Breaking News

Nyu-York restoranlari hukumatdan yordam kutmoqda


Ko’p joylarda bo’lgani kabi Nyu-Yorkda ham restoranlar qisman yopiq.

“Restoranlar ochilsa, ijtimoiy masofaga rioya qilish kerak bo’ladi, ya’ni stollarning yarmini olishga to’g’ri keladi”, - deydi taniqli oshpaz va restorator Tom Kolichchio.

U Kongressdan yordam puli olish maqsadida Mustaqil restoranlar koalitsiyasiga asos soldi.

“Hukumatdan nafaqat restoranlar faoliyatini tiklashda, balki 8 oydan 12 oygacha qo’llab-quvvatlashda yordam so’rayapmiz”, - deydi Kolichchio.

Unga ko’ra, gap restoranlarning qachon ochilishida emas.

“Gap xo’randalarning restoranga borishiga qachon tayyor bo’lishida. Barmenlar va girgittonlar niqob taqib, restoran dezinfeksiya qilinib turishi kerak bo’ladi shunda”, - deydi restorator.

Nyu-York shahar kengashi bir necha ko’chani yopib, restoranlarga ochiq havoda xizmat ko’rsatish rejasini taklif etmoqda. Havo ilishi bilan ayrim oshxonalar ko’chada xizmat ko’rsata boshlagan. Ba’zi xo’randalar ijtimoiy masofani unutib qo’ymoqda.

Shaharda 27 mingta restoran bo’lib, barchasi ham ko’chada xizmat ko’rsatish imkoniga ega emas.

Bu o’rtada mamlakatda ishsizlar va bepul taomga da’vogarlar ko’payib bormoqda.

“Odamlarni to’q tutish va obshepit ishchilarini ish bilan ta’minlash uchun, bepul tarqatilayotgan taomga uzundan-uzun navbatlarga barham berish uchun, restoranlarga moliyaviy yordam berib, ularni jamoa uchun ovqatlanish markazlariga aylantirish kerak”, - deydi Tom Kolichchio.

Uning aytishicha, bu ishni shahardagi restoranlar orasida taqsimlash ularga faoliyatini davom ettirishga yordam beradi. Shu bilan birga, xodimlar va mijozlar salomatligini ham unutmaslik kerak.

“Ayrim restoranlar ochilib, 2-3 oy ishlaganidan so’ng ishsizlik ko’payib, aholida pul tugab qolsa, butunlay yopilib ketishimizdan xavotirdaman”, - deydi oshpaz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG