Breaking News

Trampning immigratsiya bo’yicha farmoni tafsilotlari


Qo’shma Shtatlarga qonuniy immigratsiya 24-apreldan binoan 60 kunga to’xtatildi. Prezident Donald Tramp bu qarorini pandemiya sharoitida amerikalik ishchilarni himoya qilish va sog’liqni saqlash resurslarini avaylash bilan izohlamoqda.

Tanqidchilar nazarida esa prezident bu bilan immigratsiyani cheklash bo’yicha avval olg’a surgan, ammo Kongress va sudlar qarshiligiga uchragan takliflarini amalga oshirishga erishmoqchi. AQSh rahbari, shuningdek, saylovchilarni inqirozni eplay olmaganidan chalg’itmoqchi, deyayotganlar ham bor.

Immigratsiya bo’yicha faollar cheklovni qoralayotgan bo’lsa, Trampning ashaddiy tarafdorlari fikricha u keragicha qat’iyat ko’rsata olmadi.

“Chet eldan arzon ishchi kuchi kelib turishini muhim deb biladigan qudratli biznes manfaatlar ustun keldi”, - deydi AQSh Immigratsion islohotlar federatsiyasi rahbari Den Stayn.

Stayn tashkiloti immigratsiyani cheklashni targ’ib qiladi.

Immigratsion tadqiqotlar markazi nomli yana bir guruh qarashicha, 60 kunlik tanaffusdan “amerikaliklarga naf yo’q”. Ushbu markaz AQSh iqtisodiyotiga 900 ming dollar sarmoya kiritgan xorijliklar cheklovdan mustasno ekanini tanqid qilmoqda.

Texaslik immigratsion advokat Raed Gonzalez fikricha, taqiq qisqa muddatda ko’p narsani o’zgartirmaydi, chunki elchixona va konsulliklarda o’tgan oydan beri shundoq ham pandemiya sabab viza arizalarini ko’rib chiqish to’xtatilgan.

“Tramp ma’muriyati buni tomosha uchun qilyapti”, - deydi u.

Biroq cheklov uzluksiz davom etsa, jiddiy o’zgarishlarga olib keladi. Grin karta bo’yicha konsultatsiya beruvchi “Boundless” kompaniyasi rahbari Dog Rendning aytishicha, yiliga 358 ming odam AQShda doimiy yashash huquqini qo’lga kiritishdan quruq qolishi mumkin. Bunga har yili grin karta lotereya o’yini doirasida turli davlatlar fuqarolariga beriladigan 50 ming viza ham kiradi.

Rendning ta’kidlashicha, Tramp pandemiya bahonasida Kongress va sudlardan o’tkaza olmagan immigratsion o’zgarishlarni amalga oshirmoqda.

“Donald Tramp taqiqni qayta-qayta uzaytiradi, bunga shubham yo’q”, - deydi u.

Cheklov kimlarga taalluqli?

Yangi tartib AQShda doimiy yashash uchun xorijdan turib hujjat topshirayotganlarga taalluqli. Amerikada bo’lib turib, maqomini o’zgartirayotganlar cheklovdan mustasno. Grin kartasi bor shaxslar vaqtincha qarindoshlarini AQShga ko’chirib kela olmaydi.

Grin kartani yutib olganlarga 60 kungacha viza berilmaydi va ular AQShga kira olmaydi. Odatda, lotereya orqali turli mamlakatlar fuqarolariga har yili 50 ming viza ulashilar edi.

Grin karta nima?

Grin karta bu - AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beradigan hujjat. Odatda, AQShga ishga taklif qilinganlar, bu mamlakat iqtisodiyotiga katta sarmoya kiritganlarga beriladi. Lotereya o’yini orqali ham qo’lga kiritish mumkin.

AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatiga ko’ra, grin karta asosan AQSh fuqarolari va qonuniy rezidentlarning oila a’zolariga, shuningdek, qochqinlar va boshpana izlab kelganlarga beriladi. Immigratsion vizalarni qo’shib hisoblaganda har yili taxminan 1,1 million odamga grin karta tegadi.

Mustasno holatlar

Oq uyga ko’ra, Tramp imzo chekkan farmon quyidagilarga taalluqli emas:

  • U kuchga kirgan paytda immigratsion vizani allaqachon olib bo’lganlar;
  • AQShga vaqtincha ishlash yoki sayohat uchun keladiganlar;
  • Noimmigratsion viza olganlar, jumladan, qishloq xo’jaligi ishchilari;
  • Sog’liqni saqlash bo’yicha mutaxassislar va tibbiy tadqiqotchilar (bu kategoriyaga H-1B vizasi egalari ham kiradi; ushbu viza bilan chet ellik yuqori malakali mutaxassislar AQShda kamida 3 yil ishlash huquqiga ega);
  • Qochqinlarni joylashtirish dasturi doirasida yoki boshpana olish uchun AQShga kirganlar;
  • AQSh fuqarolari va doimiy rezidentlarning turmush o’rtoqlari va farzandlari;
  • Harbiy oilalar, immigrant investorlar va “milliy manfaat” uchun muhim deb ko’rilgan shaxslar.

Tramp farmoni immigratsiya uchun yagona to’siqmi?

Yo’q. COVID-19 sababli AQSh elchixonalari shundoq ham vizalarni rasmiylashtirishni to’xtatgan.

Buning ustiga, Qo’shma Shtatlar 19-martdan buyon qochqinlarni qabul qilmayapti. AQSh-Meksika chegarasida ushlangan migrantlar zudlik bilan vataniga qaytarilmoqda va bu tartib kamida yana bir oy davom etadi.

Kanada va Meksika bilan chegarada qatnovni cheklash bo’yicha kelishuv ham may o’rtasigacha uzaytirildi. Ayrim davlatlar fuqarolarining AQShga kirishiga taqiq hanuz amalda.

“Boundless” kompaniyasi rahbari Dog Rendga ko’ra, Trampning farmoni g’ayrioddiy bo’lsa-da, AQSh qonunlariga zid emas.

“O’nlab yil oldin qabul qilingan immigratsiya bo’yicha qonunning ayrim bandlari hech qachon bu darajada agressiv tarzda qo’llanmagan. Prezidentda milliy manfaatlar yo’lida boshqa mamlakat fuqarolarini mamlakatga kiritmaslik vakolati bor. 2017-yilda asosan musulmonlardan iborat davlatlardan sayohatni cheklash bo’yicha qarorga ham ham shu asos qilib olingan edi”, - deydi u.

Texnologiya sohasidagi H-1B vizalarichi?

Noimmigratsion viza bilan AQShda ishlaydigan mutaxassislarga taqiq amal qilmaydi. Biroq farmon matnida yozilishicha, noimmigratsion dasturlar kelasi bir oy ichida qayta ko’rib chiqiladi hamda “COVID-19 sharoitida AQSh iqtisodiyotini rag’batlantirish uchun boshqa choralar” ham tavsiya etilishi mumkin.

Nyu-Yorkda immigratsiya bo’yicha advokat Rozanna Berardi agar farmon muddati uzaytirilsa, Amerika kompaniyalariga salbiy ta’sir qilishini aytadi.

“Biz biladigan va sevadigan “Amazon”, “Google”, “Microsoft”, “Facebook” singari yirik korporatsiyalar H-1B vizasiga tayanadi. Ular amerikaliklarni yollashni istamaydi deyish to’g’ri emas. Ularni yollash tezroq, osonroq va arzonroq bo’lsa-da, texnologiya sohasida kerakli malakaga ega odamlar baribir yetarli emas”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG