8-iyun kuni O’zbekiston Transport vazirligi iyun oyida xorijdagi o’zbekistonliklarni evakuatsiya qilish maqsadida charter reyslari jadvalini e’lon qildi. Mazkur parvozlar pandemiya davrida xorijda qolib ketgan o’zbekistonliklarni ortga qaytarish uchun may oyidan beri amalga oshirilyapti. O’zbek matbuotiga ko’ra, charter reyslar O’zbekiston prezidenti Mirziyoyev ko’rsatmasidan so’ng respublikada tuzilgan maxsus komissiyasi chiqargan qaror asosida yo’lga qo’yilgan. Jadvalda AQShga charter parvozlar ko’zda tutilmagan. Biroq, norasmiy ma’lumotlarga muvofiq, Qo’shma Shtatlar hududida 300 dan ortiq o’zbekistonlik bir necha oydirki, O’zbekistonga qaytish maqsadida charter reyslarni kutmoqda. Shulardan biri, asli samarqandlik, hozir Pensilvaniya shtatida yashab kelayotgan Safarali Hasanov.
Mavjud vaziyatni u “Amerika Ovozi”ga hikoya qilib berdi.
“Rejamizga ko’ra biz 2-aprel kuni O’zbekistonga qaytishimiz kerak edi. Lekin, pandemiya sabab yo’llar yopildi. Shu sababli biz O’zbekiston elchixonasiga murojaat qildik. Yigitlarga rahmat, u yerda Farhod Azimov, Qahramon Dalimov juda yaxshi muomala qilishdi. Ammo, ular ham “(Charter reyslarni tashkil qilish) bizga bog’liq emas” deb javob berishdi. Bu masalani faqatgina O’zbekiston Havo Yo’llari va O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hal qilar ekan. Shunday bo’lsada, ular bizdan pasport nusxalarini olishdi. Qaytishimizning zaruratini so’rashdi. Ammo ko’p joylardan, boshqa davlatlardan O’zbekiston o’z fuqarolarini olib chiqayotgan bir vaqtda Amerikaga haligacha charter reyslar tashkil qilinmagan. Biz aprel oyidan beri charter reyslarni kutyapmiz”- deydi Safarali Hasanov.
Safarali Hasanov elchixona bilan doimiy muloqotda bo’lsada masala ijobiy hal etilmaganidan tashvishda.
“O’zbekiston elchixonasiga nima uchun charter reyslar tashkil qilinmayapti, odam yo’qmi desam, yo’q charter reyslar tashkili qilinmagan bo’lsa ham, O’zbekistonga qaytishni xohlovchilar ko’p, ularning soni bir samolyotdan oshgan deyishdi. Vaziyat shunaqa ekan, nega hamon charter reyslar tashkil qilinmagan?”- deya savoliga javob ololmay sarson Hasanov.
Koronavirus tarqalishini oldini olish chora-tadbirlari sifatida O’zbekiston 2020-yilning 16 martidan barcha Xalqaro aviaqatnovlarni to’xtatgan. 30-martdan esa O’zbekiston hukumati qaroriga muvofiq barcha aeroportlar yopildi. Buning ortidan ichki va tashqi aviaqatnovlar, shu jumladan, mamlakat fuqarolarini xorijiy davlatlardan hukumatning maxsus qarorlari asosida ortga qaytarish uchun yo’lga qo’yilgan charter reyslar ham to’xtagan.
May oyida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev topshirig’i bilan charter reyslar qayta yo’lga qo’yilgan. Shundan so’ng avvalida asosan Rossiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklaridan O’zbekiston fuqarolari jadval asosida mamlakatga keltirilgan. Ortga qaytarilganlar karantinga olingan. Keyinchalik shu kabi charter reyslar boshqa davlatlarga ham uyushtirilgan. Shavkat Mirziyoyev o’z chiqishlaridan birida may oyi o’rtalariga kelib O’zbekiston 39 000 kishini chet ellardan mamlakatga qaytargani, xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan yana 12 000 kishini yaqin orada vatanga qaytarishni mo’ljallayotganini aytgan.
Birgina Rossiya hududidan O’zbekistonga qaytarilishini so’rab mamlakatning Moskvadagi elchixonasiga ariza topshirganlar soni 80 mingdan oshiqligi yoziladi saytlarda.
AQShda doimiy yashab mehnat qilayotgan o’zbekistonliklar soni 100 mingdan oshgan. O’zbekistonga shu kunlarda qaytishni istayotganlarning hammasi ham grin karta egalari emasligini ta’kidlaydi “Amerika Ovozi” suhbatdoshi Safarali Hasanov ham, o’zbekistonlik diplomatlar ham.
“Zarurat borki, pandemiyaga qaramasdan O’zbekistonga qaytishni rejalashtiryapmiz”- deya tushuntirar ekan Hasanov, bu davrdagi safar mas’uliyatidan xabardorligini yashirmaydi u.
“Biz O’zbekistonga qaytgach 14 kun karantinda saqlanishimizni ham bilamiz. Pandemiya vaqtida samolyotda virusni yuqtirish xavfi balandligini ham bilamiz. Lekin bu ishni tashkillashtirish mumkin-ku. Maxsus niqoblarni ham O’zbekiston Havo Yo’llarining o’zi tashkil qilshi mumkin. Nahotki, bu ish shunchalik qiyin bo’lsa?! Karantinga oluvchi qator markazlar qurilgan, kasalxonalar va sihatgohlar bor. Shu yerlarga joylashtirish imkoni bor-ku. Mening bilishimcha, O’zbekistonga qaytishi kerak bo’lgan odamlar barcha shtatlarda bor. Ko’plari, albatta, Nyu-York va Pensilvaniya shtatlaridan. O’zbekistonga qaytuvchilar juda ko’p. Hammaning o’z rejalari bor. Har doim O’zbekistondan Amerikaga, bu yerdan O’zbekistonga qatnov bo’lgan”- deya yuz-ko’zida mayuslik bilan gapiradi Hasanov. Shu o’rinda taklifini ham qo’shib qo’yadi u. “Amerika, Turkiya, BAA va boshqa davlatlardan qaytayotgan fuqarolarni Toshkent va uning atrofidagi sanatoriyalarga ularning xohishlariga qarab pullik joylashtirish mumkin. Bu ham biznesning bir turi. Yana bir taklifim, yo’llovchilarni kasallikdan himoyalash niqoblari, maxsus kiyimlarni ham O’zbekiston Havo Yo’llari tashkil qilib, qiymatini aviachipta ustiga qo’shishsa hech kim e’tiroz bildirmasa kerak” - deya taklif kiritmoqda Safarali Hasanov.
Charter reys yo’lga qo’yilmasa odamlar o’zlarini yanada og’irroq vaziyatga tushishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda suhbatdosh. Shuni e’tiborga olib milliy aviakompaniya va mutassadilar ish tutishlarini iltimos qilmoqda Safarali Hasanov.
“Agarda Nyu-York - Toshkent charter reysi ochilmasa, biz boshqa davlatlar orqali uchib borishga majbur bo’lamiz. Lekin buning ham o’ziga xos qiyinchiliklari bor. Axir tranzit yo’llari ham yopilib qolishi ham mumkin-ku. Misol uchun, Istambul yoki Moskva orqalimi, yoki boshqa davlatlar orqali uchib borish mumkin. Ammo, u yerda ham pandemiyaning ikkinchi bosqichi qo’zg’alib, yo’llar yopilib qolishi mumkin-ku. O’zbekiston Havo Yo’llari orqali parvoz qilmoqchi bo’lganlarning birontasi bepul uchmaydi-ku, nahotki shu masalani hal qilish shunchalik og’ir bo’lsa?! Bizning iltimosimiz - Amerika bilan ham charter reyslar ochilsin. Biz u yerga borib karantinga turishga rozimiz. Bu birgina mening emas, balki Amerikadan qaytmoqchi bo’lgan ko’pchilikning fikri” - deydi pensilvaniyalik Safarali Hasanov.
O’zbekistonga qaytish uchun oylab yelib yugurishlarini tushunmayotganlarga Safarali Hasanov falsafiy rivoyat bilan javob bermoqda.
“Bir kishi xorijiy shaharga kelib, bozorga kiradi. Bir asalfurushning asalini yalab ko’rib, shunchalik shirin ne’matni sotib, bundanda shirinroq nima olib yeysan” deb so’ragan ekan undan. Amerikadan O’zbekistonga qaytmoqchiman desam, ko’pchilik shunga o’xshagan savollar berishadi. Amerikani qo’yib nima qilasiz, O’zbekistonga borib, deb. Axir, O’zbekiston mening tug’ilgan yurtim, kindik qonim to’kilgan joyim, Vatanim. U yerda mening farzandlarim bor. O’gil-qizlarim, nabiralarim bor. Ularni sog’inaman” - xulosa qiladi suhbatdosh.
Yangi jadvalga muvofiq 21-iyunga qadar 23 ta charter qatnovi amalga oshiriladi. Reyslar Rossiya, Italiya, Janubiy Koreya, Oman, Qatar, Ukraina, Turkiya, Dubay, Tayland va Hindiston mamlakatlaridan vatandoshlarni ortga qaytarish uchun amalga oshiriladi.
AQShga qachon maxsus aviaqatnov bajarilishi rasman e’lon qilinmagan. Oldingi sotilgan chiptalar esa 2-iyul va undan keyingi sanalarga ko’chirib berilmoqda. Muntazam aviaqatnovlar 2-iyuldan haqiqatdan qayta ochilishi to’g’risida O’zbekiston Havo Yo’llari rasmiy saytida hali e’lon qilinmagan (Maqola tayyorlanayotgan vaqtda). Nyu-Yorkdagi ayrim aviakassalar esa O’zbekistonga yangi aviachiptalarni 14-iyul sanasidan sotishni boshlagan. Reyslar jadvalini http://mintrans.uz saytidan olishingiz mumkin.
Facebook Forum