Demokrat qonunchilarning aytishicha, Prezident Donald Trampning Davlat departamenti bosh inspektorini ishdan olish qaroriga Saudiya Arabistoniga qurol sotish haqidagi bahsli farmon yuzasidan tekshiruv o’tkazilgani sabab bo’lgan.
Dastlab demokratlar Stiv Linik Davlat kotibi Mayk Pompeo va uning rafiqasi Syuzanni hukumat xodimidan itni sayr qildirish, ovqat buyurtma qilish kabi shaxsiy ishlarda foydalangani yuzasidan tekshiruv boshlagani uchun ishdan olinganini taxmin qilgan edi.
Ammo Vakillar palatasi Tashqi ishlar qo’mitasi raisi Eliot Engelning “Twitter”da yozishicha, bosh inspektor Linikning ishdan haydalishida boshqa sabab bor. Linik Trampning Saudiya Arabistoniga favqulodda farmon orqali Kongress ruxsatisiz qurol sotish qarorini tekshirayotgani Oq uyga yoqmagan.
Engelga ko’ra, Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqda Eron ta’sirini kamaytirish vaji bilan bir necha mamlakatga, xususan, Saudiya Arabistoniga 8,1 milliard dollarlik qurol-yarog’ sotishni ko’zlagan va bu ish uchun Kongressdan ruxsat olishni istamagan.
Tramp 18-may kuni Pompeo tavsiyasi bilan Linikni ishdan haydaganini aytgan edi.
“Prezident sifatida ishdan olishga to’liq haqqim bor. Uni kim tayinlagan, deb so’raganimda, Prezident Obama deb aytishdi. Unda ishdan haydayman, deb aytdim”, - dedi Tramp.
Pompeoning “Vashington Post” gazetasiga aytishicha, u Linikni ishdan olishni so’rab Trampga murojaat qilgan, chunki bosh inspektor faoliyati Davlat departamenti missiyasini amalga oshirishga halaqit bergan.
Vakillar palatasi Spikeri Nensi Pelosi Linikning ishdan olinishi sabablari haqida 30 kun ichida izoh berishni so’rab Tramp ma’muriyatiga xat jo’natdi.
“Uning ishdan olinishi hukumatimiz va bosh inspektorlar ishiga to’g’anoq bo’lishga qaratilgan jarayonning bir qismi”, - deb yozdi Pelosi.
“Bosh inspektorlar demokratiyamizning ajralmas qismi va ular hukumatlar shaffofligini, vakolatlarning suiiste’mol qilinishi, firibgarlik va isrof yuz bermasligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega”, - deya qo’shimcha qildi u.
Linik so’nggi haftalarda Tramp tomonidan ishdan olingan to’rtinchi bosh inspektor.
Tanqidchilar va tarafdorlar
Nyu-jersilik demokrat senator Bob Menendez va Engel Oq uyga qo’shma xat yo’llab, Linikning ishdan olinishiga aloqador hujjatlarning taqdim qilinishini so’radi.
“Prezident Kongressga asosli sabab va tushuntirish bermasdan turib nazoratchi rasmiylarni ishdan hayday olmaydi. Maxfiy sabablar hisob emas”, - dedi Menendez.
Ayovalik respublikachi senator Chak Gresli ham bosh inspektorning ishdan olinishi bo’yicha ko’proq ma’lumot berilishini so’radi.
Boshqa respublikachilar esa Tramp qarorini himoya qildi.
Prezidentning savdo bo’yicha maslahatchisi Piter Navarro ishdan olish masalasida prezidentning har qanday qarorini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.
Viskonsinlik senator Ron Jonsonning aytishicha, bosh inspektorlar prezidentga xizmat qiladi.
Avvalgi ishdan olishlar
Hukumatning moliyaviy yordam dasturini taftish qilgan Glen Fayn avvalroq ishdan olingan edi. AQSh razvedka idoralari bosh inspektori bo’lgan Maykl Atkinson hamda Sog’liq va inson xizmatlari agentligi bosh inspektori Kristi Grim ham Tramp tomonidan ishdan haydalgan. Atkinson prezidentni impichment qilish jarayoniga turtki bo’lgan ma’lumotning oshkor qilinishiga qo’shgan hissasi uchun ishini yo’qotgani aytiladi. Grim esa Amerika kasalxonalarida tibbiy jihozlar yetishmayotgani haqida soxta hujjat to’plaganlikda ayblandi.
Linik Davlat departamenti bosh inspektori lavozimiga sobiq prezident Barak Obama tomonidan tayinlangan. U Saudiya Arabistoniga Kongress ruxsatisiz qurol sotish kelishuvini taftish qilgani aytiladi.
O’tgan yili Pompeo Sadiyaga qurol sotish bitimini himoya qilib, bu narsa mintaqada Eron ta’sirini kamaytirish uchun zarur ekanini ta’kidlagan edi.
Demokratlar va bir guruh respublikachilar esa kelishuvni qoralab, ma’muriyatni inson huquqlarini keskin poymol qiladigan va jurnalist Jamol Qoshiqchi o’limi ortida turgan rejimga harbiy yordam bermaslikka chaqirdi.
Facebook Forum