Breaking News

Senat: Trampni impichment qilish qonunan asosli


AQSh Senatida sobiq prezident Donald Tranpni impich qilish masalasi muhokamada
AQSh Senatida sobiq prezident Donald Tranpni impich qilish masalasi muhokamada

Donald Tramp ikkinchi bor impichment jarayonidan o'tadi. AQSh Senatining 100 a'zosidan 56 nafari bugun shuning uchun ovoz berdi. Trampning himoyachilari va respublikachilar prezidentlikdan ketgan odamni impich qilish konstitutsiyaga zid, deya bong urib kelayotgan edi.

Trampga qo'yilayotgan asosiy ayb: 6-yanvarda Kongressga bostirib kirgan olomonni qo'llaganlik; ularni davlatga qarshi qayraganlik; odamlar orasida ataylab g'azab va nafrat urug'ini sochib, tuzumga va jamiyatga raxna solganlik.

Sobiq prezident va uning advokatlari bu da'voni butkul inkor etadi.

Vakillar palatasi bu borada allaqachon o'z qarorini qilib bo'lgan. U yerda berilgan ko'pchilik ovozga ko'ra, Tramp davlatga qarshi jinoyat qilgan.

Masala keyin Senatga uzatildi va 9-fevraldan boshlab, mahkama jarayoni boshlandi.

Demokratlar Vakillar palatasida bo'lganidek, Senatda ham ko'pchilik o'ringa ega. Ammo Trampni aybdor deb topish uchun palataning uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak. 67 senatorning "ha" degan ovozi talab qilinadi.

Hozirgi irodaga ko'ra, demokratlar zarur sondagi respublikachilarni ko'ndira olmasligi mumkin.

6-yanvarda Kapitoliydagi buzg'unchilikda besh kishi halok bo'lgan. Demokratlar Trampni qon to'kilishiga yetaklovchi harakat ortida turganlikda ayblaydi.

Trampning advokatlari esa uni endi oddiy fuqaro sifatida tasvirlab, o'sha paytda prezidentning saylov natijalaridan norozi ekanini aytgani odamlarni jinoyatga undash emas, balki uning erkin so'zi va fikri bo'lgan, deya himoya qilmoqda.

Vakillar palatasining Impichment guruhi
Vakillar palatasining Impichment guruhi

AQSh bosh qomusiga ko'ra, Vakillar palatasi impichment qilish uchun ovoz beradi, keyin prezident Senatda sud qilinadi. Qoralovchi tomon - quyi palata, oqlovchi tomon esa Trampning yuristlari. Har ikki tomonga teng vaqt beriladi.

Odatda jarayonga Oliy sud raisi boshchilik qiladi, lekin masala amaldagi emas, sobiq prezident haqida ekan, sudga Senatda eng uzoq davrdan beri xizmat qilib kelayotgan demokrat Patrik Lehi raislik qilmoqda.

100 senator bir qarorga kelgach, birma-bir turib, "aybdor" yoki "aybsiz" deya o'z ovozini bayon qiladi.

Sud kamida ikki haftacha davom etishi kutilmoqda. Har ikki tomon guvohlarni olib kiradi.

Kapitoliy, Vashington
Kapitoliy, Vashington

Tramp o'tgan yili shu paytda ham sudlangan edi va aybsiz deb topilgan. Unda prezident o'z shaxsiy manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qo'yganlikda, bu yo'lda Ukrainaga harbiy yordam yuzasidan bosim o'tkazganlikda ayblangan edi.

Bu safar ham aybdor deb topilsa, deydi siyosiy tahlilchilar, Tramp uchun ulkan g'alaba bo'ladi. Demokratlarning maqsadi bu sud natijasi o'laroq uning siyosiy faoliyatiga nuqta qo'yish, uni davlat lavozimlariga boshqa yaqinlashtirmaslik.

Impichment jarayoni ish bermasa, deydi demokratlar, Trampni siyosatdan uzoqlashtirish uchun boshqa choralar ko'riladi. Konstitutsiyaga kiritilgan 14-o'zgartirish buning uchun zamin yaratadi. Rahbarlikda davlatga qarshi harakat qilgan, deya uni qoralovchi taklifni ovozga qo'yish va ko'pchilik ovoz bilan uning saylovda qatnashishi va biror mansabga tayinlanishini man etish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG