Breaking News

Oq uy: Prezident Baydenning e'tibori impichment emas, pandemiyada


Oq uy, 9-fevral, 2021
Oq uy, 9-fevral, 2021

Prezident Jo Bayden uchun hozirgi asosiy vazifa Amerika bo'ylab koronavirus tarqalishini to'xtatish va virusga qarshi chora ko'rish. Senatda sobiq prezident Donald Tramp sudlanar ekan, Oq uy shuni eslatib turibdi.

“Impichment jarayonini kuzatmayapman", - deydi Bayden. "450 mingdan oshiq amerikalik halok bo'ldi. Odamlarning koronavirusdan nobud bo'lishiga chek qo'yishimiz shart. Xalq qiynalmoqda, iqtisodiy qiyinchiliklar oshib bormoqda. Mening e'tiborim shunda".

Bayden impichment haqida fikr bildirmayapti.

“Prezident siyosiy sharhlovchi emas. U bahs-munozaralarga aralashmaydi, hatto kuzatmaydi ham", - deydi Jen Psaki, Oq uy matbuot kotibi.

Oq uy ham jarayon yuzasidan o'z bahosini bermoqchi emas.

“Senat hal qiladi hammasini. Prezidentning ishi xalqqa xizmat qilish. Odamlarga ish kerak. Pandemiyadan chiqishimiz kerak", - deydi Psaki.

Bayden shu kunlarda Pentagonga, shuningdek, tibbiy dargohlar va boshqa idora va tashkilotlarga borib, xodimlar bilan muloqot qiladi. Kelasi hafta esa prezident Viskonsin shtatiga borib, jamoatchilik bilan uchrashadi. "CNN" kanalida efirga uzatiladigan jonli dasturda u odamlardan tushgan savollarga javob beradi.

Trampga qo'yilayotgan asosiy ayblov - u 6-yanvar kuni olomonni Kongressga bostirib kirishga undagan, davlatga qarshi nafrat urug'ini sochgan. O'sha kuni Senat va Vakillar palatasi Baydenning prezident saylovida yutganini tasdiqlash uchun yig'ilgan edi. Zo'ravonlik avj olgach, qonunchilar tarqaldi va ertasiga, 7-yanvar kuni tasdiqnoma uchun ovoz berib, u e'lon qilindi.

Bayden o'shanda bu voqealarni demokratiyaga qarshi hujum, deya ta'riflagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG