Breaking News

Turkiya: O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari haq-huquqsiz, himoyasiz


Farg‘ona viloyatilik Ilhom Turkiyada ishlash uchun 18 yoshga to‘lishini kutdi. Chiqish vizasini olishi bilan Istanbulga - akasining oldiga keldi. Shunday qilib, u ham Turkiyadagi o‘zbekistonlik noqonuniy mehnat muhojirlari safiga qo‘shildi.

Ilhom shu paytgacha biror joyda muqim ishlay olgani yo‘q, ish sharoiti va mehnat uchun to‘lanadigan haq uni qoniqtirmayapti. Ustiga-ustak, turkchada ravon so‘zlasha olmaydi. Ammo u hozircha O‘zbekistonga qaytib ketish niyatida emas:

“Turkiyaga kelganimga uch oy bo‘ldi. Ikki-uchta ishda ishlab chiqdim. Hali hujjat qilganim yo‘q. Topgan pulim ijaraga va yeb-ichishimga ketib qolyapti. To‘g‘risini aytsam, hujjat qilish uchun qayerga borish kerakligi va kimga murojaat qilish kerakligini ham bilmayman. Hali turk tilini ham yaxshi bilmayman. Maqsadim - ishlab pul topish, uydagilarga, ota-onamga yordam berish”.

Ilhomning aytishicha, u bilan bir uyda yashaydigan besh o‘zbekistonlikning Turkiyada na yashashga, na ishlashga ruxsati bor. Ilhom bir necha kun avvalgacha eshik-rom yasaydigan sexda ishlayotgan edi, ammo shamollab qolib ikki kun ishga chiqa olmagani uchun sex egasi uni ishdan bo‘shatdi.

Buning ustiga tibbiy sug‘urtasi bo‘lmagani sababli davolanish uchun dori-darmon unga qimmatroqqa tushdi. Umuman, noqonuniy mehnat muhojirlari davlat tomonidan taqdim etiladigan ijtimoiy imkoniyat va imtiyozlarning hech biridan foydalana olmaydi.

Mehnat muhojirlarining noqonuniy maqomdaligi eng avvalo vijdonsiz ish beruvchilarga qo‘l keladi. Ular noqonuniy mehnat muhojirlarini o‘zlari istagan haq evaziga va nomuvofiq sharoitda ishlashga majbur qiladi.

Albatta, buning uchun qonunchilikda tegishli jazo belgilangan, ammo mehnat muhojirining o‘zi Turkiyada noqonuniy yurgani tufayli hatto qilgan mehnati evaziga haq ololmagan taqdirda ham ish beruvchi ustidan tegishli tashkilotlarga shikoyat qilmaydi. Rossiyadagidan farqli ravishda Turkiyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga o‘z tillarida bepul huquqiy yordam ko‘rsatadigan tashkilotlar mavjud emas.

Turkiya mehnat va ijtimoiy muhofaza vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2017-yili 2465 nafar o‘zbekistonlikka ishlash uchun ruxsatnoma berilgan. Noqonuniy mehnat muhojirlarining aniq sonini esa hech kim aytib bera olmaydi.

Turkiya ham Rossiya, Janubiy Koreya va Qozog‘iston singari o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari eng ko‘p keladigan davlat hisoblanadi. O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotiga qaraganda, joriy yilning birinchi yarmida Turkiya O‘zbekistonga jismoniy shaxslarning pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha AQSh bilan bir qatorda uchinchi o‘rinni egalladi.

Yangi mavsumda Turkiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni yanada ortishi mumkin: Turkiya prezidentining joriy yil noyabridagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolariga Turkiyada 6 oy davomida 3 oy vizasiz qolishga ruxsat berildi. Avval bu muddat 1 oyni tashkil etardi.

Turkiyada qonunan ishga joylashgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining ijtimoiy muhofazasi ham dolzarbligicha qolmoqda. Turkiyada o‘tkazgan yillari ularning O‘zbekistondagi mehnat stajiga hech qanday ta’sir qilmaydi.

O‘zbekistondan farqli ravishda qo‘shni Qirg‘iziston mehnat muhojirlari borasida Turkiya bilan muayyan kelishuvlarga erisha oldi. Xususan, endilikda Turkiyada qonuniy ishlagan Qirg‘iziston fuqarolari buning uchun kelgusida o‘z vatanlarida pensiya olishadigan bo‘ldi. O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari esa ayni paytda bunday imkoniyatga ega emas.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG