Shu oy AQSh Senatida sobiq prezident Donald Tramp ustidan ikkinchi impichment sudi boshlanadi. Unda 6-yanvar kuni Kapitoliy binosiga uyushtirilgan xurujda Trampning qo’li bo’lgan-bo’lmagani ovozga qo’yiladi. Trampning bundan keyin davlat lavozimlarini egallash uchun saylovda qatnashishi butunlay taqiqlanishi ham mumkin.
25-yanvar kuni Vakillar palatasi qonunchilari Kongress binosiga uyushtirilgan hujumga sobiq prezident Donald Trampni aloqador deb topish haqidagi aybnomani Senatga taqdim etdi. Tramp noyabrda o’tgan saylov undan o’g’irlanganini da’vo qilib, tarafdorlarini g’alayonga undaganlikda ayblanmoqda.
“Hech qachon taslim bo’lmaymiz; hech qachon rozi emasmiz”, - degan edi Tramp namoyishchilar oldida.
6-yanvar kuni ro’y bergan xurujga aloqadorlikda ayblanib, 160 dan ortiq odam hibsga olindi. Yana yuzlab odam tekshiruv ostida.
Kaliforniyalik bir kishi Vashingtondagi binolarni portlatishni qasd qilganlikda ayblanar ekan, mahalliy ekstremistlar solayotgan tahdid hanuz yuqori ekani aytilmoqda.
“Tramp sudlanishi va aybdor deb topilishi lozim, toki kelajakda hech bir prezident bunday ishga qo’l urmasin”, - dedi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.
Kapitoliydagi g’alayondan bir hafta o’tib, Vakillar palatasi prezidentni impichment qildi. Ba’zi respublikachilar ham bu qarorga qo’shildi.
“Olomon yolg’on bilan to’yintirilgan edi. Ular prezident va boshqa qudratli odamlar tomonidan gij-gijlandi”, - dedi Senatdagi respublikachilar sardori Mitch Makkonel.
Tramp aybdor deb topilishi uchun senatorlarning uchdan ikki qismi impichmentni yoqlashi kerak. Bu degani, ayblovga kamida 17 respublikachi qo’shilishi kerak. Hozircha faqat besh respublikachi ovoz berishga tayyorligini bildirgan.
“Senatdagi respublikachilar sobiq prezident Donald Trampning respublikachilar siyosatiga ta’siri qanday bo’lishi mumkinligi haqida o’ylamoqda; xoh ijobiy bo’lsin, xoh salbiy. Ular Respublikachilar partiyasining kelajagini o’ylab ovoz beradi”, - deydi Chikago universiteti tadqiqotchisi Aziz Haq.
Demokratlar Trampni aybdor deb topish uchun Senatda yetarli respublikachilar ovozi yig’ilmasligidan xavotirda. Bu ish Prezident Jo Bayden olg’a surayotgan muhim qonun loyihalarining ko’rib chiqilishiga ham xalal berishi mumkin. Ba’zilar Trampni qoralovchi bayonot chiqarish bilan cheklanishni taklif qilyapti. Yetakchi demokratlar bunga qarshi.
“Xato qilmang, sud bo’ladi. Butun xalq va har birimiz ko’rishimiz uchun sobiq prezidentga qarshi dalillar taqdim etiladi”, - dedi Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer.
Tramp saylov adolatsiz o’tganini da’vo qilar ekan, o’zini himoya qilish uchun huquqiy jamoa yig’ish bilan band. Ekspertlar fikricha, sobiq prezidentni aybdor deb topish uchun yetarli ovoz to’plash oson emas.
“Impichmentga uchraganlar bor, lekin hech kim aybdor deb topilmagan. Ko’p jihatdan, bu tarixiy ahamiyatga ega, ayniqsa, ayblovlar. Ya’ni, amaldagi AQSh prezidenti, huquqiy choralar ish bermagandan keyin, davlat to’ntarishini amalga oshirishga uringani haqidagi da’voni nazarda tutyapman”, - deydi Brukings instituti tahlilchisi Elayn Kamark.
Tramp AQSh tarixida ikki marta impichment qilingan birinchi prezident. Ayni paytda u Senatda sudlangan ilk sobiq prezident bo’ladi.
Facebook Forum