Cheklangan erkinlik, vahima, besaranjomlik... Xayoliy xavfu-xatarlar hayotiga ko'chgan Nyu-York va nyuyorkliklar. Koronavirus pandemiyasi davrida nyuyorkliklarning avvalgi osuda shu bilan birga jo'shqin hayotidan asar ham qolmadi. Koronavirus girdobida qolgan davrga o'zbekistonlik vatandosh, olim va yozuvchi Surxon Bo'riyev nigohi.
(Surxon Bo'riyev 2019-yil Toshkentda nashr etilgan “Tanholik tantanasi” romani muallifi)
Surxon Bo'riyev: Yo'qotmaguncha mavjudlikni his etmoq dushvor. Koronavirus balosi bir muddat insoniyat erkinligini cheklab qaysidir ma'noda osuda hayotimizning eng mazmunli bir qismini olib qo'ydi desak mubolag'a bo'lmaydi. Evaziga esa bizga vahimani, tahlikani va besaranjomlikni tutqazdi.
Bolaligimdan eslayman, hovlimiz to'ridagi o'qariqning yoqasida sim-siyoh chumolilarning ini bo'lardi. Ba'zan akam hovlimizga suv ochib ariqni damba qilgan kezlarida o'sha mitti kovaklarni ham suv yuvib, yegulik g'amlayotgan ko'plab chumolilarni uzoqlarga oqizib ketar edi. Ertasi kunlari esa hasharotlar galasi yashayotgan in atrofiga cho'mgan noodatiy sokinlikni kuzatish mumkin bo'lardi. Negadir, kechagi falokatdan qochib o't-o'lanlar orasidagi o'rgimchakning to'rlariga ilinib qolgan chumolilar ko'proq diqqatimni tortardi. G'alati, biroq o'shanday kezlarda men ko'pincha ularning orasida bo'lib qolishni, osuda hayotimizga, qanday bo'lishidan qat'i nazar, sira kutilmaganda bostirib kirishi mumkin bo'lgan tabiiy ofatni yana ham yaqindan ko'rishni, bir lahzada kundalik yashash tarzining qay holatda ostin-ustin bo'lishini-yu ertasi va undan keyingi kunlarda esa hayotimizga inajak durimsor o'zgarishlarni va sovuq kechimlar xususidagi tasavvurlarimni ko'p bor xayolimda jonlantirganim rost...
Fevral oyining oxirlari, internet tarmoqlarida uzuq-yuluq xabarlar tarqaldi. Noxush esintilar esib, odamlar orasida gap bolaladi. "Chinda allaqanday yuqumli kasallik tarqagan emish...", "Parrandami, darrandami, yo bo'lmasa hashoratmi har tugul irqi mujmal ko'rshapalakdan ilhomlangan xastalik havo orqali insonlarga yuqib jadal sur'atda dunyoga sachrayotganmish...", "Bu ofatdan qochib-qutilib bo'lmasmish, baloga yo'liqqanlar esa hayot bilan vidolashayotganmish..." xullas, bir-biridan hurkituvchi so'ylantilar kuchaygandan kuchaydi. Oradan bir hafta o'tib Amerikaning Kaliforniya shtatida ham shunday xastalik bilan kasallangan bir bemor topilganligini va shu kunlarda allaqanday harbiy bazaning izolyatsiya bo'limida saqlanayotgan o'sha inson tekshiruvlar jarayonida ekanligi haqidagi mish-mishlar ham tarqaldi.
Biz New-Yorkda yashayotgan bo'lishimizga qaramay vahimalar o'z-o'zidan yonimizda urchib, ahyon-ahyon og'ziga g'ilof taqqan osiyoliklarni ham uchrata boshladik. Men esa avvaliga bu holatga e'tibor bermadim. Buni bema'nilik deya baholadim. Hatto farzandlarim maktabida ko'pchilik xitoylik bolalar og'ziga g'ilof taqishayotganligini hamda o'qituvchilar esa ularga qarshilik ko'rsatishayotganini eshitgan pallamda ham, rafiqam oziq-ovqat, asosan, guruch do'konlarida ayni shu xitoyliklar tomonidan allaqachon talotum boshlanib ketganligi xususidagi xabarni topib kelgan mahalda ham vaziyatga navbatdagi shoulardan biri bo'lsa kerak, degan fikr bilan yondashgandim. Aslida, mening nazdimda hayot hali o'zgarmagandi. Ochig'i, ko'z ilg'amas allaqanday tojdor virusni qachonlardir xayolimda jonlantirganim, OFAT nomiga monand ko'rolmayotgan edim.
Mart oyining o'rtalariga kelib mavzu bir oz kattalashib, ko'plab tillarda anchagina qizidi. Oilaviy yig'inlar, odatiy bayramlar, kechalar-u har turli tadbirlarning asosiy muhokamasiga aylandi. Bir muddat avval uzoqlardan yangragan mish-mishlar endi yon-atrofimizdagi haqiqatlarga do'na boshlagandi. O'shanday kunlarning birida New Jersy shtatiga yo'lim tushdi. Qaytayotib, katta shodiyona, yangi kun yaqinlashayotgani bois ro'zg'or uchun mayda-chuyda olish bahonasida tasodifan Walmart supermarketlaridan biriga kirdim. Kirdim-u, hangu-mang bo'lib qotib qoldim. Tumonat odam! Hammaning qo'lidagi aravachalarga yeguliklardan tortib to hojatxona qog'ozlariga qadar chosh qilib ortilgan. Rastalar orasida yurib bo'lmaydi, g'ala-g'ovur, ayniqsa, dezinfeksiya mahsulotlari yonida cho'zilgan g'ujum-g'ujum navbatni aytmaysizmi xuddi Urgut bozoriga oxshaydi. Shoshib qolganimdan men ham har ehtimolga qarshi deya guruch olmoqchi bo'ldim, tugapti. Sekin yog' tomonga siljidim, bunisini ham topa olmadim. So'ngra un, shakar, makaron... kundalik ehtiyojimizga asqotadigan mahsulitlarni qidira boshladim... yo'q, allaqachon odamlar talab ketishibdi. Aynan ana shu palladan boshlab amerikaliklarning necha kunlardan buyon televizor va radiolar orqali tarqatayotgan vahimasiga jiddiy qaray boshladim. Yo'q, bu hazil emasdi. Tobora yaqinlashayotgan to'fondan avvalgi shovur edi go'yo! Ehtiyojimga arzigulik narsalarni topolmagach, shoshilgancha do'kondan chiqdim-u, boshqasiga ravona bo'ldim. Ikkinchi do'konda ham, uchinchi va to'rtinchisida ham shu ahvol ekan. Ikki soatcha do'konma-do'kon aylanib yurdim. Uyga kelsam, bolalarim maktabdan qaytishibdi. Emishki, kelgusi haftadan boshlab maktablar ham yopilarmish...
Shu asnoda, 2020-yil Navro'z ayyomini ham uyda, oila davrasida kutadigan bo'ldik. Koronavirus dastidan QoraNavro'z bo'ldi. Har yilgidek ochiq maydonlarda tashkil etiladigan umumxalq sayllari ham bekor qilindi. Maktablar, ofislar, do'konlar, tamaddixonalar... nari-beri bir haftaning ichida hamma eshiklar yopildi. Ko'chalarda mashinalar sergib, shovqin-suronlar bosildi. Odamlar uylariga qamaldilar. Hayotimda bunaqa holatga aslo duch kelmaganman. Yillar o'tib, ehtimol, bu ko'rguliklar ham tush kabi bo'lib tuyular, ammo ayni kunlarda barchamiz ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyoni kuzata boshlaganimiz haqiqat edi. "Falon mamlakatda bir kunning o'zida ...shuncha inson hayotdan ko'z yumdi...", "Falon mamlakatda bir hafta ichida ...shuncha kishiga mo'ljallangan shifoxona qurib bitkazildi...", "Falon mamlakat ayni kunlarda ofatning qoq o'chog'iga aylandi...", "Falon mamlakatda esa ofatning nomini tilga olish qoninan taqiqlandi..." endilikda ishxonamiz ham, g'amxona-yu gapxonamiz ham tarmoqlarga ko'chgandi. Bir haftalik sinov muddatidan so'ng farzandlarimiz uchun ham online darslar tashkil etildi. Ayniqsa, har bir maktab o'quvchisiga ta'lim markazlari tomonidan kompyuter va tabletlar yetkazib berilgach esa seldan keyin sukunatga botgan hayot ham bir qadar o'zaniga tushgandek bo'lib tinchidi. Mana, ellik kundirki hamon uy qamalidamiz...
Bugun esa yana o'sha bolalik damlarimga qaytaman. Ne ajabki, shu topda o'zimni huu o'sha, o'qariq yoqasida xonavayron qolgan mitti hasharotlardan-da jimitroq his etmoqdaman. Go'yo bugun men o'rgamchik to'riga ilinib turibman-u, sassiz buyuk falokatning girdobi tomon siljib borayotgandekman.
Ey Tangrim! O'zing buyuksan! Senga iymon keltirdim va Senga tavakkal qilgum. Ey karami keng Zot, o'zing bizning avvalgi va keyingi gunohlarimizni maxfirat qilgin.
Facebook Forum