AQShda hokimiyat tepasida respublikachi Donald Tramp qolishi yoki demokrat Jo Bayden kelishi Markaziy Osiyo davlatlari uchun qanchalik ahamiyatli? Tahlilchilar fikri turlicha. Biri Tramp Markaziy Osiyo uchun foydali ishlarga qoʻl urgan, desa, boshqasi nazarida tashqi siyosatda demokrat Bayden kuchliroq va samaraliroq bo'ladi.
Ijtimoiy-siyosiy masalalar boʻyicha tahlilchi Neʼmatullo Mirsaidovning aytishicha, mintaqa bu masalaga oʻz manfaatlaridan kelib chiqib qaraydi.
“Markaziy Osiyo xalqlari Amerika Qoʻshma Shtatlari saylovchilari tomonidan prezidentlik lavozimiga saylangan har qanday kishini qabul qiladi va hokimiyat tepasiga demokrat yoki respublikachi kelishining biz uchun farqi katta emas. Lekin bari bir ezgu va foydali ishlarni amalga oshiradigan prezident, nafaqat, Qoʻshma Shtatlar aholisi, balki dunyo xalqlari va jumladan Markaziy Osiyo davlatlarida yashayotgan xalqlar tomonidan ham eʼtirof etiladi. Mintaqa xavfsizligiga xatar keltiradigan kishi esa qoralanadi”, - deydi Mirsaidov.
“Qoʻshma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlariga koʻplab sohalarda katta yordamlar berib keladi va doʻst hamda xayrixoh davlat ekanligiga shubha yoʻq. Faqat bir talab qoʻyishadi. Bu ham boʻlsa, inson huquqlari poymol boʻlmasin! Lekin inson huquqlari va soʻz erkinligi haqida gap ketganida bu mintaqaning barcha davlat rahbarlariga ham yoqavermaydi”.
Tahlilchi AQShda Markaziy Osiyo davlatlaridan farqli ravishda shaxs emas, tizim kuchli ekanligi sababli kim saylanishidan qatʼi nazar, davlat siyosatida katta oʻzgarish boʻlmasligini taʼkidlaydi. Ammo shunga qaramay koʻplab tashabbuslar birinchi shaxsdan chiqishini aytadi va tashabbus egasi qoʻllab-quvvatlanishga muhtoj ekanligiga eʼtibor qaratadi.
"AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida Tramp yoki Bayden hokimiyat tepasiga kelishidan qatʼi nazar, katta oʻzgarish boʻlmaydi, deb oʻylayman. Lekin bir narsani aytish joizki, Tramp nafaqat oʻz xalqi, balki Markaziy Osiyo uchun ham bir qator ishlarni boshladiki, ular oxiriga yetkazilishi foydali boʻladi. Avvalo, ohista-ohista Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish yoʻlida boshlagan ishlarini qayd etish lozim. Chunki Afgʻonistonda urush yo tinchlik boʻlishining Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, qoʻshni Tojikistonga taʼsiri katta. Kobul hukumati va toliblar orasida muzokaralar tashkil etish, AQSn qoʻshinlarini mamlakatdan olib chiqishga urinish Prezident Tramp bel bogʻlagan ishlardan", - deydi Mirsaidov.
Boshqa bir tahlilchi Ilhom Yusupovning fikricha, AQShda hokimiyat tepasiga demokratlar vakili kelishi Markaziy Osiyo uchun foydaliroq.
"Chunki AQSh tashqi siyosatida demokratlar kuchli. Ular dunyoning u yoki bu mintaqalarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham inson huquqlari masalasiga befarq boʻlmaydi. Aytaylik, Xitoyda uygʻurlar, mahalliy qirgʻiz va qozoqlarga nisbatan gʻayriinsoniy munosabatlar boʻlayotganda koʻplab davlatlar jim turdi. AQSh bu holatlarga eʼtiroz qilib, Xitoyga norozilik bildirdi. Agar davlat tepasiga Jo Baydendek tashqi siyosatda kuchli boʻlgan demokrat nomzod kelsa, u yoki bu mintaqada inson huquqlari poymol etilishini oldini olish yoki bunday amallarga barham berish yoʻlida AQSh koʻproq muvaffaqiyatga erishadi. Bu birinchi navbatda oʻsha mazlum xalqning foydasiga", - deydi Yusupov.
Facebook Forum