Breaking News

AQSh-Tolibon tinchlik bitimiga bir yil to'ldi


Xalqaro hayot - 2-mart, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:28 0:00

AQSh va Tolibon o’rtasida tinchlik bitimi imzolanganiga bir yil to’ldi. O’tgan yili 29-fevral kuni Qatar poytaxti Doxada tomonlar qariyb 20 yillik urushni tugatishga kelishib olgan edi. Agar Tolibon hujumlarni to’xtatsa, AQSh barcha kuchlarini shu yil 1-maygacha Afg’onistondan olib chiqishga va’da bergan. Ammo yangi ma’muriyat davrida bitim ijrosi mavhumligicha qolmoqda.

“1-may yaqinlashyapti. AQSh-Tolibon kelishuvi bo’yicha Amerika kuchlari mamlakatdan chiqib ketishi kerak. Ya’ni Tolibon shartlarni bajarsa, qolgan barcha askarlar Afg’onistonni tark etishi lozim. AQSh Tolibon shartlarni bajarmaganini aytsa kerak. Tolibon esa buning aksini aytadi”, - deydi Vilson markazi tahlilchisi Maykl Kugelmen.

Tolibon harbiy amaliyotlarni qisqartirib, bitim shartlariga rioya qilganini ta’kidlamoqda.

“Kelishuv ortidan barcha, xususan, jonajon vatanimiz va vatandoshlarimiz guvoh bo’ldi. Ya’ni, bitimdan avval razvedka va harbiy inshootlarga yirik hujumlar uyushtirar edik; kelishuvdan keyin bu amaliyotlar to’xtadi”, - deydi Tolibonning Qatardagi idorasi so’zlovchisi Muhammad Naim.

BMT fevralda chiqargan hisobotga ko’ra, 2020-yil Afg’onistonda 8800 dan ortiq tinch aholi harbiy amaliyotlardan jabr ko’rgan. Ularning uch mingdan ortig’i halok bo’lgan.

“Tolibon bitim bo’yicha o’z va’dalarini bajargan, deb ayta olmayman. Ular zo’ravonlikni to’xtatmadi; aksincha, afg’on xavfsizlik kuchlariga ham, afg’on xalqiga ham zo’ravonlikni oshirishdi. Mamlakat bo’ylab davomiy hujumlarni ko’ryapmiz”, - deydi AQSh vakillar palatasi qonunchisi Maykl Uoltz.

So’rovlarga ko’ra, Amerika xalqining bu urushga nisbatan qo’llab-quvvatlovi susaymoqda. Tramp ma’muriyati xorijdagi askarlar sonini kamaytirishni o’zining asosiy maqsadlaridan biri deb e’lon qilgan edi. Prezident Jo Bayden qanday yo’l tutishi hali ma’lum emas.

“Vaziyat qanday bo’lishidan qat’i nazar, Tramp ma’muriyati bitim imzolanishi bilan Afg’onistonda askarlar sonini kamaytirishni davom ettirdi. Bayden va uning jamoasi uchun endi oson bo’lmaydi. Bitimni tark etish muammolar yaratadi; unga rioya qilish ham shunday natija beradi”, - deydi ekspert Endryu Uotkins.

2020-yil sentabrda Doxada boshlangan afg’onlararo muloqot kutilgandan ko’ra juda sekin kechmoqda. Muhokama stolida ayollar huquqi va so’z erkinligi kabi nozik masalalar bor.

“Afg’oniston konstitutsiyasi bo’yicha, barcha afg’onlar, erkaklar va ayollar teng. Ammo Tolibon islomdagi ayollar huquqini joriy qilmoqchi. Islomiy ayollar huquqi nima? Islom va shariat qonunlarini hamma har xil talqin qilishi mumkin”, - deydi Afg’onistonning Tinchlik muzokaralari jamoasi a’zosi Habiba Sarabiy.

Muloqot davom etar ekan, to’qnashuvlar ham to’xtagani yo’q. Urush esa 19-yilga kirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG