Breaking News

Xitoy besh yillik yangi iqtisodiy rejani e'lon qilishi kutilyapti


Xitoy Milliy xalq vakillari kongressi yig'iniga hozirlanmoqda, Pekin, Xitoy, 2021-yil, 1-mart.
Xitoy Milliy xalq vakillari kongressi yig'iniga hozirlanmoqda, Pekin, Xitoy, 2021-yil, 1-mart.

Koronavirus pandemiyasiga qaramay, Xitoy iqtisodiyoti barqaror o’sishda davom etmoqda. 5-mart kuni mamlakat qonunchilik organi yillik yig’inini boshlar ekan, Xitoy iqtisodiyoti uchun navbatdagi ulkan rejalar e’lon qilinishi kutilyapti. Pekinda bo’ladigan Milliy xalq vakillari kongressi sessiyasida minglab delegatlar ishtirok etadi.

Koronavirus o’chog’i hisoblangan Xitoy 2020-yil dunyoda iqtisodiy o’sishni qayd etgan yagona yirik mamlakat hisoblanadi. O’tgan yili AQSh iqtisodiyoti 3,5 foizga qisqargan bo’lsa, Xitoyniki 2,3 foizga o’sgan.

Ko’plab davlatlar pandemiyadan avvalgi holatga qaytish uchun 2-3 yil vaqt sarflashi kutilyapti; Xitoy bu natijaga bir chorakning o’zida erishdi, deydi “Fitch Ratings” kompaniyasi tahlilchisi Anvita Basu.

Xitoy Xalq vakillari kongressi, odatda, Kommunistik partiya olg’a suradigan rejalarni tasdiqlab berish uchun yig’iladi. Sessiyalarda jiddiy yangilik yuz berishi kutilmasa-da, ulardan mamlakat miqyosida amalga oshirayotgan ishlar va siyosatdagi o’zgarishlar haqida tushuncha olish mumkin.

Iqtisodiy rejalar

Bu yilgi yig’inda Xitoy kelgusi besh yil uchun yangi iqtisodiy rejasini e’lon qilishi kutilyapti.

Ammo joriy yil uchun iqtisodiy o’sish prognozlari e’lon qilinmasligi mumkin. Bunga koronavirus tufayli iqtisodiy vaziyatning hanuz mavhum ekani sabab qilib ko’rsatilmoqda.

Xitoy yetakchilari investitsiya va eksportga asoslangan iqtisodiyotda mahalliy iste’molchilikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishi kutilyapti.

2060-yilgacha issiqxona gazlari chiqishini butunlay to’xtatish ham maqsad qilingan. Ayni paytda Xitoy dunyoning tabiatga eng ko’p uglerod gazlarini chiqaruvchi mamlakati sanaladi.

AQSh bilan savdo aloqalari taranglashishi ortidan Xitoy tashqi bozorlarga bog’liqlikni kamaytirishga ham urinadi. Elektronika mahsulotlari uchun kerak bo’ladigan chip va yarimo’tkazgichlar ishlab chiqarishni ko’paytirish shu maqsad yo’lidagi choralardan biri.

AQSh bilan ziddiyatlar

Xalq vakillari muhokama qiladigan mavzular markazida AQSh va Xitoy o’rtasidagi strategik raqobat turishi sir emas.

Pandemiyaga qaramay, Xitoy iqtisodiyotining o’sishda davom etishi, aksincha, bu davrda AQSh iqtisodiyotining qisqarishi Xitoyning eng katta iqtisodiyotga aylanish muddatini yanada tezlatishi aytilmoqda.

Hozirgi hisob-kitoblarga ko’ra, 2028-yilga borib Xitoy AQShni quvib o’tib, dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga aylanadi. Bu pandemiyadan avvalgi taxmindan besh yil erta yuz bermoqda.

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp tomonidan Xitoy mahsulotlariga qo’yilgan import cheklovlari Xitoyning barqaror o’sishiga to’siq bo’la olmadi.

Prezident Jo Bayden Xitoyga nisbatan avvalgi ma’muriyatga qaraganda iliqroq munosabatda bo’lishi kutilyapti, ammo Vashington-Pekin aloqalari bundan buyon qanday davom etishi hozircha aniq emas.

Inson huquqlari muammosi

Bayden ma’muriyati inson huquqlari masalasida Xitoyni keskin tanqid qilib keladi. Bir milliondan ortiq uyg’ur va boshqa ozchilik musulmon elatlarning lagerlarga tashlangani, Gonkongdagi namoyishlarning Pekin bosimi ostida kuch bilan bostirilishi xalqaro maydonda Xitoyga nisbatan tanqidlarni kuchaytirgan.

Tahlilchilar fikricha, Xitoy Gongong va ozchilik elatlar bo’yicha siyosatini o’zgartirmaydi, aksincha, yanada kuchaytirishi mumkin.

Xitoy so’nggi paytlarda o’zini mustaqil boshqaruvchi Tayvanga nisbatan ham munosabatini keskinlashtirmoqda. Pekin bu orol davlatni va Janubiy Xitoy dengizidagi bir qator hududlarni o’ziga qarashli deb biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG