Uyg’ur faollarining tahlillariga tayanilsa, hozirgacha 5-6 milliondan oshiq uyg’urlar Xitoy qamog’ida yoki lagerlarida bo’lishgan. Bu Xitoy hukumati uyg’urlarni millat sifatida qayta tarbiyalashni, o’quv markazlari sifatida taqdim etilayotgan lagerlardan o’tkazishni maqsad qilganini ko’rsatadi.
Xitoy Shinjon viloyati, uyg’urlar Sharqiy Turkiston deb ataydigan mintaqa musulmonlariga bosimni oshirayotgani kuni-kecha turk dunyosining mashhur olimi Mahmud Qoshg’ariy xotirasiga qo’yilgan Qashg’ardagi yodgorlik olib tashlanishi bilan kuzatilgan edi.
Turk davlatlarida biror rasmiy munosabatga loyiq ko’rilmagan bu xabar Xitoy qudrati shak-shubhasiz qabul qilinayotganidan ham darak beradi.
Xitoy uyg’urlar hayotiga, e’tiqodiga tajovuz yo’qligini, uyg’urlar saqlanayotgan lagerlar o’qitish markazlari ekanligi, bu lagerlar ixtiyoriy ekanligini targ’ib qiladi.
Bu targ’ibot o’zbek matbuotini ham chetlab o’tmagan. Xitoydagi o’quv markazlari madh qilingan maqolalar chiqqan edi.
Ammo Shinjonda milliondan oshiq uyg’urlar, musulmon bo’lgan boshqa millat vakillari majburiy saqlanayotgan lagerlar mavjud. Xitoy ularni yopish niyatida emas, aksincha kengaytirmoqda.
Abdurehim Parach o’z vatanini tark etishga majbur bo’lgan uyg’urlardan biri. U ayni paytda Turkiyada aspiranturada o’qiydi. Abdurehim millatdoshlarining qanchasi Xitoy qamog’ida yoki lagerlarda ekanligiga doir tadqiqotlar o’tkazgan.
Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Sharqiy Turkistonni, uyg’urlarni turk dunyosidan, islom dunyosidan ham uzib qo’yishga muvaffaq bo’lgan Xitoy butun bir millatni o’zi istagan usulda qayta tarbiyalamoqchi.
Facebook Forum