Breaking News

Bayden xorijlik talabalarga imkon bermoqchi


Universitetni tamomlagan xalqaro talabalar. Nyu-York shahri, 22-may, 2018.
Universitetni tamomlagan xalqaro talabalar. Nyu-York shahri, 22-may, 2018.

Prezident Donald Tramp ma’muriyati AQSh universitetlarida xorijlik talabalar uchun immigratsion qoidalarga bir necha bor o’zgartirishlar kiritdi. Shartlar kuchaydi, viza cheklovlari o’rnatildi. AQSh saylovlarida g’alaba qozongan Jo Bayden ayrim cheklovlarni bekor qilib, viza bo’yicha talablarni yumshatishni rejalamoqda.

“JoeBiden.com” saytida e’lon qilingan rejada bakalavriat talabalari alohida qayd etilmagan.

Bayden AQShda doimiy yashash va ishlash huquqi ta’minlanadigan immigratsiyani kengaytirishni maqsad qilganini bildirgan. Shuning bilan birga, AQShda ishsizlik darajasi ortgan davrda vizalarni vaqtincha cheklash mexanizmini joriy etish taraddudida ekanini ma’lum qilgan.

Xalqaro ta’lim institutining ma’lum qilishicha, doimiy ishlash imkoniyatlarining yo’qqa chiqarilgani tufayli xorijlik yoshlar ta’lim olish uchun AQSh universitetlarini tanlashdan tiyilmoqda.

AQSh oliy o’quv yurtlariga o’tgan yili 1 milliondan ziyod xorijliklar qabul qilingan. Raqamlar o’n yillik mobaynida o’sgan, biroq so’nggi to’rt yilda sezilarli darajada qisqargan.

AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko’ra, 2016-moliyaviy yilda xorijlik talabalarga 502 214 ta F-1 vizasi berilgan. 2017-yilda esa 421 008 nafar xorij fuqarolari talabalik vizasini olgan. Bu ko’rsatkich 2019-yilda 388 839 taga tushgan.

Talabalarga vizalarni AQSh Davlat departamenti taqdim etadi. Barcha jarayonlar Ichki xavfsizlik vazirligi nazoratida bo’ladi.

“Bayden AQShda doktorlik darajasiga erishgan shaxslarga grin karta berish kerak deb hisoblaydi. Oliy darajada ta’lim ko’rgan kadrlarning boshqa mamlakatlarga xizmat qilishiga beparvolik mamlakatning iqtisodiy raqobatdoshlik salohiyatiga ziyon”, deyiladi yangi saylangan rahbar saytida.

AQShga talabalar asosan F-1 vizasi bilan keladi. Diplomni qo’lga kiritgach, “OPT” dasturi asosida 12 oygacha AQShda malaka oshirish uchun murojaat qiladi. Aniq fanlar (STEM) yo’nalishida ta’lim olganlar uchun bu davr 24 oygacha davom etishi mumkin.

Malaka oshirish davridan so’ng AQShda ishlash uchun qolmoqchi bo’lganlar H-1B vizasiga murojaat qiladi.

AQShga xorijdan keladigan yoshlarning 30 foizi Xitoy, 20 foizi Hindiston ulushiga to’g’ri keladi.

Prezident Donald Trampga ko’ra, xalqaro talabalar va tadqiqotchilar intellektual mulkni o’g’irlamoqda va davlat sirlarini o’zlashtirib, josuslik bilan shug’ullanmoqda. Barcha cheklovlar ana shu asosda joriy etilgan.

Biroq xorijlik talabalar AQSh iqtisodi va universitetlar byudjeti uchun ham muhim ahamiyatga ega. Ma’lumotlarga ko’ra, 2018-2019 o’quv yilida xorijlik talabalardan AQSh iqtisodiga 45 milliard dollar tushgan. 458 290 ta ish o’rni saqlab qolingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG