Breaking News

O’zbekistonda so'z erkinligi uchun yangi to’siqlar paydo bo’lyaptimi?


Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganda jurnalistlar bilan muloqot qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganda jurnalistlar bilan muloqot qildi.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi chog’ida mahalliy jurnalistlar bilan muloqot qildi. Uning jurnalistlarga dalda berayotgani, nihoyat ular bilan muloqotga kirishayotgani, boshqa tomondan, so’z erkinligini ta’minlovchi huquqlar cheklanayotgani, tazyiqqa tushgan blogerlar soni ortayotgani fonida kuzatilmoqda.

O’zbekistonlik jurnalistlar Mirziyoyevga ayrim savollarni bergan, lekin so’z erkinligi bilan bog’liq yoki ayrim blogerlarning tazyiqqa uchrayotgani haqidagi masalani ko’tarmagan.

Islohotlarga to’sqinlik birinchi navbatda kadrlar bilan bog’liqligini ta’kidlagan prezident, yana bir bor OAVlar, bloger va jurnalistlarni dadillikka, mavjud muammolarni ro’y-rost yoritishga chaqirdi.

Prezident bilan muloqotda muammolar haqida ochiq gapirgan, ayni paytda hibsda ushlab turilgan bloger Otabek Sattoriy muammosi tilga olinmagan. Shuningdek, bu uchrashuvda namoyishlar huquqi, aholini ijtimoiy tarmoqdagi axborotlardan muhofazalashga doir kutilayotgan yangi tartiblar haqida ham so’z bormagan.

Sharhlovchilarga ko’ra, so’nggi haftada muhokamaga chiqqan har ikki hujjat ham, asosan, jurnalistlar, blogerlar faoliyatini, so’z erkinligini cheklash bilan bog’liq.

Bu Qonunchilik palatasida muhokamadan o’tgan “davlat va jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi axborot tarqatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish” borasida qonunchilikka kiritilayotgan o’zgarishlarda ham bevosita ifodasini topgan.

Unda qonunchilikka o’zgarishlar kiritish ehtiyoji “blogerlarda axborot tarqatish madaniyati to’liq shakllanmagani”, OAV orqali fuqarolarni ommaviy tartibsizlikka chaqirish, zo’ravonlikka da’vat etish holatlarining oldini olish nazarda tutilayotgani aytiladi.

Matbuot, ijtimoiy tarmoqlar orqali ommaviy tartibsizlik keltirib chiqaruvchi namoyishlarda ishtirok etishga chaqirganlik uchun 5 yilgacha qamoq jazosi taklif qilinayotgan bu o’zgarishlar muhokamadan o’tishi ortidan hukumat aholini ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlardan muhofaza qilish uchun yangi bir hujjat tayyorlayotgani ma’lum bo’ldi.

“Ozodlik” radiosi ochiqlagan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan hujjatga ko’ra, hukumat axborot xavfsizligiga doir so’nggi siyosatini “tubdan va tanqidiy qayta ko’rib chiqishga” hozirlanmoqda.

Prezident tomonidan “O’zbekiston Respublikasida axborot xavfsizligini tubdan mustahkamlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmon shaklida imzolanishi kutilayotgan bu hujjatning tasdiqlanish muddati hozircha noma’lum, ammo shunday loyiha mavjudligi inkor etilmagan.

Loyiha farmon shaklida tasdiqlangan. “Yo’l xaritasi” amaliyotga kiritilgan taqdirda ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilish, aholini zararli axborotdan muhofazalash, yolg’on axborotlar tarqatilishining oldini olishga nafaqat AOKA, balki yana boshqa bir qator idoralar ham jalb etilishini kutish mumkin.

Mamlakatdagi so’z erkinligi bilan bog’liq vaziyatni kuzatib kelayotgan sharhlovchi, bloger Anvar Nazirning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, so’nggi voqealar, xususan, tanqidiy, ochiq chiqishlar qilgan blogerlarga nisbatan tazyiqlar oshishi matbuotga berilgan nisbiy erkinliklar nihoyasiga yetayotganidan darak bermoqda.

“Mahalliy hokimiyat tanqidchisi sifatida tanilgan bloger Otabek Sattoriy hibsda, maxsus xizmatlar tazyiq nishonini siyosiy masalalarni ochiq ko’tarayotgan boshqa blogerlarga qaratishmoqda. Hozir yosh bloger Javohir Omonovning ishi ko’rib chiqilmoqda. Uning bor-yo’q aybi ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy partiya tuzish haqida mulohaza bildirgani. Shundan so’ng huquq-tartibot idoralari darhol uning iziga tushishgan. Uning telefonini noqonuniy musodara qilib, ichidan taqiqlangan “adabiyotlar” topishgan. Birinchi mahkamasida ish asossiz topilgan edi, ammo yaqinda bu ish bo’yicha yangi holatlar aniqlanganini xabar qilishgan. Xullas, bir tomondan islohotlar haqida qancha namoyishkorona gapirilmasin, amaldagi vaziyat o’sha eskicha, faol, siyosiy uyg’oq, muammoni ochiq ko’tarib chiqayotgan blogerlar maxsus xizmatlar nishonida turibdi. Qolaversa, islohotlar haqida gapirayotgan prezidentning o’zi yaqinda Davlat Xavfsizlik xizmatiga yoshlar tarbiyasi bilan shug’ullanishni topshirdi. Mana ular shug’ullanishyapti, natija ko’rsatishyapti. Qonunchilik asoslari ham shunga moslashtirib borilmoqda”, - deydi Anvar Nazir.

Prezident Mirziyoyev Namanganda jurnalistlar bilan o’tgan muloqotda ta’kidlashicha, islohotlar vaqt, sabr-toqat talab qiladi; jurnalistlar, blogerlar kamchiliklarni ko’rsatib borishlari kerak. Shaxsan uning o’zi joylardagi amaldorlar, rahbarlarni matbuot bilan ishlashga, blogerlar, jurnalistlarni do’st sifatida qabul qilishga chaqirib keladi.

“Men ularga (rahbarlarga) jurnalist, blogerlar bilan do’st bo’lmasang, bu lavozimda uzoq qola olmaysan deb ochiq aytyapman”, - degan, jumladan, Prezident Mirziyoyev.

Bu orada Nyu-York shahrida joylashgan “Human Rights Watch” xalqaro huquq tashkiloti O’zbekiston qonunchiligida yuz berayotgan so’nggi o’zgarishlardan xavotirda ekanini bildirdi. Tashkilot chiqargan bayonotga ko’ra, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodekslariga hamda Axborotlashtirish to’g’risidagi qonunga kiritlayotgan o’zgartirishlar so’z erkinligiga tahdid soladi.

Tashkilot ushbu qonun loyihasini ommaga oshkor qilishga va jamoatchilik orasida muhokama qilishga chaqiradi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG