Breaking News

AQShda qonunchilarga nisbatan tahdidlar oshib borayapti 


AQShda qator qonunchilarga tahdid qilinishi ketidan Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Kongressda xavfsizlik choralarini kuchaytirishga chaqirmoqda. Xavf, deydi u, nafaqat jamoatchilikdan kelmoqda, balki Kongressning o’zida ham “ichki dushman” bor.

Spikerning bayonoti Kapitoliyga Tramp tarafdorlari tomonigan qilingan hujumdan keyin ikki siyosiy partiya o’rtasida ziddiyatlar kuchayib borayotganini ko’rsatadi. 6-yanvar kungi zo’ravonlikda besh kishi halok bo’lgan edi.

30 dan ziyod kongressmenlar Vashingtonda va saylangan shtatlarida shaxsiy soqchilarni yollash, o’zlari va oila a’zolarining ma’lumotlarini sir tutish uchun qo’shimcha mablag’ so’rab murojaat qilgan.

Shulardan biri Nyu-Yorkdan saylangan demokrat qonunchi Aleksandriya Okasio-Kortez. Sud hujjatlariga ko’ra, 6-yanvardagi isyonda qatnashgan texaslik kishiga yaqinda ayblov qo’yildi. U “Twitter” sahifasida Kortezni o’ldirish kerak, deya yozgani da’vo qilinadi.

“Dushman Vakillar palatasining ichida. Binoga qurol olib kirishni istagan, hamkasblariga zo’ravonlik bilan tahdid qilgan a’zolarimiz bor”, - deydi spiker Nensi Pelosi.

Yangi tartibga ko'ra, Vakillar palatasi a'zolari detektordan o'tadi
Yangi tartibga ko'ra, Vakillar palatasi a'zolari detektordan o'tadi

Matbuot xabarlariga ko’ra, o’tgan hafta respublikachi kongressmen Endi Xarris binoga kirayotganda yonida yashirin qurol borligi aniqlangan. Shu hafta esa demokrat qonunchi Hakim Jeffrizning oila a’zolariga tahdidli yozuvlar jo’natgan kaliforniyalik bir shaxs hibsga olindi.

Yanvar boshida sobiq prezident Donald Trampni impichment qilish uchun ovoz bergan respublikachilar, Adam Kinzinger va Liz Cheyniga ham shunday yozuvlar yuborilgan.

Qonunchilar xavfsizligini qanday ta’minlash yuzasidan muhokamalar davom etmoqda. 20-yanvar kuni o’tgan inauguratsiya oldidan poytaxtga Milliy gvardiya safarbar etilgan, Kapitoliy atrofida to’siqlar o’rnatilgan edi. To’siqlarni doimiy qoldirish taklifini qonunchilar rad etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG