Breaking News

Kaliforniyada uysizlar uchun ixcham kulbalar qurilmoqda


Uysizlar uchun zamonaviy kulba
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:20 0:00

AQSh shaharlarida ishsizlik, yashash joylarining qimmatligi yoki ruhiy kasallik tufayli uysizga aylangan odamlar ko’p. Kaliforniyada ular uchun vaqtinchalik boshpana qurilmoqda.

Los-Anjeles okrugining o’zida 66 mingdan ortiq uysiz bor. Ularning qariyb 23 mingi boshpana bilan ta’minlangan, lekin qolganlari ko’chalarda tunaydi.

Vaqtinchalik yechim sifatida shaharning yettita joyida oldindan tayyorlangan yuzlab kichik kulbalar o’rnatilmoqda.

Ulardan biri fevralda ochildi. Estella kabi ko’plab uysiz ayollar endi o’z shaxsiy yashash maydoniga ega.

“Mablag’im tugab, ko’chada qoldim. Dastlab, mehmonxonalarda tunab yurdim. Unga ham qurbim yetmagach, ko’chalarda, ko’priklar ostida yashay boshladim”, - deydi Estella Ortiz.

Bir kishi uni zo’rlashga uringach, bunday hujumlardan saqlanish uchun bir necha qavat kiyim kiyadigan bo’ldi.

Hozir uychasida isitgich va konditsionergacha bor. Eshikni xavfsizlik uchun qulflash mumkin.

Bu yerda shunday uylardan 39 tasi qurilgan. Har biri olti kvadrat metr maydonga ega. Cho’milish, ovqatlanish va kiyim yuvish uchun umumiy hududlar ajratilgan.

Loyiha “Vodiy umidi” xayriya tashkiloti tomonidan boshqarilmoqda.

“Har kuni uch mahal ovqat beramiz. Shu yeda ovqatlanishadi yoki xonalariga olib ketishlari mumkin”, - deydi tashkilot vakili Rovan Vansliv.

Rasmiylar bu uychalarni Vashington shtatidagi “Pallet” kompaniyasidan sotib oldi.

“Bu bizing Los-Anjelesdagi “Aleksandriya” deb nomlangan loyihamiz. Ko’rib turganingizdek, ba’zilari qisman tugatilgan, boshqalari to’liq bitkazilgan”, - deydi kompaniya rahbari Eymi King.

Mana bu joyda 103 ta uy quriladi. Har biri 11 ming dollarga tushadi. Yo’llar, suv, kanalizatsiya kabi infratuzilma uchun bir necha yuz mingdan bir necha million dollargacha sarflanishi mumkin.

Bu yerdan joy olish uchun giyohvandlikdan xoli bo’lish shart emas, ammo ichkarida alkogol va narkotik modda iste’mol qilish taqiqlangan.

Ham xavfsizlik, ham shaxsiy maydon yaratish uchun bu eng ma’qul yo’l, deydi Kaliforniyaning Riversayd shahri sobiq meri Rovan Vansliv. U muammo haqida ogohlikni kuchaytirish maqsadida ikki hafta uysizlar markazida yashagan.

“Kimdir uchun ruhiy sog’lik, kimdadir esa bangilik muammosi bor. Qandaydir jarohatni boshdan o’tkazayotgan bo’lishi ham mumkin. Ular shu muammoni hal qilguncha to’liq, 90 kun bo’ladimi yoki 120 kunmi, shu yerda yashashadi”, - deydi Vansliv.

Keyingi bosqich odamlarni doimiy uy-joy bilan ta’minlash. Bu esa oson emas. Chunki arzon uy-joy, moliyaviy va ruhiy madad ko’rsatish imkoniyatlari cheklangan.

“Hayotingizni qanday qayta qurasiz? Qanday qilib oyoqqa turasiz? Bu juda qiyin”, - deydi Estella.

Kichik bo’lsa-da, shunday uy-joy qurish yechimlardan biri.

“Bu yagona model emas. Lekin uysiz aholi uchun yaxshi variant”, - deydi shahar rasmiysi Pol Krekorian.

Ijtimoiy muammo ulkan, ammo yordamning kichigi bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG