AQSh harbiylariga ko’ra, Xitoy xalqaro maydonda harbiy jihatdan eng qudratli davlatga aylanish harakatini kuchaytirmoqda. Bu haqda AQShning Hind-Tinch okeani mintaqasidagi kuchlari qo’mondoni admiral Filip Deyvidson Senatda bo’lgan tinglovda gapirdi.
“Ular qoidalarga asoslangan xalqaro tartibdagi AQSh roli va yetakchiligini tortib olish maqsadini tezlashtirmoqda”, - dedi yetakchi harbiy.
“Ular bu maqsadga 2050-yilgacha erishishlarini aytib kelar edi. Endi bu muddatni yanada yaqinlashtirishmoqchi”, - deya xavotir bildiradi u.
Shu yil nafaqaga chiqishi kutilayotgan Deyvidson so’nggi haftalarda Xitoy solayotgan tahdidga jiddiyroq e’tibor qaratishga chaqirmoqda.
U Xitoyni “21-asrda xavfsizlik uchun eng katta uzoq muddatli strategik tahdid” deb atab, Pekinga qarshi an’anaviy kurash usullari foyda bermayotganini ta’kidladi.
“Hind-Tinch okeani mintaqasidagi harbiy muvozanat AQSh va ittifoqchilarimiz uchun tobora noqulay bo’lib bormoqda, - deya qo’shimcha qildi u. – Bu noqulaylik tufayli Xitoyning mavjud vaziyatni bir tomonlama o’zgartirish salohiyati kuchaymoqda”.
AQSh rasmiylarining ogohlantirishicha, Xitoy global qudratini oshirish uchun shu paytgacha iqtisodiy imtiyoz va majburlash usullarini qo’llagan bo’lsa, endi harbiy choralar bilan tahdid solish yo’liga ham o’tmoqda.
Xitoy kelasi yil harbiy byudjetini 6,8 foizga oshirishi kutilyapti. Pekin 2025-yilgacha Hind-Tinch okeani hududida avinosetslar, zamonaviy jangovar kemalar soni bo’yicha hatto AQShdan o’zib ketishi taxmin qilinmoqda.
Xitoyning yadro salohiyati yuzasidan ham xavotirlar kuchli.
AQSh Mudofaa razvedka agentligi ma’lumotiga ko’ra, Xitoy kelasi o’n yil ichida yadro qurollari sonini kamida ikki barobar ko’paytiradi. AQSh Markaziy qo’mondonligining ogohlantirishicha, bu raqamlar juda konservativ bo’lib, aslida ular soni 3-4 karra oshishi mumkin.
Deyvidsonning aytishicha, agar Xitoy foyda berishiga ishonsa, yadro qurollarini ishga solishdan toymaydi.
“Ular yo’lga qo’yayotgan tizimlar va imkoniyatlar Xitoyning bosqinchilikka moyil ekanini ko’rsatmoqda”, - deydi u Pekinning so’nggi paytlarda Gonkongda, Hindiston bilan chegarada va uyg’urlar hamda tibetliklarga nisbatan olib borgan agressiv siyosatiga ishora qilib.
Navbatdagi nishon Tayvan va Guam bo’lishi mumkin, deydi AQSh qo’mondoni.
“Tayvan ularning ishtahasini ochayotgan hududlardan biri. Tahdid shu o’n yillikda, aniqrog’i, kelasi olti yilda bo’y ko’rsatadi”, - deydi Deyvidson.
AQSh hududi bo’lgan Guam oroli esa bugun Xitoy nishonida turibdi, deya qo’shimcha qiladi u.
Deyvidson qonunchilarni Tayvanga qurol sotishni davom ettirish hamda Guam oroliga Egida mudofaa tizimini o’rnatish choralarini qo’llab-quvvatlashga chaqirdi.
1,6 milliard dollarlik mudofaa tizimini o’rnatish AQShning besh yillik harbiy rejasiga kiritilgan. Tinch okeani mintaqasi xavfsizligini ta’minlash rejasi asosida jami 27,3 milliard dollar sarflash ko’zda tutilgan.
AQSh harbiylariga ko’ra, Xitoy agressiyasini cheklash yo’lida mintaqadagi ittifoqchi davlatlar blan diplomatik aloqalarni kuchaytirish ham muhim.
Buning uchun AQSh, ayniqsa, Hindiston, Yaponiya va Avstraliyaga alohida e’tibor qaratishi kerak, deydi Deyvidson.
Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining kecha jurnalistlarga aytishicha, bu to’rtlik yetakchilari 12-mart kuni onlayn muloqot qilishi rejalangan. Virtual uchrashuvda koronavirus pandemiyasi, iqtisodiy hamkorlik hamda atrof-muhit himoyasi masalalariga e’tibor qaratiladi.
Facebook Forum