AQSh Senatidagi respublikachilar sardori Mitch Makkonelning aytishicha, 6-yanvar kuni Kapitoliyda yuz bergan zo’ravonliklarda Prezident Donald Trampning qo’li bor.
“Olomon yolg’onlar bilan to’yintirilgan edi”, - dedi Makkonel Jo Bayden AQShning 46-prezidenti sifatida qasamyod keltirishidan bir kun oldin.
Bu bilan u saylovning o’g’irlanganiga oid Tramp olg’a surgan soxta da’volarga ishora qildi.
“Ular prezident va boshqa qudratli shaxslar tomonidan gij-gijlandi”, - deya qo’shimcha qildi u.
Makkonelning aytishicha, qo’zg’olonchilar Trampning qonunchilarga qarshi turish haqidagi da’vatlari ortidan Kapitoliy binosiga hujum boshlagan.
Kongressga bostirib kirgan namoyishchilar binoga zarar yetkazgan; qonunchilarning ofislarini ag’dar-to’ntar qilib, politsiyachilar bilan to’qnashgan. Natijada besh kishi halok bo’lgan. O’lganlardan biri politsiyachi.
Hozirgacha yuzdan ortiq odamga ushbu bosqinchilik bilan bog’liq turli jinoyatlar bo’yicha ayblov e’lon qilindi; yana 275 odam ustida tergov olib borilmoqda.
Hujum uyushtirilishidan bir necha soat o’tib Kongress namoyishchilardan tozalandi va qonunchilar binoga qaytib, prezidentlik saylovi natijalarini tasdiqlash jarayonini davom ettirdi.
Makkonelning aytishicha, Jo Bayden va vitse-prezidentlikka saylangan Kamala Harris inauguratsiyasi orqali “odamlar tanlagan 46-prezident” o’z faoliyatini boshlaydi.
Tramp bu marosimda ishtirok etishdan bosh tortdi. 19-yanvar kuni ertalab u Oq uyni tark etib, Floridadagi dam olish maskaniga yo’l oldi.
O’tgan hafta Vakillar palatasi Prezident Trampni Kapitoliy binosida yuz bergan zo’ravonliklarni qo’zg’ashda ayblab, ikkinchi marta impichment qildi. 2019-yil oxirida ham Tramp o’z vakolatini suiiste’mol qilganlik va adolat yo’liga to’siq qo’yganlik aybi bilan impichmentga uchragan, lekin 2020-yil fevralda Senat tomonidan oqlangan edi.
Trampni aybdor deb topish uchun senatorlarning uchdan ikki qismi impichmentni yoqlashi kerak. Ayni paytda demokratlar va respublikachilarning har biri Senatda 50 tadan o’ringa ega. Impichment Senatdan muvaffaqiyatli o’tishi uchun kamida 17 respublikachi uni yoqlab ovoz berishi lozim.
Tramp aybdor deb topilsa, Senat uning kelgusi saylovlarda qatnashishini oddiy ko’pchilik ovoz bilan taqiqlab qo’yishi mumkin.
O’tgan to’rt yil davomida Prezident Trampning sodiq tarafdori bo’lib kelgan Makkonel so’nggi voqealar ortidan Trampni aybdor deb topish masalasini ko’rib chiqishini aytdi, lekin hali bir qarorga kelmaganini bildirdi.
Senatda Tramp ustidan sud qachon boshlanishi ma’lum emas. Jo Bayden ma’muriyati Oq uyga kirishi bilan jarayonga start berilishi mumkin.
Facebook Forum