Turkiyada koronavirus tarqalishi tufayli yopilgan savdo markazlari, kiyim-kechak bozorlari, sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari 11-maydan boshlab ochildi. Bu yerlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilab bergan qoidalarga rioya etilishi zarur, aks holda jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi.
“Qanday ishlashga ham hayronman, talablar qattiq, – deydi Izmir shahrilik O‘g‘uz ismli sartarosh. – Lekin amal qilmasdan boshqa ilojim yo‘q, tirikchilik qilishim kerak-ku. Aslida karantin paytida ham bo‘sh o‘tirmadim, mijozlarning uylariga borib ishladim”.
Sartaroshxonalarda ustara bilan soqol olishga, go‘zallik salonlarida esa yuz parvarishi o‘tkazishga ruxsat yo‘q. Bu yerlarda muntazam ravishda dezinfeksiya o‘tkaziladi, xodimlar himoya niqobida bo‘ladi va har bir mijozga xizmat ko‘rsatishdan oldin steril qo‘lqopini almashtiradi.
Savdo markazlari to‘liq ochilgan emas: kinoteatrlar, tamaddixonalar va ko‘ngilochish nuqtalari va namozxonalar hozircha ishlamayapti. Mazkur markazlarda odamlar soni cheklangan bo‘lishi zarur; keluvchilar tana harorati o‘lchalgandan keyingina ichkariga kiritiladi. Mutaxassislar juda zarur bo‘lmasa, savdo markazlariga, ya’ni odamlar ko‘p yig‘iladigan joylarga bormay turishni maslahat bermoqda. Turkiya muhandis-mexaniklar palatasining Anqara filiali vakili Serdar Ulu “Amerika Ovozi” bilan suhbatda koronavirus infeksiyasi havodagi muallaq tomchilar orqali yuqishi mumkin bo‘lganidan savdo markazlaridagi havo mutlaqo toza va ventilyatsiya tizimi soz bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
“Savdo markazlaridagi hojatxonalarda qo‘lni qurituvchi moslamalardan emas, balki qog‘oz sochiqlardan foydalanish zarur, shunisi xavfsizroq deb o‘ylaymiz. Bu moslamalar yuqori haroratli havo purkasa ishonchli bo‘lishi mumkin, lekin hojatxona ichida ma’lum darajada havo aylanishiga sabab bo‘lgani uchun tahlikali deb hisoblaymiz”, – deydi u.
Shuningdek Serdar Ulu taksilarda konditsionerdan foydalanish o‘rniga oynalarni ochgan holda havo almashtirgan ma’qul ekanini aytdi.
Vatandosh ayollar uchun xayriya aksiyasi
Turkiyada ayrim choralar yengillatilayotgan bo‘lsa-da, hayotning avvalgiday izga tushib ketishiga hali bor, hukumat cheklovlarni bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirgan. Ayni paytda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining ba’zilari tezroq ishga qaytishni, ba’zilari esa vatanga qaytish uchun charter reyslar ochilishini kutmoqda.
“Koronavirus sababli karantin eʼlon qilinganiga deyarli ikki oy bo‘ldi. Bu orada Turkiyadagi minglab vatandoshlarimiz ishsizlikdan oziq-ovqat, ijara, dori-darmon va boshqa zarur narsalarga pul topolmay chorasiz ahvolga tushib qolishdi”, – deydi ayni payt Kastamonu shahrida yashayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Sanjar Said.
U va yana bir necha ko‘ngilli Turkiyadagi o‘zbekistonliklarga yordam ko‘rsatish uchun 8-may kuni xayriya aksiyasi boshladi. Birinchi galda Istanbuldagi korxona, restoranlarda va boshqa kunlik ishlarda ishlagan, hozirda ishsiz va pulsiz qolgan ayollarga oziq-ovqat yordami tarqatiladi.
“Shaxsan men tanigan qirqdan ziyod vatandoshimiz telefonlarini, tilla buyumlari, ijaraga olgan uyidagi o‘zlari xarid qilgan mebel va oshxona jihozlarini sotishga majbur bo‘lishganidan xabardorman, – deydi ko‘ngillilardan biri Beknazar Rahmatov. – Turkiya hukumati iyun oyidan boshlab karantin choralarini yumshatishni rejalashtirmoqda, lekin bu ishsiz qolgan o‘zbeklar iyun oyidan ish bilan taʼminlanadi degani emas. O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulligi imkon darajasida oziq-ovqat mahsulotlari tarqatmoqda, biroq talab juda ko‘p. Shu sababdan saxovatli va oqibatli yurtdoshlarimizni Turkiyada og‘ir ahvolda qolgan vatandoshlarimiz, birinchi o‘rinda ishsiz va pulsiz qolgan ayollar uchun oziq-ovqat mahsulotlaridan oz bo‘lsa ham ko‘mak berishga o‘z hissasini qo‘shishga chaqirib qolaman”.
Ko‘ngillilarning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyada koronavirus pandemiyasi tufayli ishsiz qolgan o‘zbekistonliklarning aksari xotin-qizlardir. Shuning uchun ham xayriya aksiyasi aynan ularga mo‘ljallangan.
“Hozir ba’zi ish joylari ochilgan, erkaklar yukchilik qilib bo‘lsa ham pul topishi mumkin, ayollar esa bunday qilolmaydi, – deya tushuntiradi Beknazar Rahmatov. – O‘zbekistonga ketish uchun aviachipta olib, ishdan bo‘shganlar ham talaygina, lekin yo‘llar yopilib qolib ketishdi. O‘ttizinchi martgacha chipta olganlar pullarini qaytarib olishganini bilaman, qolganlar ololmagan. Aqalli chipta puli qaytarilsa, amal-taqal kun kechirib turishgan bo‘lardi”.
Facebook Forum