Amerika sharqini g’arbga bog’lagan temir yo’llarni xitoylar qurgan. 150 yil oldin. Ishchilar qo’zg’oloni naqadar siyosiy voqea ekaniga AQSh ahli o’shanda ilk bor guvoh bo’lgan, deydi tarixchilar. O’sha xitoylik ishchilarning avlodlarini bugun ham uchratasiz.
Kaliforniya shtati San-Diyego shahridamiz. Suratlar – tarixiy ashyolar. Rassel Lou uchun oilaviy o’tmish.
“Ajdodlarim nafaqat Amerika temir yo’llarini qurgan, balki bu buyuk mamlakatni barpo etgan. Ularning mehnati xalqni bir-biriga yaqinlashtirgan, hududlarni ulagan. 19-asrdagi ulkan o’zgarishlar ortida mening bobolarim va momolarim zahmati yotibdi”.
Louning katta bobosi, uning akasi va boshqa muhojirlar asosan Xitoyning Guangdong viloyatidan bo’lgan. Dunyoning bu tarafiga ish izlab kelishgan. Atlantika bo’yidagi shtatlarni Tinch okeani bo’yidagi shtatlarga bog’lashgan.
Rassel Louning ajdodlari 1867-yildagi qo’zg’olonda qatnashgan.
“Xitoylar o’sha paytgacha boshini ko’tarmay ishlagan, ezilib mehnat qilgan, adolatsizliklarga chidagan. Lekin 150 yil oldingi bir haftalik ish tashlashda 2000 ishchi ishtirok etgan. Tarixiy voqea bo’lgan”, - deydi tarixchi Syu Fon Chang.
Migrant mehnatkashlar ko’proq maosh, kamroq ish vaqti va yaxshiroq sharoit talab qilgan. Ularning talablari qondirilmagan.
“Oradan bir oycha o’tib, ularning oyligini 35 dollardan 40 dollarga ko’tarishgan. Xuddi hozir Xitoyda kuzatiladigandek, xo’jako’rsinga qilingan o’zgarish bo’lgan. Ishchilar ilojsizlikdan bunga ko’ngan. Ish tashlaganlar mayli deb shungayam ko’ngan”, - deydi Chang.
Rassel Louning katta bobosi temir yo’l bitgach vatanga qaytmagan. Tamaki sanoatida mehnat qilgan. Tom Yingga uylangan.
“Bu qiz aslida qul sifatida olib kelingan. Temir yo’lchi va malakning avlodlari vaqti kelib Kaliforniya universitetidek nufuzli dargohni bitirgan”, - deydi suhbatdosh.
Besh farzanddan tarqalgan avlodlar bugun 100 nafardan dan oshadi. Hanglar sulolasi. Urushlarda xizmat qilganlar bor. Kumush medallar olganlar bor. Vatan qahramonlari. Amerikaning.
“Odam juda kuchli zot. Jasoratli insonlar avlodiman. Temir yo’lchilar kelajakka ishongan, mashaqqatlarga chidab bergan, biz uchun”, - deydi Rassell Lou.
“Yosh ishchilar bo’lishgan. Qanchalik qiynalmasin, umidni boy bermagan. Ishni bitirgan, qaytib ketmagan”.
“Chidam va toqat. Ularni odam sifatida ko’rishmagan. Lekin xitoylik mehnatkashlar bardosh qilgan”.
O’sha og’ir damlar va xitoylik muhojirlar taqdiri taniqli rassom Miyan Situ ijodi asosidir. Okean osha kelib, yangi diyorda yangi hayot uchun kurashgan minglab xitoylar bugungi nasl uchun qahramon, namuna.
Zahmatkash deb ularni bekorga aytishmaydi.
Facebook Forum