Breaking News

Pandemiya davrida Nyu-Yorkda ijod qilgan o'zbekistonlik adib


Bruklin ko'prigi, Nyu-York
Bruklin ko'prigi, Nyu-York

Amerikaga O'zbekistondan har yili minglab odam kelib ketadi. Ular orasida ko'pi ota-onalar. Farzandlari bu yerda ekani uchun viza olayotgan qatlam. Keksa yoshdagilarning AQShda taassurotlari va kechinmalari o'zgacha. Ular bu yerga imkoniyat izlab kelmaydi. Lekin avlodlari nega bu yurtga intildi? Qanday sinovlardan o'tmoqda? Okean ortiga sayohat bu insonlar uchun bolalarining rohatini ko'rishdir. Amerikani ular shu nuqtai-nazardan tahlil qiladi. Bugungi suhbatdoshimiz - olim va adib Asliddin Qamarzoda.

- Koronavirus paytida qanday qilib Amerikadasiz?

- Samarqand davlat universitetida nashriyoti xodimi, kafedra laboranti, katta laborant, assistent, katta o'qituvchi, dotsent, professor lavozimlarida 58 yil ishladim. Hozir pensiyadaman. O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, Ikkinchi darajali Mehnat faxriysi nishoni sohibdoriman. Filologiya fanlari nomzodi, professor. “Xalk og‘zaki ijodi”, “Adabiyot tarixi”, “Hozirgi davr adabiyoti”, “Jahon adabiyoti” fanlaridan ma’ruzalar o‘qib, shuningdek, “Jurnalistika asoslari” fanidan maxsus kursdan dars berganman.

O'zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasining a’zosi (10 yil Samarqand davlat teleradiokompaniyasida teleko'rsatuvlar muharriri lavozimida (SamDUda hamkorlik bilan) ishlaganman.

Tojikiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi. Turon Fanlar akademiyasi akademigi hamda shu akademiyaning Samarqanddagi bo'limi rahbarining muovini va ilmiy kotibi. Tojik, o'zbek va rus tillarida 50 dan ziyod ilmiy, badiiy, publitsistik asarlarim, oliy va o‘rta maktablar uchun 10 dan ziyod darslik kitoblarim va tojik va o'zbek tillarida bir qator tarjima asarlarim nashr etilgan.

Kitoblarim Tojikiston va Eronda, maqola va hikoyalarim Rossiya, Chexiya, Olmoniya va boshqa mamlakatlarda nashr etilgan.

Sobiq Ittifoqdosh respublikalar hamda Chexiya, Olmoniya, AQSh, Eron, Pokiston, Afg‘oniston mamlakatlarida yozuvchi, olim, jurnalist do'stlarim bisyor. Shuning uchun bo‘lsa kerak, meni “do‘stlik ko‘prigi” deb tilga oladilar. Shu haqda kӯp maqolalar, she’rlar ham yozilgan.

Navbahor, sizning jurnalistik faoliyatingizdan anchadan beri xabardorman. O'zbekistonda akkreditatsiya qilingan jurnalist ekanligingizdan xursandman. Buni o‘sha paytlar Sizning tumandoshlaringiz bo'lgan shogirdlarimga bayon qilganman. Maqolalaringiz, chiqishlaringizni muntazam kuzatib boraman. Shu o‘rinda aytishim kerakki, xorijdagi jurnalistlarimizdan Jahongir Muhammad, Ulug‘bek Ashur, Namoz Normo’min, Solijon Yahyoev chiqishlari ham menga haqiqatni yoritshliklari bilan juda ma’qul. “Ozodliki” radiosi “VVS”da ishlaydigan yana bir-ikkita jurnalistlar bor.

Endi Amerikaga kelganim sababalari to'g‘risida.

Bizning bolalik va yoshlik chog‘larimizda Amerikani urushshqoq, zolim, dahshtli mamlakat sifatida talqin qilardilar. Faqatgina ba’zi ilmiy adabiyotlarda Amerikaning yuksak taraqqiyot mamlakati ekanligidan xabardor bo‘lib turardik. Borish-kelishlar uyoqda tursin, Amerika to'g‘risida biron og‘iz yaxshi gapirish taqiqlanardi.

Mustaqillik tufayli Amerika eshigi biz uchun ham ochildi va borish-kelishlar yo'lga qo‘yildi. Ko‘rib turibsizki hozir Amerikada o'zbekistonliklar deyarli o'z yurtida yashab yurganday. Ko‘pchiligi ishlaydi, o'qiydiganlar ham ancha... Shular qatorida mening qizim va kuyovim ham 5-6 yildan buyon shu yerda.

Men hali mustaqillikning dastlabki yillaridanoq birinchi bo‘lib bu yerga kelgan o'zbekistonliklarga havas qilib Amerikaga kelishni niyat qilib yurgandim. Lekin turli sabablar bilan kelolmadim. Nihoyat men birinchi marta 2015 yil yozida Amerikaga kelib bir oy bo‘lib ketdim. Gapning ochig‘i, unda Amerikada kelib bir-ikki dollar topib yurish-turishlari o'zgarib ketgan vatandoshlarimizning xatti harakatlari menga yoqmagan edi. Bu haqda men “Samarqandliklar Amerikada” nomli safarnoma kitobimda ham yozganman. Ikkinchi marta 2017 yilda kelib bu gal uch oy bu yerda yashadim. Vashington, Niagara, Filadelfiya. Baltimor kabi shaharlarda bo‘ldim. Vatandosh yoshlarimizning shu erdagi kollejlarda o'qib, ma’lumotli mutaxassis bo'lib, amerikaliklar bila bir safda ishlayotganlarini ko‘rib quvondim. Bu yerga kelib qolgan vatandoshlariiz – buxoro yahudiylaridan bo'lgan olim va yozuvchi, san’atkor do'stilarim Robert Pinxasov, David Ochildiev, Mixail Zovul, Boris Qandov, Rafael Nektalov, Emmanuel Ribkov, Merik Rubinov, Rena Elizarova, Ezro Malakov, Tamara Kataeva, Muhabbat Shamaeva, Meri Aronboyeva, Albert Norkallaev, Roshel Ruben, davlat arboblari Iosif Badalov, Ari Kagan va boshqalarni uchratdim. Ular nashr etayotgan “Buxarian tayms” haftalik gazetalari bilan hamkorlikda uch tilda (rus, o'zbek va tojik tillarida) “Zamon tayms” nomi bilan haftalik gazeta nashr etishni yo‘lga qo'ydik. Bu galgi safarim taassurotlari “Amerika daftari” nomli kitobimda nashr etilgan.

Endi bu galdagi – uchinchi safarim to'g‘risida. Mening bu safarim ӯtgan yilga mo'ljallangan edi. AQShga kelish uchun bir yillik navbatdagi vizani 2019-yil avgust oyida olgan edim. Lekin muayyan oilaviy sabablar tufayli kelishim sal kechroqqa tӯg‘ri keldi.

Nihoyat 2020-yil 30-yanvar kuni Toshkent-Nyu-York reysi bilan Amerikaga uchib keldim. Kennedi nomli aeroportda meni har galgiday qizim Umeda va kuyovim Akmaljonlar kutib olishdi. Xudoga shukr, ular endi qandaydir ijarachining ijara uyida emas, o‘zlarining uyida yashaydigan bo‘libdilar. Amerika prezidenti Trampga tegishli 23 qavatli qator uylarning biridagi ikkinchi qavatda, ikki xonali uyda men uchun alohida joy tayyorlab qo'yibdilar. Ana shu uyda mana 5 oydan ko‘proq vaqtdan beri yashab kelmoqdaman.

Qizig‘i shundaki, men Samarqandda bo‘lgan vaqtimda mana shu la’nati karanavirus hali Xitoyda edi. Bizning kelishimizni poylab turgan ekanmi, harqalay mart oyidan boshlab butun jahonga, jumladan Amerikaga ham bu kasallik vabo tariqasida ken tarqaldi va hademay biz ham uydan chiqmaslik shart-sharoitiga yo'liqib, keyin ko‘nikib qoldik. Ayniqsa biz yashayotgan Bruklin ancha jiddiyroq maskanlardan bo'lib qoldi. Na chora? Yashash kerak. Bedilning bir bayti bor:

Zindagӣ bar sar fitodast Bedil, chora chist?

Shod boyad zistan, noshod boyad zistan!

Demak, qisqa qilib aytganda, “Boshga tushganni ko‘z tortar”!

Mana, bir necha oydirki shu ahvolda. Lekin ko‘nikdik ham. Bu haqda men “Munojot”, “Karantin” nomli manzumalar, “Yigirma birinchi asr Zahhogi” nomli esse ham yozdim. Ularni O‘zbekiston matbuotiga yubordim, bilmadim nashr qildilarmi yo'qmi.

Amerikaga kelgan dastlabki kunlarim hali karantin yo'q paytida samarqandlik ishbilarmon tadbirkorlar Kvinsda “Samarqand Antep Gilam” do‘konini ochgandilar. Bu do‘konnig tantanali ochilish tadbirida qatnashib “Amerika Ovozi” ga intervyu ham bergan edim.

Akademik Asliddin Qamarzoda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda
Akademik Asliddin Qamarzoda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

- Pandemiya o'chog‘ida yashash qanchalik qiyin kechdi? Bu davrdagi kechirmalaringiz...

- Karantindan talvasaga tushganim yo'q. Ijodkor sifatida darrov bir narsa esimga tushdi. Bir vaqtlar Italiyada shunday vabo kelib, ko‘pchilik shahardan chiqib ketishgan. Shu bahona Bokkachcho degan yozuvchi “Dekameron” kitobini yozadi. Unga ko‘ra 5 yigit va 5 qiz Venetsiya tashqarisidagi bir qasrga chiqib vabo davrini o‘tash maqsadida o‘n kun yashaydilar va har kuni bittadan hikoya aytadilar. Bularning jami 100-ta hikoya bo‘lib “Dekameron”da birlashgan.

Men esa do‘stlarimga aytdimki, o‘nta shoirdan o‘ntadan g‘azal tanlab 100-ta muxammas yozaman. Chunki bu janr menga ma’qul va bundan oldin “Nuri Ziyo. 101 muxammas” nomli kitobim ham nashr etilgandi. Lekin men aytgancha 10 ta shoirdan emas, 40-ta shoirdan bo‘ldi bu 100 muxammas. Buning sababi esa boshqa.

Shu bilan birga bir qator she’r va maqolalar yozdim.

Shu paytda Muborak Ramazon oyi ham etib keldi. Men shu bahona bilan Shukur Dadashning “Hadis – hayot shamchirog‘i” nomli kitobchasini tojik tiliga tarjima qildim. Men bu kitobchadagi har bir hadisni har kuni birtadan muxammas bilan birgalikda o‘zim ta’sis etgan “Samarqandnoma” Feysbuk sahifasidan bermoqchi bo‘ldim. Qizig‘i shundaki, bu kitobchada ham 30-ta hadis keltirilgan. Mana bu ish ham nihoyasiga etdi. Men har kun muxlislardan o'nlab minnatddorchilik nomalar olib turibman. Bundan tashqari taniqli qozoq yozuvchisi Abayning 175 yilligi munosabati bilan uning “Iskandar” dostonini ham tojik tiliga tarjima qildim.

Men tazkiranavis adib sifatida bir nechta tazkira va to‘plamlar tayyorlab nashr eetirganman. Amerikada ham jim turolmay “Muhojir adiblar tazkirasi”ni tuzishga jazm qildim. Hozircha tojik va rus tillarida yozuvchi shoirlardan ancha materiallar to‘pladim. Bu tazkira uch tilda bo‘lib, barcha muhojir adiblarimiz (ijodkorlarimiz) asarlarini qamrab olishini nazarda tutganman.

Bulardan tashqari O'zbekiston matbuotiga ham ba’zi materiallar berib turibman.

Karantin davridagi bir ijodkor uchun shunisi etsa kerak.

Asliddin Qamarzoda qariyb 60 yildan beri O'zbekiston ta'lim tizimida ishlab keladi. Fan arbobi, adib va ustoz.
Asliddin Qamarzoda qariyb 60 yildan beri O'zbekiston ta'lim tizimida ishlab keladi. Fan arbobi, adib va ustoz.

- O'zbekiston vatandoshlardan nima kutmoqda va ular nima bera oladi?

- O'zbekiston Amerikaga kelgan vatandoshlardan nima kutayotgani barchaga ayon: bu dollar. Tirikchiklik, hayotni yaxshiroq o'zanga ko'chirish, dang‘illama uy-hovlilar qurish, dabdabali to'ylar o‘tkazish (ayniqsa samaqandliklar uchun). Shu bilan bolalarining kelajakda o'qishi uchun (sir emas korrupsiyalashib ketgan O‘zbekiston oliy o'quv yurtlariga kirish uchun pora va keyinchalik kontrakt, superkontrakt va boshqa xarajatlar uchun) pul to'plash ularning asosiy maqsadi.

Lekin hozir Amerika oliy o"quv yurtlarida tahsil olib, mutaxassis bo‘lib shu yerda ishda qolayotgan, hatto butunlay shu yerda yashashni ixtiyor etayotgan yoshlar ham ancha. Ularning ba’zilari hattoki ona tilini ham unutgan va O'zbekistonning bahridan kechgan. Bulardan O'zbekiston nima kutadi? Bot-bot eshitib turamizki, bu yerdan Vatanga qaytganlarga ish ham yo'q va hatto ba’zilar shubha ostida yashaydi. Va’dalar bilan chaqirilganlar qiynoqqa uchraydi.

- Xorijdagi mutaxassislar O'zbekistonga kerak. Lekin ular bilan qanday ishlash lozim?

- Bizningcha, hozir Amerikada va boshqa chet el mamlakatlarida ham bizning yoshlardan yaxshi mutaxasislar tayyorlanmoqda. Ularga vatanga qaytganlaridarn so‘ng yaxshi sharoit, durust maosh belgilansa ancha yaxshi va samarali bo‘lishi mumkin, inshoolloh.

Men Jahongir Muhammad, Ulug‘bek Ashur va “Amerika Ovozi”dagi muxbirlarning chiqishlarni kuzatib boraman. Ularda yaxshi tahlillar bor. Men ularning ko‘piga qo‘shilaman ham. Hatto ba’zi hokimu hokimchalarning nohaqliklaridan g‘azabim ham keladi. Mana shulardan Prezident Shavkat Mirziyonvning xabari yӯqmikan degan taajjubdaman. Bularni Xudo ko‘rib turibdiku! Ana shu nohaqliklar, bechoralarning uylarini buzishlarning kasofati tufayli mana shu vabo, tabiiy ofatlar va hattoki suv omborining o‘pirilib ketishi! “Mana senga uy buzish qanaqa bo‘ladi!” degan javob Xudo tomonidan bo‘lganday! O‘zini bilag‘on, man-man deb yurgan olimlarchi? Aslida ular ilmiy ishlarni ham, risolalarni ham harom pul bilan yozdirib olgan “allomai zamonalar”... Kechirasiz, bu boshqa mavzu...

Bizning ijtimoiy va iqtisodiy hayotimizni chet eldagi mutaxassislar bizning chalajon olimlarimizdan yaxshiroq bilishadi va tahlil ham qilishadi. Jumladan O‘zbekiston tarixi, Orol muammosi, Davlat tili, millatlar o‘rtasidagi munosabat, iqtisodiyot va boshqalar.

Men O‘zbekistonning o‘zidan ham ana shunday olimlar etishib chiqishi tarafdoriman. Prezidentimiz atrofida savodi g‘ovlab ketgan, qotib qolgan muttahamlar emas ana shunday tetik va bilimdon, halol mutaxassislar bo‘lishini xohlayman.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG