AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga qarshi impichment jarayonining ikkinchi kunida, 10-fevral kuni, qoralovchi tomon, demokratlar, unga qarshi ayblovni tushuntirdi.
Vakillar palatasidan tanlangan impichment hay'ati a'zolarining birma-bir so'zga chiqib qayd etishicha, Tramp o'tgan oy Kapitoliyda yuz bergan zo'ravonliklarda oddiy kuzatuvchi bo'lmagan, balki Kongress prezident saylovlari natijasini tasdiqlayotgan paytda ataylab ularni davlatga qarshi harakatga undagan. Olomon majmuaga bostirib kirganida qonunchilarning idoralariga ulkan zarar keltirilgan, besh kishi halok bo'lgan.
Demokrat kongressmen Jeymi Raskinga ko'ra, Tramp saylovdan keyingi kunlarda muntazam ravishda natijani qoralab, odamlarni bosh ko'tarishga chaqirgan va asossiz iddaolar bilan fuqarolarni egri yo'lga yetaklagan. Natijada, dedi Raskin prokuror minbarida, 6-yanbar kunidagi qon to'kilishlari yuzaga kelgan.
Tramp o'z tarafdorlarini jon-jahdi bilan kurashishga, qonunchilarga tashlanishga, tizimni hurmatsizlashga chorlagan, deydi Raskin.
“Bu hujumga kuch bergan odam - Tramp", - dedi Raskin 100 a'zolik Senat oldida so'zlar ekan.
“Tramp bosh qo'mondonlikdan nafrat qo'mondoni roliga o'tgan", - deydi demokrat.
Trampning prezidentlik muddati 20-yanvarda tugadi va o'sha kuni Jo Bayden prezidentlik qasamyodini keltirib, ishga tushdi.
Tergovchilarning tasdiqlashicha, 6-yanvardagi hujumda 800 ga yaqin odam qatnashgan. Ular o'zlarini Tramp himoyachilari deb tanishtirgan. Kapitoliyga bostirib kirgan olomon derazalarni sindirgan, eshiklarni buzgan, qonunchilarning idoralarini vayron qilgan, shuningdek, politsiya bilan olishgan.
Ko'plab hujumchilar ijtimoiy tarmoqlarda bu ishlari haqida maqtanib, Kongressning har ikki palatasini ishg'ol etganini da'vo qilgan. Ulardan bir nechasiga jinoiy ayblovlar qo'yilgan. Tekshiruv va tergov davom etmoqda.
Senatdagi sudda ko'rsatilayotgan videolarda Trampning o'z tarafdorlarini 6-yanvarda Vashingtonga kelib, bosh ko'tarishga undayotgani aks etadi.
"Twitter"da o'sha kunlari Tramp Kongressni nima kutayotgani haqida ogohlantirgan.
Kapitoliyda zo'ravonliklar to'rt soat ichida to'xtatildi. 7-yanvar kuni qonunchilar ish joylariga qaytib, Baydenni saylovda g'olib, Trampni esa mag'lub deya e'lon qildi.
Jo Negusi, yana bir demokrat kongressmen, Trampni qoralar ekan, uni hokimiyatni tinch yo'l bilan topshirish jarayonini ataylab buzishga harakat qilganlikda aybladi.
“Hujum prezident chaqirig'i bilan sodiq bo'ldi. U nima bo'lishini bila turib, shu yo'ldan bordi. Zo'ravonlikni to'xtata olar edi, lekin to'xtatmadi", - deydi Negusi.
Demokratlar pozitsiyasi tinglangach, Tramp himoyachilari minbarga chiqadi. Tomonlarga teng vaqt beriladi. Har biriga 16 soatdan, ya'ni ikki kundan.
Ayblanuvchining advokatlariga ko'ra, Kapitoliydagi hujumga sobiq prezidentning umuman aloqasi yo'q. Trampning so'zlari bu uning erkin fikri va bayonotlari, deydi ular.
Amerika tarixida biror prezident ikki bor impichment jarayonini boshdan kechirmagan. Biror sobiq prezident hozirgidek sudlanmagan.
Trampning o'zi sudda so'zlashdan bosh tortgan.
Facebook Forum