kuchga kirgan o‘zgarishdan maqsad aynan noqonuniy mehnat muhojirligiga qarshi kurashish ekanini aytmoqda. Ayni paytda chet ellikni hech qanday hujjatsiz ishga olgan ish beruvchiga solinadigan jarima miqdori 22,5 foiz oshirilib, 10 812 lira (taxminan 1800 dollar) etib belgilandi. Bundan tashqari, noqonuniy mehnat muhojirini deportatsiya qilish xarajatlari uni ishga olgan ish beruvchining zimmasida.
“Amerika Ovozi” Turkiyada yashash ruxsatnomalarini olish bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish maqsadida Istanbuldagi maslahat xizmati ko‘rsatuvchi bir qator firmalar bilan bog‘landi. Firmalar vakillarining aytishicha, rivojlanayotgan davlatlar fuqarolariga turizm yo‘nalishidagi yashash ruxsatnomasining muddati chindan ham uzaytirilmayapti.
Ammo bunday ruxsatnoma uchun ilk bor murojaat qilayotganlarga hech qanday muammo yo‘q. O‘zbekistonliklar “shirkat” deb ataydigan bu firmalar turizm yo‘nalishidagi yashash ruxsatnomasining muddati tugaganlarga boshqa turdagi yashash ruxsatnomasi olib berishga ko‘mak ko‘rsatishini aytmoqda, ularning xizmat haqi o‘rtacha 2000-2500 lira (taxminan 340-420 dollar) atrofida.
Turk tilini bilmaydigan yoki hujjat ishlarini yaxshi tushunmaydigan o‘zbekistonliklar aynan shunday firmalarga murojaat etadi. Uch yildan beri Istanbulda ofitsiantlik qilayotgan namanganlik Nuriddin Azimov yurtdoshlarini hushyorlikka chaqirdi: qop-qop va’da beruvchi ba’zi “shirkatlar” mijozni chuv tushirishi ham mumkin.
“Hamma muammo til bilmaslikda, - deydi Nuriddin. - Yangi kelganlarning aksari tilni tushunmaydi, Migratsiya idorasiga qanday murojaat qilishni bilmaydi. Oqibatda firmalarga ishonib, puliga kuyib qolayotganlar ham bor. Turkchani biladiganlar Migratsiya idorasiga bevosita o‘zi murojaat qilsa bo‘ladi”.
O‘zbeklar – mehnatsevar xalq
Nuriddinning aytishiga qaraganda, har zamonda bo‘ladigan reydlarni hisobga olmaganda, o‘zbekistonliklar Turkiyada bemalol ishlab yuribdi.
“O‘zbeklarni mehnatsevar xalq deb bilishadi, chunki biz mahalliy odamlarga o‘xshab ish tanlab o‘tirmaymiz”, – deydi u.
Ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyada ishlayotgan muhojirlar orasida ish haqini ololmaganlar haqidagi xabarlarni uchratish mumkin. Nuriddin esa bunday holatga duch kelmagan.
“Atrofimda bunday vaziyat bo‘lganini eshitmadim, ko‘rmadim. Ish beruvchilarning 90-95 foizi mamnun: o‘zbeklar yaxshi ishlaydi, o‘zbeklar ishiga sodiq deyishadi. Ba’zi ishxonalarda muammolar chiqib, aytaylik, pul muammosi chiqqanida yoki ishxona yopilganida, ish haqini bir-ikki oydan keyin olganlarni eshitdim. Ishlatib-ishlatib, pulini bermay haydab yuborganlarni esa uch yildan beri hali eshitmadim”, – deydi u.
Nuriddin Azimov muhojirlar qonuniy ishga joylashishi uchun davlat tomonidan yordam ko‘rsatilsa, yaxshi bo‘lardi degan fikrni bildirdi.
Rossiyada mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilib kelayotgan o‘zbekistonlik yurist, Migrant.mobi portali asoschisi Botirjon Shermuhammad ham davlat mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlashi kerakligini aytadi:
“Hukumatimiz shuni hisobga olishi kerakki, fuqarolarimiz ishlash uchun qaysi davlatlarga borayotgan bo‘lsa, o‘sha davlatlarning hukumatlari bilan kelishib, muhojirlarni qiynayotgan masalalarni hal qilishi kerak. Masalan, ko‘pchilik Turkiyaga boryapti. Rossiya va Qozog‘istondan farqli ravishda Turkiyada qonunchilikka rioya qilinadi, politsiya tomonidan muhojirlarga muomala yomon emas, qonun buzilishi holatlari kamroq, odamlarga munosabat yaxshiroq. Shunday ekan, Turkiya hukumati bilan kelishish kerak, bizning fuqarolarimizga yo‘l ochilsin, rasmiy ravishda, mehnat shartnomasi asosida ishlashlariga imkoniyat yaratilsin. Biz qardosh mamlakatmiz, tilimiz yaqin, dinimiz bitta. Shularni hisob olib, bularni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi, hukumatlar o‘zaro kelishishi zarur. U yerda ham ish haqini ololmaganlarning huquqlarini himoyalash bilan shug‘ullanishi kerak hukumat”.
Botirjon Shermuhammadning ta’kidlashicha, mehnat muhojirining norasmiy ishlashi ish beruvchini ish haqini to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi: mehnat munosabati bormi, ishchining haqi to‘lanishi darkor. Qolgan masalalar esa alohida hal qilinadi.
Facebook Forum