Breaking News

Pandemiya oliy ta'limga qanday ta'sir qildi?


Pandemiyaning oliy ta'limga ta'siri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:27 0:00

AQShda koronavirus tufayli oliy o’quv yurti eshiklarining yopilganiga bir yil bo’ldi. Buning oqibatida ta’lim tizimida yuz bergan o’zgarishlar esa hanuz davom etmoqda.

O’tgan yili mart oyida koronavirus bilan kasallanganlar soni keskin oshishi natijasida AQSh bo’ylab oliy o’quv yurtlari o’z faoliyatini to’xtatdi. Bu talabalar va universitet jamoalari hayotida tub burilish yasadi.

“Endi qayerga boraman, deb o’yladim. Juda asabiylashdim”, - deydi nigeriyalik Tey ismli talaba.

Talabalar, odatda, yosh bo’lgani uchun koronavirusdan jiddiy xastalanishi ehtimoli kam. Ammo ular virusni eng ko’p tarqatuvchi va immuniteti zaif odamlarga eng ko’p tahdid soluvchi guruhga mansub, deyiladi Londondagi Imperial kolleji o’tkazgan tadqiqotda.

Mamlakat darajasida yagona tartib bo’magani bois o’quv yurtlari pandemiyaga qarshi mustaqil choralar ko’ra boshladi. Ba’zilari talabalarni uyiga jo’natdi. Ayrimlari ularni qayta olib kelib, biroz o’tgach, yana uylariga jo’natishga majbur bo’ldi.

Ta’lim to’liq onlayn tizimga o’tdi, deydi Brandeys universiteti sobiq prezidenti Fredrik Lourens.

“Internet orqali ta’lim berib o’rganmagan universitetlar tez orada to’liq onlayn ta’lim dargohlariga aylandi. Yuzlab, ba’zan minglab darslarni onlayn taqdim eta boshlashdi”, - deydi Lourens.

Ammo talabalar ta’lim sifati yomonlashganidan, yetarli darajada texnik va amaliy yordam ko’rsatilmaganidan shikoyat qilmoqda.

“YouTube” orqali o’rganish uchun shuncha pul sarflayotgandek his qilyapman o’zimni”, - deydi Merilend universiteti talabasi.

Kuzgi semester uchun ro’yxatdan o’tganlar soni kamaydi. O’quv yurtlari esa pul yo’qotmoqda.

“Xayriya yig’ish, katta tadbirlar o’tkazish, futbol o’yinlari va boshqa pul yig’iladigan marosimlar o’tkazish imkoniyati yo’q”, - deydi Amerika kollej va universitetlari assotsiatsiyasi rahbari Lin Paskarella.

O’tgan yili kuzga kelib ko’plab universitetlar yotoqxonalarni va qisman sinfdagi darslarni tikladi. Ammo ko’p o’tmay aksariyati yana yopildi.

Yotoqxonada yashashni sog’inganlar bor. Xalqaro talaba Tey Ayodejining aytishicha, 10 oy Nigeriyadan turib o’qish oson bo’lmadi.

“Vaqtdagi tafovut ancha qiynadi. Nigeriyada internet aloqasi ham yaxshi emas. Texnik muammolar ham bo’ldi”, - deydi u.

Talabalari qaytgan o’quv yurtlari uchun virusga qarshi ehtiyot choralari kundalik hayot tarziga aylandi.

“Xonamda bir quti niqob, antiseptik vositalar bor. Har hafta ikki marta test topshiramiz, kovid monitoring formasini to’ldiramiz. Bunga o’rganib qoldik”, - deydi Merilend universiteti talabasi.

Emlash ishlarining kengayishi hamda yangi kasallar sonining kamayishi ortidan bu yil kuzgi darslar normal tartibga qaytishi kutilyapti. Kollejda yashab o’qish tajribasini sog’ingan talabalar uchun bu yaxshi xabar.

“O’quv yurti hududida yashash, professorlar bilan yaxshi aloqaga ega bo’lish, bir jamoa bo’lish hissini tuyish Kolumbiyadagi maktablardan keskin farq qiladi. Hozir esa hech qanday farqi qolmagandek”, - deydi kolumbiyalik xalqaro talaba Izabela Linares.

Bo’lajak talabalar uchun ham xushxabar bor. Ko’plab o’quv yurtlari bu yilgi abiturientlardan umumiy qabul imtihonlarini topshirish talabini bekor qilmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG