"Fox" telekanaliga bergan intervyusida Prezident Donald Tramp irqchi guruhlarni birdek qoralashini aytib, uni olqishlayotgan ekstremist to'dalar haqida bilmasligini aytgan.
“Men KKK guruhiga ham qarshiman. Oq tanli irqchilarga qarshiman. "Proud Boys" guruhiga ham qarshiman. Ular haqida hech narsa bilmayman, biroq bunday to'dalarni qoralayman", - deydi Tramp.
Prezident bu hafta demokrat raqibi Jo Bayden bilan kechgan birinchi debatda irqchilik borasida savolga tutilgan edi.
"Proud Boys", o'zini "mag'rur yigitlar" deb atovchi guruh oq tanli insonlarni boshqalardan ustun qo'yadi.
29-sentabr kuni Klivlend shahrida kechgan debatda prezidentdan "oq irqchilarni oqlaysizmi?" deya so'ralganida, u mamlakatdagi boshqa to'dalarni muammo sifatida tilga oldi.
"Proud Boys" a'zolari Trampning saylovoldi yig'inlarida faol. Ular "antifa" deb nomlangan harakatga dushman ekanini aytadi. "Antifa" - fashizmga qarshi guruh ekanini da'vo qiladi va irqchilikka qarshi namoyishlarda buzg'unchiliklarda ayblanadi. Rasmiylar deydiki, aslida har ikkala guruh xavfli.
"Proud Boys" lideri Enrik Tarrio va safdoshi Jo Biggs fikricha, prezident ular tarafida va shu bois ham debatda ularni qoralamagan.
Biroq Tramp bahsdan keyin Oq uyda jurnalistlar bilan muloqotda "Proud Boys" kim ekanini bilmayman", - dedi. "Ular kim bo'lsa ham tartibni buzmasligi kerak".
Lekin "Proud Boys" faollari deydiki, Trampning bu so'zlari samimiy emas.
"Aslida prezident biz yaxshi odamlar ekanimizni biladi", - deydi Biggs.
Federal Qidiruv Byurosiga ko'ra, Amerikada irqchilikni targ'ib qilayotgan oq tanli guruhlarga qarshi kurashish lozim, chunki ular aholi tinchligiga jiddiy raxna solmoqda.
Nafrat va ekstremizmga qarshi global loyiha, nohukumat tashkilot, asoschisi Haydi Berik deydiki, Tramp - irqchilar uchun ilhom manbai, chunki ularni qoralamaydi.
“Bu guruhlar Trampni qahramon deb hisoblaydi. Uning so'zlarini shior qilib olishgan".
"Proud Boys" o'zlarini "g'arbdan chiqqan shovinistlar" deb ham ataydi. Ularni o'rgangan mutaxassislarga ko'ra, bu guruh - ayollarni erkaklar bilan teng ko'rmaydi, musulmonlardan va immigrantlardan nafratlanadi.
Berik bu to'da ekstremistik guruh deb hisoblaydi.
"Proud Boys" esa G'arb qadriyatlarini himoya qilayotganini da'vo qiladi. Qora va sariq rangli futbolkalari bilan tanilgan harakat hozir Avstraliya, Britaniya va Norvegiyada ham faollashgan. A'zolari orasia boshqa irq vakillari ham bor. Guruh zo'ravonlikka qarshi ekanini aytsa-da, bir necha shtatlarda kechgan namoyishlarda buning aksi kuzatilgan.
Federal Qidiruv Byurosi rahbari Kristofer Rey yaqinda Kongressda hisobot berganida Amerika bo'ylab oq tanli irqchilar hamda hukumatga qarshi ekstremistlar odamlarning qoni to'kilishiga sabab bo'lmoqda, ayniqsa ommaviy chiqishlarda.
O'tgan yili Nyu-Yorkda "Proud Boys"ning ikki a'zosi 2018-yildagi jinoyatlari uchun sudlangan.
Bu yili Portlend shahrida irqchilikka qarshi namoyishlarda ham bu guruhning odamlari buzg'unchilik va zo'ravonlikka berilgani qayd etilgan.
Facebook Forum