Breaking News

Xitoy restoranlari kelajagi uchun kurashayotgan amerikalik


San-Fransisko ko'chalarida
San-Fransisko ko'chalarida

San-Fransisko shahrida "Chinatown", xitoylar shaharchasi, kattagina va uzoq tarixga ega. Odamlar asosan ovqat uchun keladigan bu mahalla bizneslar pandemiya davrida inqirozga yuz tutdi. Biroq tadbirkorlar umidni boy bermayapti.

Aaron Lim - marketing bo’yicha mutaxassis. Lekin hozirgi faoliyati katta kompaniyalarning ofisida emas, ko'chada. Maqsadi ham oddiy - ota-bobolari yashagan mahalladagi restoranlar kelajagi uchun kurashish.

“Koronavirus degan balo kichik bizneslarga qattiq zarba berdi. Tirikchilik og’irlashdi. Turizm ham o’ldi. Xitoylarning mahallasi sayyohlar bilan to’la edi. Pandemiya hamma narsani yakson qildi. Lekin biz nega tomosha qilib o’tirishimiz kerak? Men yordam bermoqchiman, imkon qadar”.

San-Fransisko xitoylar mahallasi qishda
San-Fransisko xitoylar mahallasi qishda

Aaron ishni oilasi va do’stlaridan boshladi. Haftasiga kamida bir marta xitoy restoranlaridan ovqat buyurishni targ’ib qila boshladi. O’zi tekinga yetkazib beradi.

Ishni internet orqali bitirish har doim ham oson emas, deydi yigit. Hamma restoranlarda ham onlayn biznes ustalari yo’q. Telefonda buyurtma bersangiz, Aaron yetkazadi.

O’tgan bir necha kun ichida bu ko’ngilli yuzlab oilalarga va o’nlab restoranlarga xizmat qildi. Oshxonalar minnatdor. Aaron ulardan hech narsa so’ramaydi. Muhimi, deydi yigit, bu restoranlar yopilib ketmasin.

“Buyurtmalar kundan-kun ko’paymoqda. 12 ta edi, 20 ta ga chiqdi. Kecha 140 joyga yetkazib berdik. Bir o’zim emas, yordamchilarim bor”.

Aaronga ergashib, mana shunday beg’araz ko’mak ko’rsatayotgan amerikaliklar ko’paygan.

Nyu-Yorkdagi xitoylar mahallasi
Nyu-Yorkdagi xitoylar mahallasi

Aaron – xitoy muhojirlarning nabirasi. Uning ota-onasi mana shu mahallada katta bo’lgan. Oilaviy o’tmishi shu yer bilan bog’liq.

Yigit hozirda Facebookda mahalla ravnaqi uchun mablag’ yig’moqda.

Tushgan pul bizneslar va qarovsiz oilalar uchun sarflanadi.

10 kunda 10 ming dollar to’plandi.

“Yuragimga yaqin joy, bu mahalla. Oilam shu yerdan chiqqan. Uning xonavayron bo’lishiga yo’l qo’ya olmaymiz. Odamlarga yordam berish kerak. Yordamning kichik va kattasi yo’q. Ikki avlod oldin mening ajdodlarim shu yerda tirikchilik qilishgan. Bu mahallani oyoqqa turg’azishgan”,- deydi Aaron.

Xitoylar shaharchalari Amerika bo’ylab katta shaharlarda savdo va madaniy o’choqlar sifatida vujudga kelgan. San-Fransiskodagisi eng mashhuri, eng yirigi sanaladi. Amerikani Xitoy bilan bog’lagan maskan aslida shu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG