Prezident Jo Bayden 11-mart oqshomida Amerika xalqiga televideniye orqali murojaat qildi. Mamlakat iyul oyida COVID-19 pandemiyasi iskanjasidan xalos bo'lib, normal hayotga qaytishini ta'kidladi.
Bayden 1-maydan har bir fuqaroga yetadigan dozada vaksina bo'lishi uchun maksimal darajada kurashilishini aytdi.
"Mamlakat 4-iyulda Mustaqillik kuni bilan birga Amerikaning virusdan mustaqil bo'lganini ham nishonlaydi", - dedi prezident.
AQSh rahbari 21-yanvar kuni pandemiyaga qarshi kurashning kompleks strategiyasini e’lon qilgan edi. Shu yetti haftalik davr ichida amerikaliklar 81 million doza vaksinani qabul qilishga ulgurdi. Prezident pandemiyaga barham berish yo’lidagi yangi bosqich qanday kechishiga oydinlik kiritdi.
Bayden ma'muriyati mamlakat bo'ylab vaksinatsiya punktlari sonini ko'paytirishni ham rejalagan. Yaqin kunlarda 950 dan ziyod sog'liqni saqlash punktlariga, 20 mingdan ziyod aptekalarga hamda 600 dan ziyod federal vaksinatsiya markazlariga millionlab dozada vaksina yetkazib beriladi. Emlash tajribasiga ega malakali xodimlar soni oshiriladi.
Baydenning ta’kidlashicha, maktablarni qayta ochishga alohida e’tibor qaratilgan. Kuni-kecha qabul qilingan “Amerikani qutqarish rejasi”, ya’ni iqtisodiy yordam paketi shu maqsadni ham o’z ichiga olgan. Ta’lim vazirligi maktablarning xavfsiz ochilishini ta’minlash uchun mamlakat ta’lim muassasalariga qariyb 130 milliard dollar miqdoridagi mablag’ni taqsimlaydi.
Mablag’ maktab o’quvchilari va xodimlarni testdan o’tkazish hamda pedagoglarni emlash xarajatlarini ham qoplaydi.
Prezidentning izohlashicha, virus mutatsiyasiga qarshi kurash, virus turlarini kategoriyalarga ajratgan holda o’rganish ishlariga 1,75 milliard dollar ajratilmoqda.
Facebook Forum