Saudiya Arabistoni shahzodasi Muhammad ibn Salmon 2018-yilda tanqidchi jurnalist Jamol Qoshiqchini o'ldirish rejasini ma'qullagan. Qatl Turkiyadagi konsullikda amalga oshirilgan. AQSh razvedkasi 26-fevral kuni shunday xulosani keng ommaga e'lon qildi.
Amerikada yashagan Qoshiqchi "Vashington Post" sharhlovchisi edi, shuningdek, xalqaro ommaviy axborot vositalarida tez-tez chiqib, Saudiya Arabistoni qirolligini qoralar, unin inson huquqlarini ayovsiz poymol etganlikda ayblar edi. Umumbashariy erkinliklarni hurmat qilishda qirollik eng oxirgi o'rinlarda. Xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT agentliklari tahlilicha, bu mamlakat uzviy huquqlar kundalik va qo'pol tarzda oyoqosti qilinadigan jamiyatdir.
Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligiga borganida maxsus guruh tomonidan o'sha yerdayoq qatl etilib, jasadi qiymalangan, deyiladi rasmiy ma'lumotlarda. Undan keyin nima bo'lgani mavhum.
Qirollik buni inkor etib keladi. Shahzoda Muhammad ibn Salmon davlatning norasmiy rahbari hisoblanadi, chunki 85 yoshli qirol Salmon ib Abdulaziz al-Saud hokimiyatni unga ishonadi.
AQSh Milliy razvedka idorasi qilayotga xulosa maxfiy xizmatlar to'plagan ma'lumotlarga asoslanadi. Unga ko'ra, shahzoda va uning yaqin maslahatchisi va xavfsizlik idorasi Qoshiqchini o'ldirish operatsiyasiga bevosita hissa qo'shgan. Shahzodaning jurnalistni shafqatsiz ravishda yo'q qilishni ma'qullagan.
Bu xulosani 2019-yilda Tramp ma'muriyati oshkor etishni ma'qul topmagan. Bayden ma'muriyati uni chiqardi, ammo juda ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi, deydi tahlilchilar, chunki Vashingtonga qator masalalarda Riyodning quvvatlovi zarur, ayniqsa Eronga nisbatan siyosat, ekstremizmga qarshi kurash hamda Isroil va arab davlatlari orasida tinchlikni saqlashda.
Prezident Jo Bayden yuqoridagi ma'lumot chiqishidan oldin Saudiya qiroli bilan telefonda gaplashgan. Oq uyga ko'ra, rahbarlar ittifoqchilik va hamkorlik buzilmaydi deya ishonadi.
AQSh razvedkasi bu xulosalarini 2018-yilda Kongress a'zolariga bayon qilgan, maxfiy ma'lumot sifatida.
Prezident Donald Tramp o'sha paytda Riyod bilan rishtalar taranglashishini istamagan.
Qoshiqchi 59 yoshda edi. Turkiyalik ayolga uylanish niyatida yurgan jurnalistga konsullikdan hujjat zarurligi aytiladi. Bu uni vakolatxonaga olib kelish uchun bahona bo'lgan.
Riyod jurnalist qirollikka bo'ysunmagan guruh tomonidan o'ldirilgan, deya bayonot bergan. 21 kishi hibsga olingan. Ular orasida besh nafari yuqori lavozimli razvedkachilar bo'lgan, jumladan biri shahzoda Muhammad ibn Salmonga yaqin odam.
2019-yil boshida 11 kishi yopiq sudlangan. Besh nafari o'lim jazosiga hukm qilingan. Lekin keyin ularning jazosi 20 yillik qamoqqa o'zgartirilgan, chunki jurnalistning oilasi ularni kechirgan.
Amerika rahbariyati qirol Salmon bilan aloqada, shahzoda bilan emas, deydi Oq uy rasmiylari. Bu bilan Vashington o'zini 35 yoshli valiahddan uzoqlashtirishga urinmoqda. Tramp paytida Oq uy shahzoda bilan ishlar edi.
Muhammad ibn Salmon o'zini islohotchi deb tanishtiradi. Qirollikni yangi zamonga olib kirishni va'da qilgan. Lekin u muxolifatga toqat qilmaydi. Tanqidchilar, huquq faollari va norozilik bildirgan fuqarolar tuzum nishonida.
Facebook Forum