O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevskani “Al-Jazira” telekanalining O’zbekistondagi muxbiri sifatida ro’yxatdan o’tkazgan.
Vazirlikning bu bildirishnomasi polshalik jurnalist atrofidagi mojaro ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy muhokama bo’lishi, mahalliy rahbarlar, diplomatik korpuslar, xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan bildirilgan xavotirlar ortidan kuzatilmoqda.
Yarim yildan buyon O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiya kutayotgan Pikulitska o’z sahifasida vazirlik xodimi tomonidan jinsiy tegajog’likka uchragani, O’zbekiston haqida ijobiy maqolalar yozish talabi qo’yilgani haqida yozganidan so’ng muammo OAVga ko’chdi va jamoatchilik o’rtasida jiddiy munozaralar qo’zg’adi.
Vazirlik xodimi tomonidan jurnalistga nisbatan jinsiy tegajog’lik qilingani Senat raisi Tanzila Norboyeva tomonidan tanqidga olindi, G’arb davlatlarining qator elchilari o’z xavotirlarini izhor qilishdi. “Human Rights Watch” tashkiloti jurnalistning bu da’volari yuzasidan jiddiy tekshiruv o’tkazishga chaqirdi.
Asli polshalik bo’lgan jurnalistning akkreditatsiya haqidagi arizasini yarim yildan beri javobsiz qoldirib kelgan O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mojaro jamoatchilikka ochiqlanar ekan, vaziyat yuzasidan ketma-ket axborot taqdim etdi.
Avvaliga Agneshka Pikulitskaga shilqimlik qilgan Rustam ismli yigit vazirlikda ishlamasligi aytildi, keyinchalik vazirlikda hech kim tanimaydigan bu yigitning ishdan olingani ma’lum qilindi, jurnalist TIVda qabul qilindi, undan uzr so’raldi.
"Sirli Rustamni qidirib topish ishlari tez orada ijobiy natija beradi deb umid qilaman. Ishonamanki "Ilhom-FBR" (yoki ehtimol Rustam-DXX) Tashqi ishlar vazirligida yoki hukumatning boshqa tuzilmasida topiladi. Qanday bo'lmasin, sizni xabardor qilib turaman", - deya yozdi Pikulitska o'zining "Twitter" sahifasida.
Vazirlik 3-fevral kungi so’nggi xabarida Pikulitskaga “Al-Jazira” telekanalining O’zbekistondagi muxbiri sifatida ro’yxatga olingani ma’lum qilindi.
O’zbekistonda ishlash uchun yarim yildan oshiq akkreditatsiya kutgan jurnalist ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali uni qo’llagan barchaga o’z minnatdorchiligini bildirdi, vazirlik xodimiga nisbatan xolis tekshiruv o’tkazilishiga umid bildirdi.
U mojaro yuzasidan matbuotda izoh berishni istamasligi, uning uchun eng asosiysi akkreditatsiya olib, o’z faoliyatini O’zbekistonda davom ettirish ekanligi haqida ham yozgan.
Jurnalistlar “Al-Jazira” telekanali muxbiri bilan bog’liq bu mojaro ortidan masalaning boshqa tomoniga, O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining jurnalistlar bilan ishlash faoliyati mutlaqo qoniqarsiz ekanligiga diqqat qaratishmoqda.
Ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalarda jurnalistlarni akkreditatsiyadan o’tkazish muddati ikki oy qilib belgilanganiga qaramasdan jarayonning yarim yilga cho’zilgani izohsiz qoldirilgani tanqidga tutiladi.
Vazirlikning Pikulitska bilan o’tgan uchrashuv ortidan bildirgan ma’lumotida qo’shimcha holatlar aniqlangani xabar qilingan, ammo akkreditatsiya ko’rib chiqilishi muddati yuzasidan biror izoh yo’q.
Sharhlovchilarga ko’ra, polshalik jurnalist to’qnashgan bu mojaro nafaqat O’zbekistondagi so’z erkinligi bilan bog’liq, balki jismoniy zo’rlik, gender tenglikka doir muammolarni ham yuzaga chiqargan.
Tadqiqotchi Alisher Ilhomovning aytishicha, muammo O’zbekistonning tamsili bo’lgan Tashqi ishlar vazirligi timsolida yuzaga chiqqani uning ildizlari anchayin chuqur ekanligini ko’rsatadi.
“Bu vaziyatda Tashqi ishlar vazirligi o’z no’noqligini ko’rsatdi. Jurnalist bilan bog’liq muammo ochiqlanishi ortidan vazirlik darhol bayonot bilan chiqishi, holat yuzasidan tekshiruv o’tkazilayotgani va natijalari haqida jamoatchilikka ma’lum qilishi kerak edi. Ammo bu sukutning sabablari nafaqat vazirlikning o’zida, balki uning faoliyatini nazorat qilib turgan maxsus xizmatlarga ham bog’liqligini taxmin qilish mumkin. Shu sabablar bois shilqimlik qilgan xodimning kimligi ham mavhum qoldrilmoqda”, - deb hisoblaydi Ilhomov.
Jurnalistning o’zi hozircha so’nggi kunlarda bo’lib o’tgan voqealar yuzasidan izoh berish imkoniyatiga ega emasligini bildirdi.
Facebook Forum