Pandemiyadan oldin Nyu-York shahrining har burchagida ko’cha taomlarini sotuvchi aravachalarni ko’rish mumkin edi. Ammo bugungi manzara boshqacha. Bu do’konlarni yurituvchi muhojir jamoalar iqtisodiy qiyinchilikka yuz tutmoqda.
Nyu-Yorkda odamlar ko’chada arzon, tez va mazali taomni qanday topishni biladi. Mamdu Algamol 2018-yilgi hujjatli filmda o‘zining sodiq mijozlari haqida so’zlagan edi. Lekin pandemiya sabab hozir ko’chalar bo’m-bo’sh.
“Bitta-yarimta xaridor kelsa ham, ertasiga kelmasligini, uydan ishlayotganini aytadi”, - deydi tadbirkor.
Algamol va boshqa minglab oshpazlar iqtisodiy qiyinchchilikka yuz tutmoqda.
“Men gaplashgan kichik tadbirkorlarning hammasi ijarasini to’lashga qiynalayotganini aytadi”, - deydi Muhammad Attiya.
U ko’chma savdo do’konlari egalarining huquqlarini himoya qiluvchi loyihada ishlaydi. Bunday tadbirkorlar, asosan, immigrantlardir.
“Bu odamlarning ehtimol 50 foizi hujjatsiz. Demak, federal hukumat yoki shtatlar ajratayotgan yordam dasturlarida qatnasha olmaydi. Ammo boshqa bizneslar kabi soliqlarini yil oxirida topshiradi”, - deydi Muhammad Attiya.
Ko’chma oshxonalarning aksariyati o’ta kichik hajmda ish olib borgani uchun davlatdan yordam olish talablariga javob bermaydi.
“Ularda ishchilar ro’yxati yo’q, korporatsiya shaklida tuzilmagan”, - deydi Attiya.
Ayrim kichik tadbirkorlar hukumatdan yordam olish ularning grin kartaga ega bo’lish imkoniyatini cheklashidan qo’rqadi.
Yil boshida Tramp ma’muriyati AQSh hukumatidan yordam olgan muhojirlarning grin karta yoki viza olishini qiyinlashtiruvchi tartib joriy etgan edi.
“Biz har qanday holatda ham imtiyozlardan foydalanmaslikka, hatto oziq-ovqat kuponlarini ham so’ramaslikka qaror qilganmiz. Chunki bu yordam olish hisoblanadi”, - deydi tadbirkor Xuan Landa.
Mahalliy cherkov unga yegulik bilan ko’maklashmoqda.
“Hukumat miqyosidagi yordamga muhtojmiz. Lekin hozirgacha gubernatordan ham, shahar meridan ham biror gap eshitmaganimiz tashvishga molik. Vaqt o’tyapti”, - deydi Muhammad Attiya.
Ko’chma rastalar egalariga ko’mak hoziroq zarur.
Facebook Forum