Breaking News

Saudiya shahzodasi insoniyatga qarshi jinoyatda ayblanmoqda


Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon
Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon

"Chegarasiz muxbirlar" tashkiloti 2-mart kuni Saudiya qirolining o'g'li va valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmonga qarshi Germaniya prokuraturasiga ariza berganini ma'lum qildi.

Tashkilot arizasida shahzoda va unga yaqin nufuzli shaxslar Turkiyada jurnalist Jamol Qoshiqchini qatl etishda ayblangan. Shuningdek, Saudiyada tizimli ravishda jurnalistlarga bosim o’tkazish, ularni jismonan yo’q qilish jinoyatiga mas’ul ekani ta’kidlangan.

Parijda joylashgan “Chegarasiz muxbirlar tashkilotining bildirishicha, Germaniya qonunlari o’z hududidan tashqarida sodir etilgan jinoyatlarga qarshi prokuraturaning ish ochishiga izn beradi. Shuning uchun ham aynan Germaniyaga murojaat qilingan.

Tashkilotning Xalqaro kampaniyalar bo’yicha direktori Rebekka Vinsentning ta’kidlashicha, arizada Saudiya hukumati o’nlab jurnalistlarni noqonuniy hibsga olishda ham ayblangan.

“Umid qilamizki, urinishlarimiz nafaqat Saudiya, balki dunyoning boshqa nuqtalarida ham jurnalistlarga qarshi zulmning to’xtatilishiga xizmat qiladi. Germaniya sudi chora qo’llasa, shu yo’lda muhim qadam qo’yiladi”, - deydi Vinsent.

Amerikada yashagan Qoshiqchi "Vashington Post" sharhlovchisi edi, shuningdek, xalqaro ommaviy axborot vositalarida tez-tez chiqib, Saudiya Arabistoni qirolligini qoralar, uni inson huquqlarini ayovsiz poymol etganlikda ayblar edi.

Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligiga borganida maxsus guruh tomonidan o'sha yerdayoq qatl etilib, jasadi qiymalangan, deyiladi rasmiy ma'lumotlarda.

AQSh razvedkasi va BMTning maxsus elchisiga ko’ra, shahzoda qotillikning buyurtmachisi. Jo Bayden ma’muriyati kuni kecha taqdim etgan hisobotda ham shahzoda Qoshiqchini qo’lga olish yoki qatl etishni ma’qullagani ma’lum qilingan.

“Nazarimda, AQSh razvedkasining hisoboti qotillik ishiga doir faktlar va aybdorlarni oshkor qildi”, - deydi Vinsent.

Uning ta’kidlashicha, Germaniya prokuraturasi jinoiy ishni ochishni rad etsa, tashkilot adolat yo’lidagi kurashini boshqa yo’llar bilan davom ettiradi. Ayni damda Qoshiqchining yo’q qilinishi bo’yicha sud ishi Istanbulda davom etmoqda. “Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti sudda kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG