O’zbekistonda polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska mojarosi tinchishga ulgurmasidan matbuot va jurnalistlar bilan bog’liq navbatdagi taranglik yuz ko‘rsatmoqda.
“Azon.uz” axborot portali bosh muharriri Abdulaziz Muborak Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo’yicha qo’mita bosimlari ortidan o’z xohishiga ko’ra ishdan ketgan.
Ayni paytda mojaro yuzasidan Din ishlari bo’yicha qo’mita, “Azon.uz” portali muassisi Mubashshir Ahmad, prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) o’z bayonotlari bilan chiqishgan.
So’z erkinligiga doir navbatdagi mojaro markazida - yana davlat va matbuot o’rtasidagi munosabat. Bu safargi mojaro markazida Tashqi ishlar vazirligi emas, Din ishlari bo’yicha qo’mita turibdi.
Diqqatli tomoni shundaki, bu taranglik bosh muharrirning jur’ati bo’lmaganida jamoatchilik uchun yopiq qolishi muqarrar edi.
Abdulaziz Muborakning noroziligi nafaqat muassisga bosim ko’rsatgan Din ishlari bo’yicha qo’mitaga, shuningdek, bu vaziyatni portal sahifasida yoritishni taqiqlagan muassisga ham qaratilgan deyish mumkin.
“Azon.uz” muassisi Mubashshir Ahmad vaziyat yuzasidan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bergan bayonotida o’ziga nisbatan haqorat-tahdidlar bo’lganligiga to’xtalmaydi, ammo muassis va jurnalistlar o’rtasida tushunmovchiliklar bo’lib turishini, u biror tomondan norozi emasligini, bosh muharrir bilan ishlashda davom etishga umid qilayotganini ta’kidlaydi.
Ishdan ketishga qaror qilgan bosh muharrir Abdulaziz Muborak o’z izohida nashrda bosilgan ikki maqola uchun muassis Mubashshir Ahmad Din ishlari qo’mitasi vakili Dilshod Eshnayev tomonidan quloqqa og’irlik qiladigan haqorat va tahdidlarga uchraganini ma’lum qiladi.
Bosh muharrirning “Azon.uz ga bosim qachon tugaydi?” deb nomlangan bu chiqishidan qo’mita tahdidlari birinchi bor emasligini, avval ham bir necha maqolalar bosim ostida olib tashlanganini anglash mumkin.
“Pichoq borib suyakka yetdi, rizq Allohdan, men o’z arizamni yozdim”, - degan xulosaga keladi Abdulaziz Muborak.
Din ishlari bo’yicha qo’mita o’z bayonotida “Azon.uz”ga bosim qilinganini inkor etar ekan, aksincha, portaldagi maqolalarni keng ommaga targ’ib qilish bo’yicha nashr bilan hamkorlik qilib kelayotganini iddao qiladi. AOKA esa tomonlarni o’zaro murosaga chaqiradi.
Ishdan bo’shash haqida ariza yozgan bosh muharrir Abdulaziz Muborak “Amerika Ovozi”ning diniy qo’mita vakili tahdidi va haqoratlari qanday ko’rinishda bo’lganiga doir savolini ochiq qoldirdi.
Facebook Forum