Breaking News

Jurnalist ayollar tahdidlardan nolimoqda


Afg'onistonlik jurnalist ayol. Arxiv.
Afg'onistonlik jurnalist ayol. Arxiv.

Kamida 40 ta mamlakatda jurnalist ayollar faoliyati tahdid ostida. “Chegarasiz muxbirlar” tashkilotining 8-mart kuni taqdim etgan hisobotida shunday ma’lumot berilgan.

Aksariyat jurnalist ayollar jinsiy tajovuz bilan yuzlashayotganidan arz qilgan. Respondentlarning 85 foizi muntazam bosim ostida ekanini bildirgan. So’rov ishtirokchilarining 30 foizi jinsiy zo’ravonlik nishoniga aylanganini ma’lum qilgan.

Qariyb 80 foiz jurnalist ayollarda stress holati, 65 foizida qo’rquv hamda 30 foizida depressiya qayd etilgan. Ularning 50 foizga yaqini o’z hayotiga tajovuz ehtimolidan xavotirda. 11 foizi uyini tark etishga majbur bo’lgan.

“Jurnalistikani tahdidlardan himoya qilish birinchi navbatdagi burchimizdir. Genderlararo tazyiq, jinsiy zo’ravonlik va hujumlar tahdidlarning bir qismidir. Jurnalist ayollarning ikki karra ko’proq tahdid bilan yuzlashayotganini, turli frontlarda o’zlarini o’zlari himoya qilishga mahkum ekanini his etish og’ir. Ko’p tomonlama tahdidlar ishxonada ham, uning tashqarisida ham jurnalist ayollarni tahlika bilan yuzlashtirmoqda”, - deydi “Chegarasiz muxbirlar” tashkilotining Bosh kotibi Kristof Deluar.

Jurnalist ayollarga tazyiq internetda ham chuqur ildiz otgan. Respondentlarning to’rtdan uch qismi onlayn bosimlarga uchraganini ma’lum qilgan. Natijada, jurnalist ayollarning qariyb 50 foizi internetdagi faoliyatida o’z-o’zini senzura bilan boshqarishga majbur bo’lgan. Ularning 43 foizi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasini vaqtincha yoki butunlay yopishga qaror qilgan.

Erkak jurnalistlar yetakchilik qiladigan sport, siyosat va inson huquqlari yo‘nalishida ayol kadrlarning paydo bo’lishi ham bosim va tahdidlarni kuchaytirgani qayd etilgan.

Hisobot 112 mamlakatdan 150 nafar jurnalist ayollar ishtirok etgan so’rovnoma natijalari asosida tayyorlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG