Breaking News

O'zbekiston mehnat muhojirlarini himoyalashga intilmoqda


Oliy majlis
Oliy majlis

O’zbekistonda mehnat muhojirlarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash bo’yicha hukumat qarori qabul qilingan. Qaror Prezident Shavkat Mirziyoyevning mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini qo’llab-quvvatlash kafolatlariga doir e’lon qilingan farmoni ortidan qabul qilinmoqda. Yangi tartibga ko’ra, Vazirlar Mahkamasida mehnat muhojirlari bilan shug‘ullanuvchi alohida departament tashkil qilinadi, tegishli vazirlik, viloyat hokimlari tashqi mehnat migratsiyasi bo’yicha tuzilgan Respublika komissiyasiga muntazam hisobot berib turadi.

O’zbekiston hukumati mehnat muhojirlari huquqlarini himoyalash, ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo’yicha qator jiddiy o’zgarishlar qilmoqda.

20-avgust kuni Prezident Mirziyoyev mehnat muhojirlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashga qaratilgan farmonni imzolagan edi. http://www.lex.uz/pdfs/4482648

Bu farmon ortidan Vazirlar Mahkamasi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O’zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo’shimcha chora tadbirlar to’g’risida”gi qarorni qabul qildi. https://t.me/huquqiyaxborot/5413

Unga ko’ra, mamlakatda xorijga vaqtinchalik ishga ketayotgan fuqarolarni davlat hisobidan kasbga qayta o’qitish, kasbiy malakasini oshirish, integratsiyaga moslashishini ko’zda tutuvchi bepul o’quv kurslari tashkil qilinadi.

Prezident farmonida ham, Vazirlar Mahkamasi qarorida ham xorijda mehnat muhojirlariga yordam ko’rsatuvchi asosiy idora sifatida Tashqi mehnat migratsiya agentligi ko’rsatilgan.

Bu agentlik 2020- yildan boshlab Rossiyaning bir qator shaharlarida, shuningdek, Istanbulda, Nur-Sultonda, Dubayda o’z vakolatxonalarini ochadi.

Xorij davlatlaridagi mavjud qonunchilikka ko’ra, mehnat muhojirlari huquqini himoyalash mexanizmni yo’lga qo’yadi, tanlov asosida tegishli mahalliy tashkilotlarni yollaydi, ishlash ruxsatnomasini olish bo’yicha muhojirlarga amaliy yordam ko’rsatadi.

Chet elda vafot etgan, shikastlangan yoki mehnatga layoqatsiz holga kelgan fuqarolarni davlat hisobidan vatanga qaytarishni tashkil etish ham agentlik zimmasiga yuklatilgan.

Vazirlar Mahkamasi qarori bunday vaziyatlarda “Uzbekistan airways” AJ ga vafot etgan, mehnat faoliyati davomida og’ir tan jarohati olgan fuqarolarni bepul O’zbekistonga olib kelishni tavsiya qiladi.

So’nggi o’zgarishlar O’zbekiston hukumati mehnat muhojirlarini ijtimoiy himoyalash uchun jiddiy choralar ko’zlayotganidan darak bermoqda.

Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida Respublika komissiyasi tuzilayotgani, Vazirlar Mahkamasida bu yo’nalish bilan shug’ullanuvchi alohida departament tashkil qilingani, tegishli vazirliklar, hokimiyatlarga mehnat migrantlarining ijtimoiy himoyasi yuzasidan respublika komissiyasiga muntazam hisobot berib turish yuklatilgani mehnat muhojirlari taqdiri hukumat uchun ustuvor vazifalar qatoriga qo’shilayotganini ko’rsatmoqda.

Prezident farmonida mehnat muhojirlari, ularning oila a’zolarini mamlakat ichkarisida qo’llab-quvvatlashga doir bir qator choralar sanab o’tilgan. Jumladan, unda mehnat muhojirlarini arzon narxlardagi uy-joylar bilan ta’minlash, imtiyozli kreditlar ajratish, tibbiy sug’urta xizmatini yo’lga qo’yish haqida ham so’z boradi.

Prezident farmoniga e’lon qilingan rasmiy sharhda 2020-yilda ko’p qavatli uylardan jami 3462 xonadon mehnat muhojirlari uchun ajratilgani ko’rsatilgan.

Farmonda, mehnat muhojirlari, ularning oila a’zolarini samarali tarzda ijtimoiy qo’llab-quvvatlash uchun kompleks chora-tadbirlar, davlat dasturini ishlab chiqish zaruriyati ta’kidlangan.

Mehnat muhojirligi O’zbekistondagi ijtimoiy, iqtisodiy vaziyatning ajralmas bir qismiga aylanganiga o’n yillardan oshdi. Sobiq tuzum davrida ham millionlarni tashkil etgan muhojirlik oqimi tan olinmagan. Aksincha, mehnat muhojirlariga munosabat salbiy ko’rinishda edi.

Mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan mehnat muhojirlariga nisbatan hukumat munosabati ham o’zgardi. Migratsiyaning asosiy sababi mamlakatdagi ishsizlik ekani tan olindi.

Ayni paytda ham mehnat muhojirlarining soniga doir aniq raqamlar yo’q. Ammo birgina Rossiyada ikki millionga yaqin o’zbekistonliklar borligi aytiladi.

Mutaxassislarga ko’ra, yaqin yillarda mehnat muhojirligi oqimi pasayishi kutilmaydi. Mamlakatda bu oqimga ta’sir qilishi mumkin bo’lgan ish o’rinlari yaratilayotgani yo’q. O’zbekiston yaqin kelajakda arzon ishchi kuchi yetkazib beruvchi mamlakatlar qatorida qoladi.

Shu sabablar bois ham, millionlab fuqarolarni tashkil etuvchi mehnat muhojirlari huquqini himoyalash, ularning malakasini oshirish, ijtimoiy, iqtisodiy-siyosiy jihatdan qo’llab-quvvatlash hukumat uchun dolzarb sanalmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG