Breaking News

Xitoy va Rossiya vaksinalarini qaysi davlatlar sotib olyapti?


Xalqaro hayot - 4-fevral, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:04 0:00

Koronavirusga qarshi emlash ishlari boy mamlakatlar ortidan endi o’rtahol davlatlarda ham boshlanmoqda. Ularning aksariyati Xitoy va Rossiya vaksinalarini olyapti. Lekin ba’zi ekspertlar fikricha, bu vaksinalarning qanchalik samarali va xavfsiz ekani haqida yetarli ma’lumot yo’q.

Braziliyada ilk vaksinani Amazonas shtatida tub aholi vakiliga mansub hamshira oldi.

Unga berilgan emdori Xitoyning “Sinovac” kompaniyasiga tegishli. Braziliyada o’tgan tahlillarga ko’ra, bu vaksinaning o’ta og’ir holatlarga qarshi samaradorligi 78 foiz, umumiy ta’siri esa 50 foiz atrofida.

Yomon emas, deydi San-Paulu universiteti eksperti Natalya Pasternak.

“Bu vaksina yaxshi. Dunyodagi eng zo’ri, eng mukammali emas, lekin yaxshi vaksina”, - deydi u.

Ammo natijalar hamma joyda har xil. Masalan, Turkiyada ilk natijalar 91 foiz, Indoneziyada esa 65 foiz samaradorlikni ko’rsatgan.

Ko’rsatkichlar aniq emasligining sababi shundaki, “Sinovac” o’z tekshiruv xulosalarini ommaga taqdim etmagan. Bu xavotirli, deydi Vanderbilt universitetining yuqumli kasalliklar bo’yicha professori Uilyam Shafner.

“Klinik tadqiqotlarda shunday eski gap bor: Biz Xudoga ishonamiz, lekin ma’lumotlar berilishi kerak. Shu bois raqamlarni ko’rishni istaymiz”, - deydi u.

Xitoyning yana bir kompaniyasi “Sinopharm” o’z vaksinasining 79 foiz samarali ekanini aytmoqda, ammo u ham ilmiy tahlillarni taqdim etmagan.

Ko’plab mamlakatlar Xitoy vaksinalarini sotib olmoqda. Chunki boshqa ishonchli emdorilarni allaqachon boy davlatlar egallab olgan.

“Sinovac” vaksinalari Braziliyaning Butantan institutida tekshirildi. Institut rahbari Dimas Kovasning aytishicha, mamlakat to’g’ri qaror qabul qilgan.

“Agar olmasak, bizga kerakli millionlab dozalarni qayerdan topamiz?” – deydi u.

Xitoyning har ikki vaksinasi shu paytgacha amalda bo’lgan usullar bilan ishlab chiqarilgan. Tumov va quturishga qarshi emdorilar ham shu usulda tayyorlanadi. Ammo bu vaksinaning xavfsiz va samarali ekaniga kafolat bo’la olmaydi, deydi Shafner.

“Qaysidir darajada samarali ekaniga ishonamiz. Ammo ko’p aziyat chekayotgan keksalarda samarasi qanchalik; biz ko’proq shu narsani bilishni istaymiz”, - deydi professor.

“Moderna” va “Pfizer-BioNTech” vaksinalari Xitoynikiga qaraganda ancha samarali ekani aytiladi. Ammo ular o’ta sovuq sharoitda saqlanishi kerak. Bu esa vaksinalarni dunyoning turli qismlariga eltishni qiyinlashtiradi, deydi Jons Xopkins universiteti eksperti Uilyam Moss.

“Ular ideal vaksina emas, ayniqsa, ko’plab qashshoq va o’rta hol davlatlar uchun”, - deydi u.

Xitoy vaksinalarini oddiy sovutgichlarda saqlash mumkin. Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi ham shunday. Hali samaradorligi tasdiqlanmasdan turib uni tarqatish boshlangani tanqidlarga sabab bo’ldi.

Ammo 2-fevral kuni “Lancet” jurnalida chop etilgan tahlil xulosalariga ko’ra, “Sputnik V” vaksinasining samaradorligi 91 foizdan yuqori. Bu uni eng yaxshilar qatoriga qo’yadi, deydi Moss.

“Shuni ko’rishni xohlagandik. Bu ijobiy yangilik. Yana bir vaksinaning tayyor bo’lishi dunyo uchun juda yaxshi”, - deydi u.

Rossiya vaksinalaridan foydalanishni boshlagan Argentina, Vengriya kabi mamlakatlar uchun bu, albatta, yaxshi xabar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG